Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan Oʻzbekistonda 2017-2022-yillarda sugʻurta faoliyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan islohotlarning natijalari tahlil qilindi.
Sugʻurta – xoʻjalik yurituvchi subyektlar va aholini turli xavf-xatarlar va kutilmagan vaziyatlardan himoya qilishni taʼminlashning samarali vositalaridan biri.
Keyingi yillarda bu sohada amalga oshirilgan islohotlar tufayli quyidagi natijalarga erishildi:
– sohaning huquqiy asoslari mustahkamlandi, shu jumladan, “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi, raqobatbardosh sugʻurta bozorini rivojlantirish va oʻzgartirishga qaratilgan bir qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi;
– meʼyoriy-huquqiy asosning mustahkamlanishi natijasida sohani yanada rivojlantirish, shuningdek, isteʼmolchilarning huquqiy va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi;
– 2017-yilda Oʻzbekistonda 27 ta sugʻurta kompaniyasi faoliyat olib borgan boʻlsa, 2022-yilda ularning soni 51,8 foizga oshib, 41 taga yetdi, shuningdek, 30 dan ortiq tegishli xizmatlarni koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyat yuritayapti;
– 2022-yilda sugʻurta kompaniyalari ustav kapitali 2017-yildagiga nisbatan 5,8 baravar oʻsib, 1,88 trillion soʻmni tashkil qildi;
– sugʻurta polislari soni 1,4 baravar oʻsib, 8,4 milliontaga yetdi va shu bilan birga, shartnomalar asosan foydalanuvchi uchun qulay elektron shaklga oʻtkazildi;
– 2022-yilda mijozlar uchun sugʻurta toʻlovlarining umumiy miqdori 2,6 trillion soʻmni tashkil qildi va bu 2017-yildagiga nisbatan 9,6 baravar koʻp degani;
– hududlardagi tarkibiy tuzilmalar soni 2017-yildagiga nisbatan 1,5 baravar oshdi va deyarli 2 mingtaga yetdi;
– barcha hududlarda 15,4 ming nafar xodim va sugʻurta agenti uchun barqaror ish oʻrni yaratildi;
– Oʻzbekistondagi sugʻurta kompaniyalari turli yoʻnalishlarda 110 dan ortiq turdagi sugʻurta mahsulotlarini taklif etayapti.
Zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, sugʻurta bozorini raqamlashtirish, isteʼmolchilar ishonchini, shuningdek, sugʻurta madaniyatini oshirish, milliy sugʻurta bozorini xalqaro standartlarga izchil muvofiqlashtirish sohada samaradorlikning oshishiga olib keldi.
Shu bilan birga, hududlarda yangi ish oʻrinlari tashkil etilishi, bozorda raqobat darajasi va biznes yuritish ishonchliligining oshishi hisobiga nafaqat sugʻurta xizmatlari sohasi, balki turdosh tarmoqlar ham yanada rivojlanadi, turli sohalarga investitsiya kiritish imkoniyatlari kengaydi.