Suv – ulugʻ neʼmat. Uni asrab-avaylash barchamizning burchimiz

    Fikr 29 Oktabr 2025 764

    Hozirgi keltiriladigan raqamlar barchamizni jiddiy xavotirga solishi kerak, oʻz navbatida, yaqin va uzoq kelajakni koʻzlab taʼsirchan choralar koʻrishni taqozo etadi.

    Suv Yerning 70 foizini qoplagan boʻlsa-da, shundan atigi 3 foizi ichish uchun yaroqli. 2023-yilda 2 milliard odam, yaʼni Yer yuzi aholisining chorak qismi toza ichimlik suvsiz qolgan va yaqin 10 yillikda ular safiga yana 700 million kishi qoʻshilishi mumkin. Har kuni dunyoda 5 ming kishi ifloslangan ichimlik suvdan foydalanish oqibatida olamdan koʻz yummoqda. Olimlar taxminiga koʻra, 2030-yilga borib, dunyo aholisining yarmi suv tanqis boʻlgan hududlarda yashashga majbur boʻladi.

    Bizning mintaqa ham suv muammosi bilan roʻbaroʻ kelgan. Ekspertlar fikricha, yaqin 20 yil ichida mamlakatimizda suv tanqisligi keskin oshadi. Oʻzbekiston suv tanqisligi boʻyicha qizil hududlar qatoriga tushib qolishi ehtimoldan yiroq emas.

    Demak, qarshimizda katta savol turibdi: BUNDAY TAHLIKALI SHAROITDA QANDAY YOʻL TUTMOGʻIMIZ ZARUR VA SHART?

    Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan 2025-yil mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb nomlandi. Qolaversa, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida katta bogʻlar bunyod etilmoqda. Orolning qurigan tubiga hayot qaytdi.

    Quvonarlisi, ushbu loyiha xalqaro darajaga chiqdi. Tashqi siyosatdagi tashabbus va diplomatik islohotlarimiz ham natija beryapti. Markaziy Osiyo davlatlari suvdan foydalanishda teng huquqli kelishuvlarga erishdi. Ekologik masalalarda ham yakdil qaror qabul qilish boshlandi. Masalan, shu yil oktyabr oyining boshida Toshkent shahrida

    “Markaziy Osiyoda ichimlik suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari” mavzusidagi xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Soʻz va amal birligi bois, yangi Oʻzbekistonda Suv kodeksi qabul qilindi. Qolaversa, yangi barpo etilayotgan shaharlar-ning 30 foizi yashil hudud boʻlishi shart ekani huquqiy asos bilan qatʼiy belgilandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan tariximizda ilk bor ariq va kanallar suvini tejash maqsadida ularni betonlash ishlari bajarilmoqda.

    Muhimi, jamiyatimizda ekologik madaniyat rivojlanib boryapti. Bugun bitta daraxt kesilsa, birdan: “Nega kesildi?” degan ommaviy soʻrov boshlanadi. Ortga qaytmas tus olgan ushbu islohotlar “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining muhim yoʻnalishi sifatida ham belgilab qoʻyildi.

    Loʻnda qilib aytganda, ekologik islohotlar koʻlami shunchalik kattaki, natijador koʻrsatkichlarni qisqa raqamlarda sanashning oʻzi bilan gazetaning barcha sahifasini toʻldirish mumkin. Bundan haqli ravishda faxrlanamiz, yutuqlardan quvonamiz. Ayni paytda hali oldinda bajarilishi zarur boʻlgan vazifalar ham bor. Shu bois, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtiso-diyot” yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining uchinchi yoʻnalishi “Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish”, deb nomlangan.

    Bu yoʻnalishning nomlanishi bizni jurnalist sifatida mulohazaga undadi. Nega suv resurslarini tejash birinchi oʻrinda aytilgan? Atrof-muhitni muhofaza qilsak, suv oʻz-oʻzidan tejalmaydimi?! Mana shu fikr inson va tabiat munosabatlari, bizni kutayotgan kelajak, yuksalish haqidagi mulohazalarga chorladi.

    Beixtiyor yon-atrofni, odamlarni, ularning suvga boʻlgan munosabatini sinchiklab kuzata boshladim. Ha, “suvni tejash” iborasi bejiz birinchi oʻringa chiqarilmagan. Ochigʻi, jamiyatimizda ekologik madaniyatni yuksaltirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish koʻnikmasini kuchaytirish, tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish kabi kechiktirib boʻlmas qator masalalar bor ekan. Bunday dolzarb mavzularni ommaga olib chiqish, muhokamalar maydoniga tashlash, mutasaddilar, oddiy odamlarning diqqatini bu — hayot-mamot masalasiga qaratishi bevosita jurnalistlarimiz oldidagi gʻoyat dolzarb vazifa hamdir.

