Surxondaryo va Toshkent orasidagi masofa 146 kilometrga qisqaradi

    Davlat ahamiyatidagi 4R–100 va 4R–105 “Manguzar — Jarqoʻrgʻon — Bandixon — Oltinsoy — Denov” avtomobil yoʻlining katta qismida beton qoplamasi yotqizildi.

    Hududlar infratuzilmasini yanada yaxshilashda yoʻllarning ravon boʻlishi muhim omillardan. Shu bois, uchta davlat bilan chegaradosh, yurtimizni Osiyoning qator davlatlari bilan bogʻlovchi muhim koridorda joylashgan Surxondaryo viloyatida yoʻl qurilishi borasida koʻlamli ishlar bajarilyapti. Xalqaro hamda mahalliy ichki yoʻllarni yanada yaxshilash boʻyicha qabul qilinayotgan qator dasturlar yangilanishlarga asos boʻlib xizmat qilayotir.

    Davlatimiz rahbari 2023-yil 13-martda Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida masʼullarga “Darband — Boysun — Elbayon” avtomobil yoʻlini qayta qurish boʻyicha topshiriq bergan edi. Mazkur yoʻlni rekonstruksiya qilish ishlari oʻsha yil avgustda boshlab yuborildi. Bugun ham jadal davom etmoqda.

    Davlat ahamiyatidagi 4R–100 va 4R–105 “Manguzar — Jarqoʻrgʻon — Bandixon — Oltinsoy — Denov” avtomobil yoʻlining katta qismida beton qoplamasi yotqizildi. Ushbu loyiha doirasida rekonstruksiya qilinadigan avtomobil yoʻlining umumiy uzunligi 100 kilometrdan ortiq boʻlib, viloyatning Boysun, Bandixon, Qumqoʻrgʻon, Oltinsoy va Denov tumanlari hududidan oʻtadi.

    Bugun qurilish obyekti sifatida maz-kur avtomobil yoʻlining Darband mahallasi hududidagi qismida maxsus texnikalar yordamida beton qoplamasi yotqizilmoqda. “Darband — Boysun — Elbayon” avtomobil yoʻlining rekonstruksiya ishlari Ozarbayjonning “Lankaran Yol Tikinti” korxonasi tomonidan bajarilmoqda.

    — Ozarbayjonda yoʻl qurilishi sohasida yetakchi boʻlgan kompaniyamiz Surxondaryo viloyatining goʻzal Boysun tumanidan boshlanuvchi yirik yoʻl loyihasini amalga oshirmoqda, — deydi “Lankaran Yol Tikinti” kompaniyasining yoʻl qurilishi loyihasi menejeri Georgiy Silogadze. — Shuning baro-barida tumanlar hududida loyiha doirasida xomashyo taʼminotini yoʻlga qoʻyish va ishlab chiqarish maqsadida qator kichik korxonalar ham barpo etdik. Biz asosan sulfidli sementdan koʻproq foydalanamiz. Chunki togʻli Boysun tumani hududida sel koʻp kelishi va yerning shoʻrlanish darajasi yuqoriligi bois, shu usulni qoʻllashga qaror qilganmiz. Buning hammasi loyihada batafsil koʻrsatilgan.

    Surxon vohasidagi xalqaro ahamiyatga ega mazkur yoʻl M–39 va M–41 avtomagis-trallarini birlashtiradi. Poytaxtga va markaziy shaharlarga yuklarning yetkazilish vaqtini sezilarli qisqartirishga xizmat qiladi.

    Ishlar toʻrt faslda ham tingani yoʻq. Ayni kunlarda ushbu loyiha boʻyicha 4R–105 “Darband — Boysun — Elbayon” avtomobil yoʻlining 5-70-kilometri va 4R–100 “Mangu-zar — Jarqoʻrgʻon — Bandixon — Oltinsoy — Denov” avtomobil yoʻlining 128-174-ki-lometri rekonstruksiya qilinmoqda, — deydi mutaxassis Foziljon Jamoliddinov. — Asosiysi, loyiha tufayli Surxon vohasidan poytaxtga olib boruvchi avtomobil yoʻli 146 kilometrga qisqaradi. Chunki aylanma yoʻllar oʻrnini toʻgʻri kesib chiquvchi ravon yoʻl egallaydi. Yoʻl qurilishida sifat koʻrsatkichlariga jiddiy eʼtibor qaratilyapti.

