Subsidiya masalasida nega fuqaro arizasi kechiktirilyapti?

    Ijtimoiy hayot 21 Fevral 2022 3304

    Yodingizda boʻlsa, davlatimiz rahbari raisligida oʻtgan yil 2-dekabrda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish va aholini uy-joy bilan taʼminlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgan edi. Yigʻilishga koʻra, “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini barpo etish dasturi loyihasi doirasida 2022-yilda ipoteka dasturi asosida mamlakatimizda umumiy 50 mingta xonadon qurilishi, shundan 22 mingdan ortiq xonadon subsidiya boʻyicha berilishi rejalashtirilgan.

    Biz koʻtarmoqchi boʻlgan mavzu esa subsidiya talabidagi fuqarolarimizning hujjatlarini vakolatli idoralardan iborat komissiya qanday tartibda koʻrib chiqayotganligi, paysalga solish, belgilangan muddat buzilishi, undagi qonun buzilish holatlarini tahlil qilishdan iborat.

    Bir boshdan boshlaymiz. Subsidiya imkoniyatidan foydalanmoqchi boʻlgan fuqaro, avvalo, davlat xizmatlari markaziga kelib talab qilingan hujjatlarni topshiradi va bu hujjatlar vakolatli organlardan iborat komissiya aʼzolari tomonidan ball berish asosida koʻrib chiqiladi. Belgilangan ballni toʻplay olgan fuqaro subsidiyaga ega boʻladi va bu imkoniyatdan foydalanadi. Agar fuqaro arizasi belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilmasachi!? Tahlillarga oʻtamiz:

    Joriy yil 18-fevral holatiga Fargʻona viloyati boʻyicha subsidiya masalasida davlat xizmatlari markazlariga jami 4 ming 795 ti ariza kelib tushgan boʻlib, shundan shundan 1 ming 848 tasi koʻrib chiqish jarayonida, 2 ming 26 tasi rad etilgan, 812 tasi ijobiy deb topilgan.

    Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-martdagi 182-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom talablariga rioya etish ahvoli Davlat xizmatlari agentligi Fargʻona viloyat boshqarmasi tomonidan elektron axborot tizimi orqali monitoring qilinganda, vakolatli idoralar tomonidan tizimli ravishda qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilayotganligi aniqlangan.

    Xususan, Nizomning 15-bandida masʼul tashkilotlar oʻn ish kunida ariza beruvchining ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini, taqdim etilgan hujjatlar asosida, tashkilotlarda mavjud maʼlumotlar bazasi bilan solishtirgan holda oʻrganib chiqishi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida onlayn elektron shaklda maʼlumotlarni tasdiqlashi belgilangan boʻlsada, mazkur talabga rioya etilmagan.

    Xususan, 2022-yilning oʻtgan davri mobaynida kelib tushgan jami 4 ming 795 ti arizadan 1ming 641 tasi, yaʼni 34 foizini koʻrib chiqishda muddat buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilgan. Mazkur qonun buzilishi holatlari idoralar kesimida koʻrib chiqilganda, tibbiyot birlashmalari 831 ti, tijorat banklar 749 ti, soliq idoralari 745 ti, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi 538 ti, hokimliklar 557 ti, yoshlar ishlari agentligi 435 ti, ichki ishlar boʻlimi 433 ti, kadastr idoralari 362 ti, aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari 368 ti va 225 ti moliya boʻlimlari hisobiga toʻgʻri keldi.

    Mazkur muddat buzilishi holatlari Fargʻona viloyatining hududlari kesimida tahlil qilinganda, eng koʻp muddat Fargʻona shaharda 381 ti, Qoʻqon shaharda 190 ti, Rishton tumanida 177 ti, Quva tumanida 107 ti ekanligi ayon boʻldi.

    Eng achinarlisi shundaki, vakolatli idoralar faoliyatida murojaatlarni koʻrib chiqishda tizimli ravishda uzoq muddat qonun buzilishi holatlari kuzatilyapti.

    Masalan, fuqaro D.Mamatovaning 2021-yil 28-dekabrdagi

    43809673-sonli murojaati boʻyicha Beshariq tumani mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi tomonidan xulosa belgilangan muddatdan

    24 kunga kechiktirilib, 2022-yil 7-fevralda berilgan. Fuqaro K.Rustamovaning 2022-yil 7-yanvardagi 44235588-sonli murojaati boʻyicha Fargʻona shahar soliq inspeksiyasi tomonidan xulosa belgilangan muddatdan 18 kunga kechiktirilib, 2022-yil 8-fevralda berilgan.

    Afsuski, bu kabi holatlarni qolgan vakolatli idoralar faoliyatida ham kuzatish mumkin.

    Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan vakolatli organlarga qonun hujjatlari buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisida 8 ti ogohnoma kiritildi, shuningdek, 11 nafar masʼul xodimlar maʼmuriy javobgarlikka tortildi. Jumladan, “Ipoteka bank” ATIB Fargʻona viloyat filiali, ATB “Qishloq qurilish bank” Quva filiali, ATB “Agrobank” Bagʻdod filiali boshqaruvchilariga, shuningdek, Qoʻshtepa tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi, Quva hamda Qoʻqon shahar tibbiyot birlashmasi rahbarlariga, Davlat kadastrlar palatasi Fargʻona shahar, Oʻzbekiston va Fargʻona tuman filiallari boshliqlariga nisbatan maʼmuriy jarima jazo choralari qoʻllanildi.

    2022-yil 15-yanvarda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallabay ishlashning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha joriy yildagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Unda muhim raqamlar ochiqlandi, yaʼni 2,5 trillion soʻm miqdoridagi subsidiya ishlash xohishi bor, lekin sharoiti ogʻir vatandoshlarimizning oʻqish va oʻz ishini boshlashi uchun ajratilishi belgilangan.

    Shunga koʻra, ijtimoiy ogʻir ahvolga tushib qolgan fuqarolarga subsidiya ajratishni koʻrib chiquvchi masʼul idoralardan yanada tirishqoq boʻlib ishlashga va bu jarayonda qonun buzilishi holatlariga yoʻq qoʻymaslik talab etiladi.

    Ulugʻbek Mahmudov,

    DXA Fargʻona viloyat

    boshqarmasi boshligʻi.