Shu kunlarda yurtimizda bir qator mamlakat sportchilari ishtirokida qo‘shma o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘ini bo‘lib o‘tmoqda. Turizm va sport vazirligi xabariga ko‘ra, kuni kecha O‘zbekiston taekvondo WT assosiasiyasi ramazon oyi munosabati bilan iftorlik dasturxoni yozdi. O‘zbekona tarzda bezatilgan oshxona mehmonlarni lol qoldirgani bor gap. Ular birgina nonlarimizning xilma-xil turlarini ko‘rib shunchaki hayron qolishdi.
Iftorlikda sportchilar o‘zaro suhbatlashdi, milliy qadriyat va urf-odatlarimiz bilan qiziqishdi. O‘zbekistonlik taekvondochilar esa mehmonlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berishdi. Qolaversa, tadbir davomida xorijlik mehmonlarga sovg‘a-salomlar ulashildi.
Xulosa o‘rnida aytish joiz, bu kabi tadbirlar millatlararo do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.