    Azaldan yoʻlsozlik ulugʻ, shu bilan birga, mashaqqatli kasb sifatida baholangan. Chunki qadimdan kichik bir yoʻl yoki koʻprik bunyod etilishi tufayli qanchadan qancha odamlarning mushkuli oson boʻlib, manzili yaqinlashgan. Bugun esa buning ahamiyati juda yuqori. Hozir soʻz yuritilayotgan qurilish obyektida 500 dan ziyodroq mahalliy ishchi va 7 ta davlatning yuqori malakali yoʻlsozlari mehnat qilyapti. Yuzlab maxsus texnika jalb qilingan.

    Shuningdek, xalqaro ahamiyatdagi yoʻllar yoqasida muhim infratuzilma ham shakllanyapti. Jumladan, Boysun tumanidagi Inkobod mahallasida “Muqtadir-ixtisos-taʼmir” xususiy korxonasi tomonidan kemping xizmatlari koʻrsatuvchi turizm majmuasi qurilyapti. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 17,5 milliard soʻm. Majmua mehmonxona, umumiy ovqatlanish va avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchasi, elektromobillarni quvvatlash stansiyasi kabi obyektlarni oʻz ichiga oladi. Loyiha ishga tushgach esa vohalik mahalliy yoshlarning 45 nafarining bandligi taʼminlanadi. Bajarilayotgan bu kabi ishlar nafaqat mahalliy aholining, balki ushbu ravon yoʻlda harakatlanadigan barcha haydovchilarning minnatdorligiga sabab boʻladi.

    Surxondaryo viloyati hududida jami 16 ming 170 kilometr uzunlikdagi avtomobil yoʻli mavjud. Shundan 2843 kilometri, yaʼni 18 foiz qismi umumfoydalanuvdagi avtomobil yoʻllaridir. Qolgan 13 ming 327 kilometri yoki 82 foizi esa mahalliy hokimliklar tasarrufidagi hududiy, yaʼni xoʻjaliklararo qishloq, shahar hamda aholi punktlari koʻchalari.

    Viloyat avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi hamda uning tarkibidagi korxonalar tomonidan yoʻl infratuzilmasini yanada yaxshilash yuzasidan 647,4 kilometr uzunlikdagi avtomobil yoʻli hamda 2 ta koʻprikda 483,4 milliard soʻmlik yoʻl qurilish ishlari bajarildi, — deydi Surxondaryo viloyati avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi boʻlim boshligʻi Odil Mamatov.

    Keyingi yillarda yangilanishlar nafasi yaqqol namoyon boʻlayotgan Qiziriq tumanining koʻplab ichki yoʻllarini taʼmirlash ishlari ham jadallik bilan bajarilmoqda. Qiziriq, Jarqoʻrgʻon, Termiz tumanlarini bogʻlovchi R–100 avtomobil yoʻli taxminan chorak asr davomida taʼmirlanmay kelayotgandi. Mazkur yoʻldan avtomobillar yurishi keskin kamayib ketgandi. Manzil esa uzoqlashdi.

    Yoʻl muammosini Xalq qabulxonasi yechib berdi. Murojaatimizdan soʻng yoʻlning 12 kilometri toʻliq asfalt bilan qoplandi, — deydi Qiziriq tumani “Gulobod” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Abdurasul Valiyev. — Tumanimizdek olis va chekka hududlardagi bunday koʻlamli ishlar aholining ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

    Denov tumani Namozgoh mahallasi hududidan oʻtuvchi M–41 magistralining qatnov qismida avtomobillar tirbandligi hamda piyodalar yoʻlagi yoʻqligi sabab koʻngilsiz voqealar tez-tez sodir boʻlardi. Bu holatlarning oldini olish maqsadida mahalla ahli mutasaddi idoralarga murojaat qildi. Murojaat Xalq qabulxonasi mutaxassislari tomonidan oʻrganildi. Muammoga yechim topib berildi. Shuningdek, Denov tumanidagi Surxon Diyor va Yoshlik mahallalari maydoni va aholi soni jihatidan ancha katta. Mazkur hududda uzoq yillardan buyon Uzun, Shoʻrchi, Denov tumanlarini bogʻlab turuvchi koʻprik va mahallaning markaziy koʻchasidagi avtomobil qatnov yoʻli ham taʼmirtalab edi. Bu noqulaylikdan nafaqat haydovchilar, balki 15 mingdan ortiq odam aziyat chekib kelardi. Aholining murojaatlari oʻrganilib, haqli eʼtirozi mutasaddilar tomonidan ijobiy hal etildi. Natijada 4–R 101 G avtomobil yoʻlining 4 kilometrlik qismi joriy taʼmirlandi.

    Sarvar TOʻRAYEV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri