Piyoda yurish yurak-qon tomir kasalliklari xavfini 31 foizga kamaytiradi

    Salomatlik 26 Noyabr 2022 3340

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, kuniga olti kilometr yoki oʻn ming qadam piyoda yurish osteoporoz, qandli diabet, gipertoniya kabi xavfli kasalliklarning oldini olishga katta yordam beradi.

    — Sport – organizm uchun koni foyda, — deydi oliy toifali shifokor Sevara Xusanova. — U tanani chiniqtirib, irodani toblaydi. Biroq vaqt yetishmasligi bois hamma ham u bilan faol shugʻullana olmaydi. Bunday insonlar uchun esa piyoda yurish eng foydali mashgʻulotdir.

    Albatta, u bilan shugʻullanish individual boʻlib, inson oʻzining jismoniy holatiga qarashi lozim. Kimdir uchun 1000 qadam yurish katta jasorat boʻlsa, yana kimdir 15 yoki 20 ming metr masofani charchoqsiz bosib oʻtadi. Shu bois odam qancha piyoda yurgisi kelsa, shuncha yurishi va masofani har kuni oʻrtacha 100 qadamdan oshirib borishi zarur.

    Biroq yosh toifalari uchun bu koʻrsatkich turlicha. Misol uchun, 5 yoshdan 10 yoshgacha boʻlgan bolalar 11 mingdan 15 ming qadamgacha, oʻsmirlar 12 mingdan 20 ming qadamgacha, kattalar 5 mingdan 10 ming qadamgacha, keksalar esa 3 mingdan 5 ming qadamgacha boʻlgan masofani oson va qiyinchiliksiz bosib oʻtishlari mumkin.

    Mashgʻulot payti, ayniqsa, uning boshlangʻich bosqichlarida nafas olish va pulsni nazorat qilish maqsadga muvofiq. Yurish vaqtida puls soni daqiqasiga 100 tadan kam boʻlsa, tezlikni oshirish kerak, agar 120 dan ortiqni koʻrsatsa, sekinlashish darkor. Yuqorida aytilganidek, mashgʻulot vaqtida puls soni 100 dan kam boʻlsa, bunday yurishdan hech qanday foyda yoʻq. Buning sababi puls soni 100 dan kam boʻlganida moddalar almashinuvi jarayoni xuddi tinch holatdagidek kechadi.

    Piyoda yurish bilan istalgan ob-havo sharoitida va kunning xohlagan vaqtida shugʻullanish mumkin. Uni ovqatdan 1,5-2 soat avval yoki keyin bir xil vaqtda boshlash kerak. Ortiqcha vaznli insonlar esa och qoringa piyoda yurishi tavsiya etiladi.

    Muntazam ravishda piyoda yurish yurak-qon tomir kasalliklari xavfini 31 foizga kamaytiradi. Qolaversa, mutxassislar kuzatuvlariga koʻra, u bilan doimiy shugʻullangan odamlarda oʻlim holati ehtimoli oʻzlarini ortiqcha urintirmagan kishilarga nisbatan 32 foizga kam boʻlishi aniqlangan.

    Shuningdek, toʻgʻri piyoda yurish umurtqa pogʻonalari toʻqimalarini kislorod bilan toʻyintirishga, intervertebral disklarni mustahkamlashga katta yordam beradi. Shu bilan birga, zaiflashgan asab tolalari ishini ragʻbatlantiradi, yurak xuruji va insult kabi ogʻir kasalliklar xavfi ikki baravar kamayadi.

    Bundan tashqari:

    ✅aqliy zaiflik;
    ✅depressiya;
    ✅yoʻgʻon ichak saratoni;
    ✅semizlik;
    ✅qandli diabet;
    ✅boʻgʻim kasalliklari;
    ✅ovqat hazm qilish muammolari;
    ✅yurak tezligini yaxshilash, qon tomirlar mustahkamligi uchun ham piyoda yurish tavsiya etiladi.