Sportni salomatlikka ziyon yetkazuvchi vositaga aylantirmaslik kerak

    Salomatlik 16 Oktabr 2022 1136

    Soʻnggi paytlarda yurtimiz shifoxonalariga infarkt, insult, tomirlarda tromblar hosil boʻlishi kabi xavfli xastaliklar bilan murojaat qilayotgan yoki ogʻir ahvolda olib kelinayotgan fuqarolar orasida yosh, jismonan baquvvat, togʻni ursa talqon qiladigan qaddi-qomatga ega bemorlar ham uchrayotgani juda achinarlidir.

    Xoʻsh, bu qanday omillar bilan bogʻliq?

    Oʻrganishlar davomida aniqlanishicha, ushbu bemorlar tana mushaklari massasi va quvvatini oshirish maqsadida bodibilding, kulturizm, fitnes kabi sport turlari bilan shugʻullanish davomida kukun, tabletka va inyeksiya shaklidagi turli biologik faol, xususan, proteinli qoʻshimchalardan muntazam foydalanib kelgan.

    Hatto ular orasida haftasiga bir-ikki marotaba turli koʻrinishdagi preparatlarni tizimli ravishda qoʻllaganlar ham uchrab turadi.

    Oqibatda qondagi gemoglobin, eritrotsit, trombotsitlar miqdori oʻzgarib, qon quyuqlashishi yuzaga kelgan. Soʻngra tomirlarda tromblar hosil boʻlishi hisobiga yuqoridagi singari xavfli asoratlar paydo boʻlgan.

    Tahlillarga koʻra, foydalanilayotgan bu singari steroid preparatlar va anabolik komplekslarning aksariyati tegishli davlat roʻyxatidan oʻtmagan va tibbiyot xodimlari nazoratisiz qabul qilingan...

    Behzod Musayev, Sogʻliqni saqlash vaziri:

    — Yoshlarimiz sport bilan shugʻullanayongani, albatta, quvonarli holat. Ammo uni sogʻlik uchun ziyon yetkazadigan mashgʻulotga aylantirib qoʻymasligimiz kerak.

    Afsuski, bugun ayrim yoshlarimiz bilak va mushaklarim yanayam baquvvat, qomatim kelishgan boʻlsin, deb, mutaxassislar bilan maslahatlashmay, palapartish, nazoratsiz turli zararli vositalar, oqsil va gormonlarni qabul qilayotgani juda achinarli. Bu sogʻlom turmush tarziga mutlaqo toʻgʻri kelmaydi. Shunday ekan, yoshlar, ota-onalar va jamiyat faollari, sogʻlom turmush targʻibotchilari, tibbiyot xodimlarini bu borada yanada xushyor va eʼtiborli boʻlishga chaqiramiz.

    Baquvvat bilak va mushaklar, chiroyli qomat uchun sogʻlom va oʻktam yigitlarimizning oʻz hayotini xavf ostida qoldirishiga hech birimiz befarq boʻlmasligimiz shart.

    Oʻz navbatida, sogʻliqni saqlash tizimi vakillari, ayniqsa, tibbiyotning birlamchi boʻgʻini xodimlari, oilaviy shifokor va hamshiralarning targʻibot va profilaktika dasturlaridan ana shu masalalar yanada qatʼiy oʻrin olishi choralarini koʻramiz.

    Qolaversa, tegishli davlat roʻyxatidan oʻtmay realizatsiya qilinayotgan yuqoridagi singari preparatlar savdosi tegishli davlat organlari tomonidan qatʼiy nazorat ostiga olinishi va davolash standartida koʻzda tutilmagan dori-darmonlarning ishlatilishiga chek qoʻyish zarur, deb hisoblayman.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi
    Matbuot xizmati.