Sun'iy intellektdan foydalanish me'yorlari, muammolar va istiqbollar

    Keyingi avlod 25 Avgust 2024 809

    Sun'iy intellekt (SI) zamonaviy texnologiyalarning eng rivojlangan sohalaridan biri bo‘lib, uning ta'sir doirasi kundan-kunga kengayib bormoqda. Bu texnologiya turli sohalarda, jumladan, sanoat, tibbiyot, transport, ta'lim va moliya kabi ko‘plab yo‘nalishlarda inqilobiy o‘zgarishlarni keltirib chiqarmoqda.

    Ayniqsa, avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish tizimlarida SI texnologiyalarining joriy qilinishi natijasida mahsulot ishlab chiqarish samaradorligi va sifatini oshirishga erishilmoqda. SI algoritmlari yordamida ishlab chiqarish jarayonlari optimallashtirilmoqda, bu esa vaqt va xarajatlarni tejash imkonini bermoqda.

    Prognozlarga ko‘ra, 2030 yilga kelib, sanoatning umumiy iqtisodiy hajmi sun'iy intellekt texnologiyalari hisobiga 14 trillion AQSh dollariga yetishi mumkin. Bu texnologiya, ayniqsa, avtomobilsozlik, elektronika va kimyo sanoatida inqilobiy o‘zgarishlarga sabab bo’lishi mumkin.

    Sun'iy intellekt tibbiyot sohasida ham katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. SI yordamida tibbiy tashxis qo‘yish, bemorlarni monitoring qilish va dori-darmonlarni ishlab chiqish jarayonlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Ma'lumotlar tahlili va o‘rganish algoritmlari orqali SI tibbiyotda yanada samarali va tezkor tashxis qo‘yish imkonini bera boshladi.

    2025 yilga kelib, sun'iy intellekt yordamida qo‘yilgan tashxislar 90% aniqlik bilan amalga oshirilishi kutilmoqda, bu esa sog‘liqni saqlash sohasida katta yutuqlarni qo‘lga kiritilishini ta'minlaydi. Buning natijasida bemorlar hayotini saqlab qolish va davolash jarayonlari yanada samarali amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

    Transport va logistika sohalari ham sun'iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanishni boshlamoqda. Avtopilot transport vositalari, ya'ni o‘z-o‘zini boshqaradigan avtomobillar SIning eng yirik yutuqlaridan biri hisoblanadi. Bu texnologiya yo‘l harakati xavfsizligini oshirish, yoqilg‘i samaradorligini oshirish va transport tizimlarini yanada optimallashtirish imkonini beradi.

    SI yordamida 2030 yilga kelib avtomatik boshqariladigan transport vositalari dunyo bo‘ylab keng tarqalishi kutilmoqda, bu esa transport infratuzilmasini o‘zgartiradi va logistika tizimlarini yangilashga olib keladi. Ayniqsa, yuk tashish va yetkazib berish sohasida SI texnologiyalari vaqtni qisqartirish va xarajatlarni kamaytirishga katta yordam beradi.

    Sun'iy intellekt bozori jadal rivojlanib bormoqda va bu rivojlanish kelajakda yanada tezlashishi kutilmoqda. 2030 yilga kelib, SI bozorining umumiy hajmi 190 milliard AQSh dollariga yetishi prognoz qilinmoqda. Sun'iy intellekt texnologiyalari kelajakda yanada rivojlanib, yangi innovatsiyalar paydo bo‘lishiga olib keladi. Masalan, kvant hisoblash, insoniy ongni sun'iy intellekt bilan integratsiya qilish kabi yutuqlar amalga oshirilishi mumkin. Bu esa texnologiyalar sohasida yangi davrni boshlab beradi.

    Sun'iy intellektning rivojlanishi xalqaro miqyosda hamkorlikni kuchaytirishni talab qiladi. Xususan, SI texnologiyalaridan tinchlik, xavfsizlik va inson huquqlarini himoya qilish yo‘nalishlarida foydalanish muhimdir. Davlatlararo integratsiya SI texnologiyalarining noto‘g‘ri qo‘llanilishining oldini olishga yordam beradi.

    Dunyo bo‘ylab sun'iy intellekt bozorining hajmi 2021 yilda 327,5 milliard AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2028 yilga kelib 1,5 trillion AQSh dollariga yetishi prognoz qilinmoqda. Bu o‘sish yillik 28,7% ni tashkil etadi. Joriy yilga kelib, korxonalarining 37% SI texnologiyalaridan faol foydalanmoqda. Ayniqsa, bank va moliya, sog‘liqni saqlash, transport va chakana savdo sohalarida sun'iy intellekt keng qo‘llanilayotganiga guvoh bo’lmoqdamiz.

    SI texnologiyalarini amaliyotga joriy etilishi bilan 2025-yilga kelib dunyo bo‘ylab 85 million ish o‘rni yo’q bo’lishiga olib kelishi, ammo mutlaqo yangi yangi 97 million ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. YUNESKO ma'lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda xalqaro miqyosda SI bo‘yicha 25 ta yangi loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, ularning 80% ijtimoiy va madaniy yo‘nalishga ega bo‘lgan.

    Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, SIning imkoniyatlari beqiyos, ammo sun’iy intellektdan foydalanishning quyidagi muammoli tomonlari ham mavjud:

    1. SI tizimlari kiberhujumlarga nisbatan zaif bo‘lishi mumkin. Hakerlar shaxsiy identifikatsion tizimlarga kirib, ulardan noto‘g‘ri maqsadlarda foydalanishlari mumkin. Shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilishni ta'minlash uchun maxfiylik siyosatini kuchaytirish (kuchli kriptografik xavfsizlik choralarini joriy etish) va SI tizimlarini shaxsiy ma'lumotlarga nisbatan cheklovchi qoidalarga rioya qilish lozim.

    2. Sun'iy intellekt tizimlari o‘rnatilgan ma'lumotlarga asoslangan holda ishlaydi. Agar bu ma'lumotlar noto‘g‘ri yoki noxolis bo‘lsa, SI ham nohaqlikni davom ettirishi mumkin. Sun'iy intellektni o‘qitishda foydalaniladigan ma'lumotlar adolatli va diskrimnatsiyadan holi bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, ma'lumotlar yig‘ishda obyektivlikka e'tibor qaratish lozim.

    3.Sun'iy intellekt qarorlar qabul qilish yohud hukm chiqarishda insoniylikka zid qarorlar qabul qilishi mumkin. Bu esa inson huquqlariga mufoviq emas. SI takomillashuvi va qo‘llanilishida etika me'yorlariga rioya qilish, inson huquqlarini himoya qilish va insoniylik qadriyatlarini saqlab qolish muhimdir. Ayni paytda, SI asosida qabul qilinadigan qarorlar ustidan inson nazoratini saqlab qolish lozim.

    Sun'iy intellektning kelajakdagi rivojlanishi insoniyat uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, ammo bu imkoniyatlardan to‘liq foydalanish uchun mavjud muammolarni yechish va ulardan oldini olish zarur. Shu tariqa, sun'iy intellekt kelajakka katta ta'sir ko‘rsatishi va insoniyatning hayot sifatini yaxshilashi mumkin.

    Toshpo'lotov Shohijahon Eshpo'lot o'g'li,

    TDYU Umumta’lim fanlar va madaniyat kafedrasi katta o’qituvchisi,

    siyosiy fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)