So'z forum ishtirokchilariga

    Poytaxtimizda Prezident ta'lim muassasalari agentligi tomonidan xalqaro hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan “Yangi O'zbekiston ta'limi: islohotlar yo'lida muvaffaqiyatli hamkorlik” xalqaro forumi nihoyasiga etdi.

    Global ta'limni rivojlantirish, o'qitish tizimini yangi bosqichga olib chiqish, o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yish, qo'shma dasturlar asosida talabalarni o'qitish hamda amaliyot o'tashlariga imkoniyat yaratish, o'qituvchilar malakasini oshirish, o'quv va ilmiy adabiyotlar almashish, yangi hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish maqsadida tashkil etilgan forumda ta'lim sohasidagi xalqaro va mahalliy ekspertlar, davlat arbobolari, ko'plab xalqaro miqyosdagi obro'li mutaxassislar ishtirok etgani mazkur anjumanning yuqori nufuzini belgiladi. Anjuman ishtirokchilari o'z taassurotlarini shunday bayon etdi:

    Sodiq Safoev, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o'rinbosari:

    — Jamiyatni izchil rivojlantirish uchun, ayniqsa, bugungi kunda ta'lim qanchalik katta ahamiyat kasb etayotganiga hammamiz guvoh bo'lib turibmiz. Avvalgi renessanslar saboqlarini tahlil qiladigan bo'lsak, ular kelib chiqishining birinchi sababi fan, adabiyot, madaniyat, san'atga qaratilgan katta e'tibor ekanini ko'ramiz.

    Va buning zamirida albatta, fanga, ta'limga intilish yotgan. Bugungi eng katta vazifamiz ham ta'lim tizimini zamonaviy tamoyillar asosida isloh qilishdan iborat. Mazkur anjuman ham O'zbekistondagi ta'lim tizimini rivojlantirish, bu boradagi xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi. Zero, ta'lim yurtimizdagi islohotlar markazida turadi. Forum esa bu yo'lda qo'yilgan muvaffaqiyatli qadamlardan biridir.

    Hilola Umarova, Prezident ta'lim muassasalari agentligi rahbari:

    Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan yangi taraqqiyot strategiyasida o'qituvchilarga yaxshi sharoit yaratish, yangi maktablar barpo etish, mavjudlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, milliy ta'lim dasturini ishlab chiqish kabi qator vazifalar belgilab berildi. O'tgan davr mobaynida sohada katta islohotlar amalga oshirildi. Forumni tashkil etishdan maqsad ham zamonaviy, sifatli ta'limni rivojlantirish bo'yicha nufuzli xorijiy ta'lim muassasalarining tajribasini o'rganish, xorijiy davlatlar vakillarini O'zbekistondagi ta'lim islohotlari bilan tanishtirishdan iborat.

    XXI asr yoshlarini tarbiyalashda milliy qadriyatlarga suyanish va zamonaviy ilm-fan hamda texnologiyalarni integratsiya qilish alohida ahamiyatga ega.

    Ta'lim sohasini takomillashtirish, jahon tajribasining etakchi jihatlarini bizning amaliyotga tatbiq qilishni davrning o'zi taqozo etmoqda. Xalqaro forum doirasida aynan mana shu yo'nalishlarda qilingan ishlarning tahlili bilan birga, kelgusida qilinishi zarur bo'lgan rejalar borasida fikr almashdik. Umid qilamanki, raqobatbardosh mutaxassis etishtirish, yuksak malakali kadrlar tayyorlash, qolaversa, barchamiz uchun foydali bo'lgan “hayot davomida o'qish tamoyili bilan yashashga o'rganish borasida zarur ma'lumot va bilimlar yangi muvaffaqiyatlarga yo'l ochadi.

    Xorijiy hamkorlar bilan talabalar almashinuv dasturlari, ingliz tili o'qituvchilari uchun kasbiy rivojlantirish kurslarini tashkil etish, “Yangi O'zbekiston” universitetini dunyoning eng yaxshi universitetlari qatoriga kiritish strategiyasini ishlab chiqishda hamkorlik qilish borasida imzolangan memorandumlar o'z samarasini beradi.

    Tadbir ishtirokchilari “Yangi O'zbekiston” universiteti, uning faoliyat yo'nalishlari, maqsad va vazifalari, yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Bu o'z o'rnida xorijiy va mahalliy olimlarni, malakali o'qituvchi va xodimlarni, shuningdek, xorijiy talabalarni universitetga jalb qilish barobarida yurtimiz ta'lim tizimida erishilgan yutuqlarni targ'ib qilish imkonini berdi.

    Stiv King, “Cambridge Assessment” xalqaro ta'lim tashkiloti bosh maslahatchisi:

    — O'zbekiston keyingi yillarda jadal rivojlanayotgan mamlakat hisoblanadi. Ayniqsa, ta'limning har bir tarmog'ida kuzatilayotgan o'sishni alohida e'tirof etmoqchi edim. Xususan, Prezident maktablari iste'dodli va tashabbuskor o'quvchilarga katta imkoniyatlar eshigini ochib beryapti. Barcha viloyatlarda Prezident maktablari ochilishi bu boradagi yana bir muhim qadam bo'ldi.

    Xalqaro forum ta'lim sohasida faoliyat yuritayotgan olim va mutaxassislarning fikr almashishi uchun katta maydon vazifasini o'tadi. O'z fikr-g'oyalarim, tajribalarimni bo'lishish imkoniyati yaratilganidan mamnunman. Xalqaro ta'limdagi ilg'or g'oyalarning O'zbekistonda muvaffaqiyatli amalga oshirilishi va erishilgan yutuqlar Kembrij universiteti uchun ham manfaatli sanaladi. Biz kelajakda ushbu do'stona munosabatlarimiz rivojlanishi va ta'lim sohasida natija berishiga ishonch bildiramiz.

    Vijay Kumar, Massachusets texnologiyalar instituti J-Well direktori:

    O'zbekistonda ta'lim sohasida olib borilayotgan islohotlarni ko'rib, ochig'i lol qoldim. Forumdan maqsad O'zbekistondagi ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga hissa qo'shish va xalqaro hamkorlar bilan hamjihatlikda ish olib borish, ta'lim tizimida yanada yuksak darajalarga erishishdir. Yurtingizda Prezident maktablari, “Yangi O'zbekiston” universiteti kabi zamon talablariga mos ta'lim dargohlari faoliyat yuritayotgani quvonarli. Bu islohotlar zamirida kelajak kasblarini egallagan, dunyo talabiga mos mutaxassislarni etishtirib berishdek katta maqsad mujassam. O'tkazilayotgan xalqaro forum esa, yangi hamkorlik aloqalari o'rnatilishi va birgalikda katta ishlarni olib borish, ta'lim maskanlarining yanada salmoqli natijalarga erishishiga zamin yaratadi. Forum O'zbekistonda haqiqiy etakchilarni tarbiyalash, ularni dunyo liderlariga aylantirishda katta ahamiyat kasb etadi.

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    Risolat MADIEVA tayyorladi.