Sud buyrug'i instituti iqtisodiy sud ishlarida samarali qo'llanilmoqda

    Bu haqda AOKAda o'tkazilgan brifingda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov ishtirokida bo'lib o'tgan brifingda ma'lum qilindi.

    Maʼlumki, sud buyrugʻi instituti sudlar amaliyotida qator afzalliklari bilan alohida ajralib turadi. Xususan, iqtisodiy sudlarda keng qoʻllanayotgan sud buyrugʻi berilgan arizani sudya tomonidan sud muhokamasisiz, kreditor va qarzdorni chaqirtirmasdan, ularning tushuntirishlarini eshitmasdan yakka tartibda qabul qilinadigan sud hujjatidir.

    U undiruvchining pul mablagʻini undirish toʻgʻrisidagi yoki koʻchar mol-mulkni nizosiz talablar boʻyicha qarzdordan talab qilib olish haqidagi arizasi boʻyicha sud muhokamasi tayinlanmasdan qabul qilinadi.

    Sud buyrugʻi berish asoslari Iqtisodiy protsessual kodeksining 17-bobida qayd etilgan. Sud buyrugʻi berishning asosiy xususiyati taraflar, yaʼni kreditor va qarzdorning yuzaga kelgan qarzdorlikni hujjatlar asosida tan olingani faktining mavjudligida oʻz aksini topgan. Sud buyrugʻi berishda qu­yi­dagi holatlarga eʼtibor qaratish zarur. Iqtisodiy protsessual kodeksning 135-moddasida qayd etilganidek, sud buyrugʻi:

    birinchidan, soliq qarzini undirishni yuridik shaxs­lar va fuqarolarning mol-mulkiga qaratish;

    ikkinchidan, kommunal xizmatlar va aloqa xizmatlari toʻlovi boʻyicha qarzdorlikni undirish;

    uchinchidan, hujjatlar asosida tan olingan debitorlik qarzini undirish;

    toʻrtinchidan, talab toʻlanmagan, akseptlanmagan va aksept­ga sana qoʻyilmagan veksel notarius tomonidan protest qi­linishiga asoslangan;

    beshinchidan, yozma bitim mavjud boʻlgan taqdirda undiruvni qarzdorning majbu­riyat­lari bajarilishining taʼminoti boʻlgan mol-mulkka qa­ratish toʻgʻrisida talab bildirilgan boʻlsa yakka tartibda beriladi.

    Albatta, kreditor sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizaning shakli va mazmuniga rioya qilishi lozim. Bunday ariza sudga yozma shakl­da, sudlovga tegishlilikning umumiy qoidalari boʻyicha berilishi hamda kreditorning shaxsan oʻzi yoki uning vakili tomonidan, vakolatlarini tasdiqlovchi ishonchnoma asosida imzolanishi zarur.

    Sud buyrugʻi qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddat oʻtgach, qonuniy kuchga kiradi. Sud buyrugʻi ijro hujjati kuchiga ega va u sud hujjatlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda ijro etilishi shart.

    Statistik maʼlumotlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, oʻtgan yilda iqtisodiy sudlar tomonidan 1 080 ta sud buyrugʻi chiqarilgan boʻlsa, joriy yilning 10 oyi mobaynida bu koʻrsatkich 1 003 tani tashkil etdi.

    Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash joizki, iqtisodiy sudlarda sud buyrugʻi instituti taraflar uchun qulaylik yaratadi. Shuning barobarida sudyaning ish yuklamasini kamaytirib, ortiqcha vaqt va ovoragarchiliklarning oldini oladi.