Koʻchat ekish, uni parvarishlash, atrof-muhitni tozalash, umuman, tabiatdan oqilona foydalanish hamda unga ijobiy munosabatda boʻlish oʻzbek xalqiga xos ezgu anʼana hisoblanadi. Ushbu anʼanalarning ildizi bevosita zardushtiylik taʼlimotining borliq haqidagi falsafiy-diniy gʻoyalariga borib taqaladi. Xalqning milliy xususiyatlariga singib ketgan “Avesto” kitobidagi gʻoyalarda tabiatga muqaddas bir borliq sifatida qaralib, ilohiylik nuqtayi nazardan munosabatda boʻlinadi.

Chunonchi, tabiatning asosini tashkil etgan toʻrt unsur – suv, olov, tuproq va havo ifloslantirilmagan, bebaho borliq neʼmati sifatida qadrlangan. Ushbu falsafiy yondashuv keyinchalik islom dinining asosini tashkil etib, hamisha bunyodkorlikka chorlab kelgan. Zero, muqaddas manbalardagi suvga axlat tashlamaslik, havoni bulgʻamaslik, tuproqni ifloslantirmaslik kabi ezgu gʻoyalar necha asrlar oʻtsa hamki, oʻz maʼnaviy qiymatini yoʻqotgan emas.

Bu xususda joriy yilning 2-fevralida Prezidentimiz raisligida chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish boʻyicha 2022-yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtgan edi. Unda Prezidentimiz “Hammangiz yaxshi bilasiz, xalqimiz azaldan tabiatni muqaddas deb bilgan. Tuproqni, suvni, havoni, ostonasini pok saqlashga intilgan...” deb taʼkidlagan edilar. Davlat rahbari tomonidan tabiatni asrash borasida ilgari surilgan ulkan ezgu gʻoya zamirida yashil makon boʻlgan tabiatni sof holda saqlash, asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yaratuvchanlik asnosida goʻzal holda yetkazishga qaratilgan chorlov yotadi.

Darhaqiqat, koʻchat ekish, bogʻ yaratish insonni yuksaltiradi, uning manfaatli natijasi esa, egasiga cheksiz yaxshiliklar keltiradi. Shu jihatdan, milliy jihatlarimizning goʻzal amaliy ifodasi sifatida bogʻ yaratish, umuman yaratuvchanlik bilan yashash qon-qonimizga singib ketgan azaliy qadriyat boʻlganini yaqin yillar davomida koʻrishimiz mumkin. Xalq orasida dasturulamalga aylangan “Ertaga qiyomat boʻladi, deyishsa ham koʻchat oʻtkazing”, degan hadis asosida ota-bobolarimiz yashab, ana shunday tuygʻu bilan amaliy faoliyat olib borganlar.

Shu oʻrinda hayotiy bir misolni keltirib oʻtmoqchiman. Mahallamizda Hamro bobo (Alloh rahmat qilsin) degan bir mehnatsevar inson boʻlar edi. Biz yoshlar boboning zahmatli mehnatini koʻrib ulgʻayganmiz. Ular hamisha mehnat qilib, ona yer taftidan nafas olib, umri dalada oʻtgan bagʻrikeng, mehnatsevar inson edi. Ammo hech qachon oʻsha insonni norozi qiyofada koʻrmaganmiz, hamisha oʻz ishiga sidqidildan yondashardi. Toʻgʻrirogʻi, qilayotgan ishi Hamro boboga zavq bagʻishlar edi. Hamro boboni atrofdagilarga bir olam yaxshilik, bunyodkorlik ulasha oladigan inson, deb bilardi va hamisha hurmat qilardi. Biz yoshlar ham oʻsha insonni koʻrsak, qalbimizda mehr uygʻonardi.

