Xabarda qayd etilishicha, Davlat xizmatlari markazi xodimlari va boshqa shaxslarga nisbatan haydovchilik guvohnomalarini soxtalashtirish holati boʻyicha qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tergov davomida Toshkent shahri, Surxondaryo, Samarqand, Sirdaryo, Namangan, Navoiy, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida jami 1 200 nafardan ortiq fuqaroga soxta guvohnomalar rasmiylashtirib berilgani aniqlandi.
Oʻtkazilgan tahlillarga koʻra, ushbu soxta hujjat egalari tomonidan jami 1 305-marta yoʻl harakati qoidalari buzilgan.
Eng achinarlisi, soxta guvohnoma bilan avtomobil boshqargan shaxslar ishtirokida 9 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilib, ularda 6 kishi jarohatlangan va 3 nafar fuqaro hayotdan koʻz yumgan.
Hozirda jinoyat ishining koʻlami va murakkabligi sababli Bosh prokuraturada maxsus tergov-tezkor guruhi tuzilib, soxta hujjatlarning asoslari toʻliq tekshirilmoqda.
Fuqarolar haydovchilik guvohnomasini faqat qonuniy tartibda olishga chaqirildi soxta hujjatlardan foydalanish qonun bilan taqiqlangani va belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻlishini eslatib oʻtildi.