    Ayni maqsadda “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida yangi — SUV VA HAYOT loyihasiga start berilmoqda. Unda keyingi yillarda suvdan oqilona foydalanish, kundalik turmushimizga va qishloq xoʻjaligiga suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, tomchilatib sugʻorish usullaridan foydalanish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, bu boradagi ilmiy yondashuvlar, natijalar va eʼtibor qaratish zarur boʻlgan jihatlar soha mutaxassislari, hurmatli olimlar va ziyolilarimiz fikrlari asosida keng tahlil qilinadi. Ayni paytda ushbu chiqishlar orqali mamlakatimizda ekologik madaniyatni yanada yuksaltirishga hissa qoʻshishni ham niyat qilganmiz. Kimdir “Nega aynan suv masalasi?” degan savolni oʻrtaga tashlashi mumkin. Quyida ushbu qarorga kelishimizning sababi, yaʼni mavzuning ahamiyati haqida toʻxtalmoqchimiz.

    Sunʼiy intellektga ham suv kerak

    “Suv — hayotdir” degan hikmatni barchamiz eshitganmiz. Ammo uning hayotimizda qanchalik ahamiyati borligini tasavvur ham qila olmaymiz. Buni nari borsa, suvsizlikdan aziyat chekishimiz, yashillik olami kamayib ketishi bilan bogʻlaymiz. Ha, bu ayni haqiqat. Suv kamayaversa, ichimlik suvni topish muammoga aylanadi. Toza ichimlik suvning yoʻqligi esa turli xastaliklarni, hatto yuqumli kasalliklarni koʻpaytiradi. Yerning choʻllanishi ham inson tanasidagi xastalik kabi zaminimizni gʻariblashtirib boradi. Oziq-ovqat taqchilligi yuzaga keladi. Mutaxassislar aytishicha, inson kundalik ehtiyojini qoplash uchun bir sutkada 4-5 litr suv ichishi kerak ekan. Yoʻqsa, tanamiz suvsizlikdan turli xastalikka chalinarkan. Suvni meʼyorda ichish esa terimizni tiniqlashtirishdan tortib, miya faoliyatimizgacha ijobiy taʼsir qiladi.

    Shu oʻrinda bitta fakt. Suv Yerning 70 foizini qoplagan dedik. Odam tanasining ham qariyb 70 foizi suvdan iborat. Shu jihatdan yer va inson bir-biriga oʻxshaydi. Qizigʻi, yerning ham, odam tanasining ham choʻllanishi oqibatida kelib chiqadigan muammolari juda oʻxshash. Masalan, kuniga besh stakandan ortiq toza suv ichsangiz, yurak xuruji xavfi ortga chekina borarkan. Xuddi shuningdek, Ona zaminda suv qancha koʻp boʻlsa, ekologik inqiroz shunchalik zaiflashadi. Demak, biz suvni tejash bilan birga, undan samarali foydalanish yoʻlini ham bilishimiz kerak boʻladi. Afsuski, jamiyatimiz buni hali toʻla anglab yetgani yoʻq. Agar buni teran his etganimizda edi, koʻchalarimizda suvlar shunchaki oqib yotmas, mashinamizni uyda yuvmas, umuman, suvga hozirgiday munosabatda boʻlmasdik.

    Piyoda sayr qilish odatim bor. Bu nafaqat sogʻliq uchun foydali, balki jurnalistning real hayotga yaqinroq boʻlishini ham taʼminlaydi. Masalan, yoʻl chekkalarida koʻp kuzataman, daraxtlar va yashil maydonlarni sugʻorish tizimi yaxshi ishlamaydi. Ayrim joylarda daraxtlar qor-yomgʻirdan boshqa suv koʻrmagani shundoq sezilib turadi. Undan ellik qadam nariga oʻtsangiz, sugʻorish tizimining vaqtida oʻchirib yoqilmasligi, suv purkagichlarning nobopligi sabab asfalt ham ariqqa aylanadi.

    Biz Uchinchi Renessansni yaratishday katta maqsad sari dadil boryapmiz. Demak, dunyoqarashimiz ham, kundalik turmush tarzimiz ham shunga munosib boʻlishi kerak. Biz endi choʻllanishning zamonaviy oqibatlari haqida ham teran fikr yuritishimiz zarur. Masalan, hozir choʻllanish oqibatida yerning hosildorligi pasayadi, bioxilma-xillik yoʻqoladi, oʻsimlik va hayvon turlari kamayadi. Atrof-muhitda ekologik muvozanat buziladi. Qolaversa, ichimlik suv tanqisligi kuchayadi. Shu tariqa, iqtisodiy inqiroz va iqlim migratsiyasi paydo boʻladi.

    Mazkur muammolarga zamonaviy texnologiyalar orqali yechim topish mumkin, degan qarashlar ham yoʻq emas. Ha, texnologiyalar suvni tozalab, qayta ishlatishimizda, ularni aqlli nazorat orqali boshqarib, tejam-korlikni oshirishda foyda beradi. Ammo davr shuni koʻrsatyaptiki, suvsiz qolsak hatto oʻsha texnologiyalar ham toʻla quvvat bilan ishlamasligi mumkin ekan.

