баннер
28 Apr 2025
03:46

    “Vatan taraqqiyotiga pillapoyamiz”

    Oʻzgarayotgan dunyoqarash, oʻsayotgan tafakkur bitiklari

    Yaqinda filolog olim, gazetamizning faol mualliflaridan biri qoʻngʻiroq qilib qoldi. Hol-ahvol soʻrashgach, maqsadga koʻchdi:

    – Mutaxassis sifatida mendan bir loyihada jamoatchilik asosida ishtirok etishimni soʻrashgan edi. Sal yoqmayroq rozilik bergandim. Mana, hozir hayajon bilan sizga qoʻngʻiroq qilyapman. Mendan talabalar yozgan insholar bilan tanishib, baholash, xulosa berish, fikr bildirishni iltimos qilishgandi. Hozir koʻrib boʻldim. Turli yoʻnalishda tahsil olayotgan talabalarning bu qadar teran mushohada yuritishi, fikrlarini aniq ifodalashidan xursand boʻlib ketyapman. Bir koʻring-chi, sizga ham yuboraman.

    Fidoyi muallifimizning qoʻngʻirogʻidan keyin oʻylanib qoldim: u bejiz hayajonlanmaydi. Demak, yoshlarimizning dunyoqarashi oʻzgaryapti, tafakkuri oʻsyapti. Shunday boʻlishi ham kerak-da. Axir dunyoning ertasi, taqdiri yoshlar qoʻlida. Davlatimiz rahbari yoshlar kelajagi bilan bogʻliq har qanday vazifa birlamchi ahamiyatga ega ekanini bejiz taʼkidlamaydi. Bu yondashuv “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida ham aksini topgan. Misol uchun, ushbu muhim hujjatning “Har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish”, deb nomlangan birinchi yoʻnalishi 44 banddan iborat boʻlsa, shuning 25 dan ortigʻi bevosita yoshlar manfaatlariga qaratilgan.

    Koʻrsatilayotgan doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik yosh avlod zimmasiga zalvorli masʼuliyat yuklaydi, yoshlarimizdan xalqimiz oldida turgan yuksak maqsadlarga erishishda yanada faollik koʻrsatishni talab etadi. 30-iyun sanasi mamlakatimizda Yoshlar kuni, deb eʼlon qilingan. Shu dalilning oʻzi ham keyingi davrda yurtimizda yoshlarning hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kasbga yoʻnaltirish va bandligini taʼminlash, tashabbuslarini ragʻbatlantirishga katta eʼtibor qaratilayotganini yaqqol tasdiqlaydi.

    Prezidentimizning joriy yil 14-fevral kuni yoshlar bilan uchrashuvi esa hukumat va yosh avlod oʻrtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga koʻtarish yoʻlida muhim qadam boʻldi. Muloqot avvalida davlatimiz rahbari yoshlar timsolida yangi Oʻzbekistonning bugungi va ertangi bunyodkorlarini koʻrayotganini taʼkidlab, turli sohadagi yutuqlari bilan tengdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan yoshlarni alohida eʼtirof etdi. Shuningdek, oʻqimishli, bilimli yigit-qizlar safini kengaytirish borasida erishilgan natijalarga haqqoniy baho berdi.

    ***

    Endi insholar mavzusiga qaytsak. Filolog akamiz oʻzini hayajonga solgan insholar guldastasini bizga yetkazdi. Ular Fargʻona davlat universiteti talabalarining yozma ishlaridan iborat ekan. Turli yoʻnalishlarda taʼlim olayotgan, kelgusida turli sohalarda faoliyat yuritadigan yoshlarning bitiklari bilan tanishib, biz ham xursand boʻldik. Yosh va jasoratli yuraklar amri bilan yozilgan bu samimiy satrlarda yoshlar Vatanimizning “oltin fondi” deya ardoqlanayotgani asl mohiyati aks etgan. Insholardan olingan iqtiboslar mushtariylarimizni ham befarq qoldirmasa kerak.