Yoshligimda koʻchat ekish va uning savobidan umidvorlik bilan bogʻliq bir hikoyani eshitganman. Unda keksa bir otaxonning zavq bilan bogʻ yaratayotganligi va yoʻldan oʻtayotgan podshohning bogʻbon harakatidan hayratlanib, yaratgan bogʻi qachon hosil berishi-yu, qari holida uning hosilidan bahramand boʻlolmasligini aytishi keltirilgan. Oʻsha rivoyatda keksa otaxon “men bahramand boʻlolmasam-da, ammo inson va yer yuzida qimirlagan har bir jon borki, shu bogʻ hosilini totsa, bogʻbon haqqiga duo boʻlib boradi”, deb aytgan ibratli soʻzlari Hamro boboni yodimga solgandi. Oʻshanda hikoya qahramoni goʻyo Hamro bobo qiyofasida gavdalangan edi. Mehnatsevar Hamro bobo turli mevali daraxtlarga ega boʻlgan katta bir bogʻ, atirgulning turli navlari ekilgan gulzor qoldirdi. Bugun shu bogʻ qanchadan qancha insonlarga manfaat keltiryapti, qimirlagan jon borki, uning hosilidan bahramand boʻlyapti. Hamro bobodek mehnatsevar insonlar bugun oramizda bor. Ular hayotidan bugungi avlod ibrat olgan holda faoliyat yuritishi lozim.

Tabiat muhofazasi, atrof-muhit tozaligiga eʼtiborning goʻzal namunasi sifatida hashar ishlarining kamayib borayotganini tilga olish mumkin. Bejiz, ota-bobolarimiz hashar marosimi bilan bogʻliq ezgu anʼanani mavsumiy tarzda oʻtkazib kelishmagan. Bu orqali insonlarning atrof-muhitga, tabiatga nisbatan ijobiy munosabatini yanada mustahkamlash barobarida insonlar oʻrtasida hamjihatlik, birdamlik, oʻzaro hurmat, mehr-oqibatlilik kabi yuksak fazilatlari ham shakllangan. Bu kabi tabiat bilan bogʻliq goʻzal anʼanalarimizdan boʻlgan goʻdak tugʻilgach, unga atab nihol ekish yoki yangi kelin-kuyov qoʻsha qarib, bir joyda koʻkarib, serfarzand boʻlishi uchun daraxt oʻtkazish kabi odatlar yaxshilikka targʻib etish maqsadida bajarib kelingan. Ammo, afsuski, bugun biroz tabiatdan uzoqlashgandekmiz, nazarimda. Chunki texnika rivojlangan asrda tabiatdan chekinyapmiz. Xalq orasida azal-azaldan bajarib kelingan tabiat muhofazasi bilan bogʻliq milliy anʼanalarimiz yoʻqolib bormoqda.

Bu borada, davlatimiz rahbari “Afsuski, mana shu ezgu odatlar bugun deyarli yoʻqolib ketdi. Odamlarimiz hatto eshigi va hovlisi atrofini tozalashdan, daraxt, gul, koʻchat ekib, saranjom-sarishta qilib qoʻyishdan erinadigan boʻlib qoldi...”, deb afsus bilan taʼkidlab oʻtdilar.

Darhaqiqat, bugun keng koʻlamli islohotlar olib borilayotgan ekan, bor kuch-gʻayratimizni “yashil makon” boʻlgan tabiatni yanada yashnatishga, imkon qadar yaratuvchanlikka sarf qilishimiz lozim. Albatta, tabiatni asrash, muhofaza qilishga har birimiz masʼulmiz. Tabiatdagi har bir narsa, yaʼni nabodot va hayvonot olami faqat inson uchun xizmat qiladi. Shunday ekan, munosabat ham ijobiy boʻlishi shart. Davlat rahbari ilgari surgan ezgu va xayrli gʻoya atrofida birlashib, hamjihatlikda harakat qilishimiz lozim. Zero, tabiat va undagi tabiiy resurslar inson uchun berilgan omonatdir. Bu omonatni asrash va himoyalash har bir insonning burchidir.

Lola AZIMOVA,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti