Davlatimiz rahbarining joriy yil 1-apreldagi qarori bilan qariyb bir asrlik tarixga ega Samarqand davlat tibbiyot instituti Samarqand davlat tibbiyot universiteti etib qayta tashkil etildi.
Qarorda muassasada yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, uning institutsional, oʻquv-pedagogik salohiyatini kuchaytirish, oʻquv jarayonini xalqaro standartlarga mos ravishda tashkil etish, hudud aholisi salomatligini muhofaza qilish va tibbiy yordam koʻrsatish sifatini oshirish bilan bogʻliq vazifalar qatorida reabilitologiya va sport tibbiyoti sohasidagi dolzarb muammolar boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni tizimli olib borish belgilangan.
Shu maqsadda Samarqand tumani Oʻrtashiq qishlogʻida joylashgan Samarqand viloyati salomatlikni tiklash shifoxonasi negizida universitet huzuridagi Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish qayd etilgandi.
— Ushbu institutning tashkil etilgani bugun mamlakatimizda tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlar natijasi, qolaversa, jamiyat hayotida reabilitologiya va sport tibbiyotining dolzarb masalalari vujudga kelayotgani bilan bogʻliq, — deydi Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, tibbiyot fanlari doktori Jasur Rizayev. — Muassasa oʻz yoʻnalishi boʻyicha davolash-profilaktika va ilmiy-uslubiy faoliyat olib boruvchi hamda aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatuvchi tashkilot boʻladi.
Zamonaviy talablar va standartlar asosida diagnostika hamda davolashning yangi samarali uslublarini ishlab chiqadi va sogʻliqni saqlash amaliyotiga tatbiq etadi. Aholiga tibbiy yordam koʻrsatish va bemorlarni davolash shakllari hamda metodlarini takomillashtiradi. Xizmat koʻrsatish madaniyati va sifatini oshiradi.
Jumladan, ichki aʼzolar, yurak-qon tomir, asab va tayanch-harakat tizimida kasallik va turli jarohat asoratlari mavjud, nogironligi boʻlgan shaxslarda reabilitatsiya qilishning individual dasturlariga muvofiq tibbiy, ijtimoiy-kasbiy, ijtimoiy, psixologik va kasbiy reabilitatsiya choralari qoʻllanadi. Bunda xorij tajribasi, zamonaviy texnologiyalar hamda ish uslublaridan foydalaniladi.
Bu borada universitetimizning xorijiy davlatlardagi hamkorlari boʻlgan oliy taʼlim muassasalari va tibbiy markazlari bilan birgalikda ish olib boriladi. Shu paytgacha mamlakatimizdagi tibbiyot muassasalari, reabilitatsiya markazlarida, asosan, nogironlik va nogironlikka olib keluvchi xastaliklarni davolash, uning asoratlarini kamaytirishga koʻproq eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Yangi ilmiy-tadqiqot institutida nogironlikni keltirib chiqaruvchi sabab va omillarni ilmiy asosda oʻrganish, erta aniqlash choralari koʻriladi. Bu orqali yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nogironlik holatlarining oldini olish, aholining salomatlik koʻrsatkichlarini oshirish mumkin.
Sport tibbiyoti sohasida ham poytaxtimizdagi shu tizimga tegishli baʼzi muassasalarda muayyan tadqiqotlar, amaliy ishlar olib borilayotgan boʻlsa-da, ayni chogʻda mamlakatimizda sportning ommaviyligini oshirish va keng rivojlantirishga qaratilgan eʼtibor bilan qiyoslaganda, bu ishlarimiz yetarli emas.
Shu jihatdan yangi institut sport turlaridan kelib chiqqan holda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan patologiyani davolash va oldini olishning ilgʻor uslublarini, sportchilarning tibbiy nazoratini hisobga olgan holda ularning funksional ahvolini diagnostika va korreksiya qilish standartlarini ishlab chiqish va joriy etish, sportchilarga tibbiy xizmat koʻrsatishda muhim oʻrin tutadi.
Bu yoʻnalishda institut tomonidan har bir sport turi boʻyicha sportchilarni tayyorlashning yakka tartibdagi dasturlari ishlab chiqiladi. Sportchilarning fiziologik holatidan kelib chiqib, ovqatlanish ratsionidan boshlab qaysi davrda qanday dori vositalarini yoki tibbiy muolajalarni qabul qilishigacha tahlil etiladi va jarayonga ilmiy yondashiladi.
Sportda orttiriladigan jarohatlar, patologiyalar va turli sindromlarning oldini olish, diagnostika qilish hamda davolash choralari koʻriladi. Bugun dunyo miqyosida sportchilarning turli dori vositalarini qabul qilishi muammoli masalalardan boʻlib turibdi. Ayrim sportchilar bunday vositalarni ataylab qabul qilsa, baʼzilari bilib-bilmay isteʼmol qilishi mumkin.
Yana ayrim oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida doping kelib chiqishiga asos boʻluvchi moddalar uchraydi. Aynan shu kabi holatlarning oldini olishda ham yangi tashkil etilayotgan institut mamlakatimiz sportchilari va murabbiylariga yordam beradi. Umuman, Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini yoʻlga qoʻyishda shu va boshqa omillar hisobga olingan holda uzoq va yaqin istiqbolga moʻljallangan dastur, chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Bu borada xorij tajribasi oʻrganildi. Oʻtgan asrning yetmishinchi yillarida shahardan chetda, aniqrogʻi, Samarqand tumanidagi Oʻrtashiq qishlogʻida tashkil etilgan va keyingi yillarda viloyat salomatlikni tiklash shifoxonasi sifatida faoliyat olib borgan 50 oʻrinli muassasada ayni paytda statsionar boʻlim, fizioterapiya, nevrologiya va boshqa boʻlimlar mavjud. Nevropatolog, terapevt, travmatolog-ortoped singari ellikdan ortiq malakali shifokor va oʻrta tibbiyot xodimlari mehnat qilmoqda.
— Keyingi yillarda muassasamiz salohiyatini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash orqali aholiga zamon talablariga mos tibbiy xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi, — deydi Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy-tadqiqot instituti direktori vazifasini bajaruvchi Farhod Botirov. — Bunda Samarqand davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlik ijobiy natija berdi.
Shifoxonada 2020-yili universitetning Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy-tadqiqot instituti faoliyat olib borgani terapevtik, nevrologik, travmatologik-ortopedik xastaliklarga aniq tashxis qoʻyish va davolash samaradorligini oshirdi. Shuningdek, ilmiy salohiyatimiz yuksaldi. Shifoxona negizida Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy-tadqiqot institutining tashkil etilgani esa faoliyatimizni tubdan takomillashtirish va yangicha asosda ish olib borishga katta turtki boʻldi.
Davlatimiz rahbarining qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, universitet rahbariyati tomonidan qabul qilingan chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, institut bazasida Samarqand davlat universitetining tibbiy reabilitatsiya va sport tibbiyoti hamda xalq tabobati kafedrasi faoliyat yuritmoqda, shuningdek, travmatologiya va ortopediya kafedralari tashkil etilmoqda. Yangi ochilayotgan klinik psixologiya hamda bioinjeneriya va tibbiy texnologiyalar taʼlim yoʻnalishlari faoliyati institut bilan integratsiya qilinadi.
Kelgusi uch yilda institutning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, bino va inshootlari kapital taʼmirlanadi. Kichik ortopedik operatsiyalarni oʻtkazishga moʻljallangan operatsion blok va zamonaviy laboratoriya tashkil etiladi. Bir soʻz bilan aytganda, bugun yangi institut faoliyatini yangicha asosda yoʻlga qoʻyish uchun amaliy ishlar boshlangan. Bu yaqin orada oʻz ijobiy natijasini berishi shubhasiz.