    Mubina TOʻLQINOVA, jismoniy madaniyat fakulteti talabasi:

    «Vatanparvarlik insonni yuksaltiruvchi, kuch-quvvat baxsh etuvchi buyuk fazilat. Bu tuygʻu insonning avlod-ajdodlariga, or-nomusiga, millatiga chuqur ehtiromi, vijdoniga, burchiga sodiqligidir. Yana inson siyratiga qoʻshib yaratilgan oliy tuygʻuki, u oʻzlikka sadoqatdan kuch oladi, yuksaladi.
    Bugun marrani baland olgan xalqimiz shunday olijanob tuygʻular bilan yorugʻ manzillarga intilmoqda. Amalga oshirilayotgan har bir ezgu ish aynan vatanga daxldorlik, oʻz taqdirini ona yurt taqdiri bilan bir butun deb bilgan yurtdoshlarimiz koʻnglidan quvvat olmoqda.
    Soʻnggi yillarda mamlakatimizdagi yangilanishlar va taraqqqiyot shiddatidan dunyo hayratlanayotgani, jahon maydonida yangi Oʻzbekiston degan davlat mustahkam maqomga ega boʻlgani – bor gap. Barcha soha va tarmoqlar islohotga yuz tutdi. Eng muhimi, odamlar tafakkuri oʻzgardi, hayotga muhabbati oshdi, bugunidan rozilik, ertangi farovon hayotiga yuksak umid uygʻondi. Davlatimiz siyosatining mazmun-mohiyatini anglab yetgan yurtdoshlarimiz esa ana shu ezgu ishlarga hissa qoʻshish ishtiyoqi bilan yashamoqda, el yumushiga yeng shimarmoqda. Buning zamirida chinakam vatanparvarlik borligi yaqqol ayondir».

    Tursunoy HOSHIMOVA, tabiiy fanlar fakulteti talabasi:

    “Hozir dunyodagi yetakchi oliy taʼlim muassasalarida oʻzbekistonlik 1,5 mingdan ziyod talaba «El-yurt umidi” jamgʻarmasi mablagʻi hisobidan tahsil olayotgani yoki yaqinda Birlashgan Arab Amirliklarida oʻtgan katta forumda Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻquvchilari global darajada eng nufuzli nominatsiyada gʻolib deb topilgani oʻz-oʻzidan boʻlib qolmadi, albatta. Katta yoshdagilar bundan 10-yillar oldin oʻzbekistonlik yoshlar dunyoning eng ilgʻor oliy taʼlim muassasalarida oʻqishi yoki mamlakatimizning chekka qishloqlaridan chiqqan oʻgʻil-qizlarning jahondagi eng yetakchi kompaniyalarda ishlashini tasavvur ham qila olmaganlarini aytadi. Bugun esa bu kabi yutuqlarga erishish bizning avlod uchun hech narsa emas. Sababi, hozir mamlakatimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash masalasiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratildi. Bu yoʻnalishdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun resurs ham, vaqt ham tejalmadi».

    Nodiraxon KOMILOVA, jismoniy madaniyat fakulteti talabasi:

    «Men oʻzimni, hech ikkilanmay, eng baxti kulgan yoshlar qatoriga qoʻsha olaman. Harakat qilish, ilm egallash, ozgina qunt orqali barcha ezgu maqsadlarga erishish mumkinligini koʻryapman, oʻz faoliyatimda his qilyapman. Negadir avvallari barcha muvaffaqiyat va natijalar moddiyatga bogʻliq, deb oʻylardim. Nufuzli taʼlim muassasalarida oʻqish, yirik loyiha va dasturlarda ishtirok etish faqat pul orqali hal etiladigandek tuyulardi. Prezidentimizning 14-fevral kuni yoshlar bilan uchrashuvida aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlami manfaatlarini ifoda etadigan gʻoya va tashabbuslar koʻp boʻlganini taʼkidlash joiz. Xususan, endi kambagʻal oilaning farzandiga taʼlim krediti foizsiz berilishi, qoʻshimcha grant ajratilishi, kontrakt toʻlovining bir qismi qoplanishi qayd etildi.
    Quvonarlisi, iqtidorli, bilimga chanqoq, lekin ogʻir oilaviy sharoiti sababli oʻqish imkoniyatiga ega boʻlmagan yoshlarni xorijda oʻqitish boʻyicha yangi tizim – “Yorqin isteʼdod” loyihasi joriy etiladi. Har bir mahalladan ijtimoiy himoyaga muhtoj, bilimga chanqoq yoshlar saralab olinib, iqtidori aniqlanishi va salohiyatiga mos xorijiy oliygoh tanlanib, tayyorgarlik kurslarida oʻqitilishi yoshlarni ruhlantiradi, albatta».

    Umidaxon TURDIMUHAMEDOVA, agrar qoʻshma fakulteti talabasi:

    “Yaqinda bir maʼlumot bilan tanishib, quvonchim ichimga sigʻmay ketdi. Men taʼlim olayotgan Fargʻona davlat universiteti soʻnggi yillarda dunyoning eng nufuzli oliy taʼlim muassasalari va reyting tashkilotlari bilan xalqaro aloqalarni mastahkamladi. Oʻtgan yillarda Avstraliyaning «UniRank” reyting platformasida mahalliy miqyosda 23-oʻrinni band etdi. Gruziyaning xalqaro universitetlar reyting tashkiloti – “Round University Ranking” (RUR) reytingida oʻqitish indikatori boʻyicha 883-oʻrinni egalladi. Buyuk Britaniyaning nufuzli “THE” reyting agentligi reytingida esa FarDU eng kuchli 500 talikka kirdi. Bunda oliygoh sifatli taʼlim mezoni boʻyicha alohida oʻrin tutdi.
    Men shu universitet talabasi sifatida kelgusida bu yutuq koʻrsatkichlari yaxshilanishi, taʼlim muassasasi nufuzi ortib borishiga ishonaman. Negaki, buning uchun yurtimizda barcha sharoitlar yetarli».

    Samandar QODIROV, harbiy taʼlim fakulteti talabasi:

    «Inson hayotida sport muhim ahamiyat kasb etib, sogʻlom turmush tarzi, intizom, iroda, gʻalaba ishtiyoqi, jamoaviylik, sof raqobat, jismoniy hamda maʼnaviy tarbiyadir. Butun dunyoni birlashtiruvchi, ellarni ellarga, dillarni dillarga tutashtiruvchi kuch ham sport. Sportchi yoshlarimizda ham jismoniy, ham chinakam insoniy fazilatlar toʻgʻri shakllanib borib, ular oʻzgacha vatanparvarlik, yurtga va millatga sadoqat ruhida unib-oʻsmoqda.
    Mamlakatimizda ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish borasidagi islohotlar natijasida shu oʻzgarishlardan bahramand boʻlib ulgʻayayotgan yoshlarimiz jahon arenalarida munosib oʻrin egallamoqda, yurtimiz bayrogʻini dunyo uzra baland koʻtarmoqda. Chunki yoshlarimizdagi sportga boʻlgan qiziqish doimo qoʻllab-quvvatlanmoqda va sport sohasini dunyo miqyosida rivojlantirish masalalariga birinchi galdagi vazifa sifatida eʼtibor qaratilmoqda.
    Sport – biz yoshlarning jonu dilimiz. Mamlakatimizda yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, imkoniyatlari cheklangan shaxslarning jismoniy reabilitatsiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida katta ishlar amalga oshirilyapti. Bu FarDU talabalarini sportga keng koʻlamda jalb etish, xususan, futbolning ommaviyligini oshirish borasida yoʻlga qoʻyilgan istiqbolli loyihalarda ham aks etyapti. Men negadir Yevropaning nomdor klublariga emas, koʻproq oʻzimizning “Neftchi” va universitetimiz futbol jamoalariga ishqibozlik qilaman. Oʻzimizda ham iqtidorli sportchilar koʻpligidan, ularning imkoniyatlari koʻz ochib borayotganidan doim mamnuniyat xis qilaman».

    Mushtariy MELIQOʻZIYEVA, fizika-matematika fakulteti talabasi:

    «Tarixga nazar tashlasak, bugungi yosh avlod uchun chinakam vatanparvarlik timsoliga aylangan siymolar hayoti, ularning vatan va el shaʼni, qudrati, tinchligi, maʼrifati, maʼnaviyati yoʻlida koʻrsatgan ulkan fidoyiliklari xotiramizda qayta-qayta jonlanadi. Vatan tuygʻusi tufayli inson oʻzi yashaydigan uyni, oʻzi yashaydigan mahallani, shaharu qishloqni sevadi, uni obod etadi, shaʼnini ulugʻlaydi, himoya qiladi.
    Bugun yangi Oʻzbekistonning yangi davri yaratilayotgan ekan, biz – yoshlar qalbimizga vatanparvarlik tuygʻusini singdirishimiz, vatanga munosib farzand boʻlishni oliy maqsad, deb bilishimiz, yuksak salohiyatimizni yurt ravnaqi va rivojiga yoʻnaltirishimiz zarur. Axir biz vatan taraqqiyotining oltin pillapoyalarimiz.
    Vatanparvar xalq, yurtsevar avlod oʻz-oʻzidan shakllanmaydi. Qonida oqayotgan bobomeros xislatlar bilan birga, bugungi milliy-maʼnaviy tarbiya, bugungi namuna va ibrat ularni kamolga yetkazadi. Zotan, Oʻzbekistonning yangi davrini ham ana shunday vatanparvarlar yaratmoqda».

    Oʻgʻiloy UBAYDULLAYEVA, iqtisodiyot fakulteti talabasi:

    «Millat taraqqiyoti, jamiyat rivoji uchun ayollarimizning taʼlim olishi, ilm bilan shugʻullanishi va ijtimoiy faolligini ragʻbatlantirishga ehtiyoj katta edi. Bu ehtiyojni qondirish uchun nafaqat oʻqishda, balki ishda ham, oilada ham, umuman, barcha jabhada ayollar qadrlandi, ularning ilm olishi, jamiyatda munosib oʻrin egallashiga munosib shart-sharoitlar yaratildi. Zero, xotin-qizlar, ayollarimizga koʻrsatilayotgan mehr, ehtirom ertaga mamlakat taraqqiyoti, bilimli avlod kamoloti uchun poydevor boʻladi.
    Prezidentimizning 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan, oliy taʼlim muassasalari, sirtqi va kechki taʼlimda oʻqiyotgan xotin-qizlarning kontrakt pullarini toʻlash uchun 7-yilga foizsiz kredit berish, davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichida oʻqiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlari toʻliq davlat byudjetidan qoplab berilishi Oʻzbekistonda amalga oshirilgan eng insonparvar islohotlardan biri, desak mubolagʻa boʻlmaydi».

    ***

    Bugun sayyoramiz aholisining 25 foizdan ortigʻini yoshlar tashkil etadi. Mamlakatimizda esa jami aholining 60 foizi yoshlardir. Oʻzbekistonni bemalol yoshlar mamlakati sifatida eʼtirof etish mumkin.

    Yaqin oʻn yilliklarda yoshlar davlat va jamiyat boshqaruvida hal qiluvchi kuchga ega boʻlishini tasavvur qilsak, yoshlar taʼlim-tarbiyasi bilan shugʻullanish, muammolarini vaqtida hal etib, shaxs sifatida rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish, professional kasb mahoratini shakllantirish kabi vazifalar nihoyatda dolzarb ekani oydinlashadi. Zero, bu mavzular insholarda ham oʻz aksini topgani bilan ahamiyatli.

    Nodir MAHMUDOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Telegram kanalimiz
    Text to speech