    Yaqinda qiziq faktga duch keldim. Bugun barcha sohaga keng kirib borayotgan sunʼiy intellekt ishlashi uchun ham katta suv zaxirasi zarur boʻlarkan. Bunga aniqlik kiritish uchun sunʼiy intellektdan javob izladim. Quyida uning javobini tahrirsiz keltiramiz: “Men ishlaydigan katta server markazlari (data center) ishlashi uchun juda katta miqdorda elektr energiyasi sarflanadi. Shu energiya issiqlikka aylanib, ser-verlarni qizdirib yuboradi. Shuning uchun ularni doimiy ravishda sovitish kerak.

    Sovitish usullari:

    — havo orqali sovitish — konditsionerlar, ventilyatorlar orqali havo aylantirish;

    — suv orqali sovitish — ayrim data-markazlarda suv quvurlar orqali oʻtkazilib, issiqlikni olib chiqadi. Shu jarayonda ancha suv ishlatiladi;

    — iqlimdan foydalanish — baʼzi davlatlarda (masalan, Finlyandiyada) sovuq havodan yoki dengiz suvidan foydalaniladi.

    Suv sarfi:

    — klassik server markazlari yiliga millionlab litr suv ishlatishi mumkin;

    — shu bois, ayrim kompaniyalar qayta aylanuvchi (recycling) suv tizimlarini joriy qilmoqda, suv sarfini keskin kamaytirish uchun”.

    Bu javobdan soʻng “Suv — hayotdir” degan hikmatning nechogʻliq teran maʼnoga ega ekanini angladim. Ha, odam ovqatsiz olti hafta yashaydi. Ammo suvsiz bir haftadan koʻpga bardosh bera olmaydi...

    Tan olish kerak, bugun rivojlangan mamlakatlar oʻzining sunʼiy intellektiga ega ekani bilan ham boshqalardan ajralib turadi. Chunki sunʼiy intellektni bugun oddiy ustalar uchun arifmetik hisob-kitobni tezlashtirishda qanchalik qoʻl kelayotgan boʻlsa, mamlakatlar mudofaa tizimida ham shunchalik ahamiyat kasb etmoqda. Shuning uchun ham katta serverlarga egalik qilishga taraqqiyotning yuksak choʻqqisi sifatida qaralishi tabiiy. Shu yil 21-oktyabr kuni Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan davlat boshqa-ruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishida bu fikr ham eʼtirof etildi. Soha rivoji uchun katta loyihalarga start berildi. Jumladan, zamonaviy super-kompyuter klasterlari va data-markazlarni koʻpaytirish zarurligi qayd etildi.

    Qiziq jihat shundaki, katta serverlarni shamollatib sovitish tizimi samarali ishlashi uchun ham tashqaridagi havoda yetarlicha namlik boʻlishi talab etiladi. Demak, ana shu maqsadga erishish uchun ham suvni tejashimiz kerak!

    Oʻrni kelganda yana bitta faktni keltirsak. BMTning 2024-yildagi hisobotiga koʻra, jahon miqyosida suvdan foydalanishning taxminan 70 foizi qishloq xoʻjaligiga toʻgʻri kelar ekan. Oʻzbekistonda foydala-niladigan suvning 80 foizi qoʻshni davlatlarda, 20 foizi esa mamlakatimiz hududida shakllanadi. Ana shu suvning 90 foizi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun sarflanadi. Kelgusida esa bu koʻrsatkichlarga sunʼiy intellekt ham qoʻshiladi. Chunki taraqqiyot, davr talabi shunga olib keladi.

    Mamlakatimizda esa qishloq xoʻjaligida suv sarfini keskin qisqartirish imkoni bor. Chunki hali-hamon fermerlarimizning katta qismi dalaga ariq toʻla suvni toʻliq yuboradi. Ayrim joylarda yerning namligi yoki ekinning talabiga qarab emas, suvning kelishiga moslab tomorqamizni sugʻorishimiz ham bor gap. Bu esa oldimizga bir qator muhim vazifalarni qoʻyadi.

    Birinchidan, tomchilatib, yomgʻirlatib sugʻorish tizimini joriy etishning yanada samarali usullari haqida jiddiy oʻylab koʻrishimiz zarur.

    Ikkinchidan, dehqonchilikda zamonaviy bilim va koʻnikmalarni oʻrganishimiz va ommalashtirish ehtiyoji bor. Yaʼni kam joydan koʻp hosil olish, suvsizlikka bardoshli, samarador navlarni koʻpaytirish borasida ham yangicha yondashuvlar qilish kerak.

    Uchinchidan, suv tejashda zamonaviy texnologiyalarni keskin oshirish zarur. Bunda, ayniqsa, qishloq xoʻjaligiga jiddiy eʼtibor berish, suvni qayta ishlash tizimini ommalashtirish muhim.

    Oʻrni kelganda aytish joiz, bu yilgi davlat dasturida hududlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishni jadallashtirish vazifasi koʻrsatib oʻtilgan. Respublika boʻyicha jami 500 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha manzilli roʻyxat ishlab chiqilgan. Unga koʻra, 74,7 ming gektarda tomchilatib, 35,2 ming gektarda yomgʻirlatib sugʻorish ishlari amalga oshirilishi kerak. Buning uchun ilk amaliy qadamlar ham tashlangan. Bugungi kunda 19,2 ming gektar yerda suv tejovchi texnologiya ishga tushirilgan.

    Bular kishini quvontiradigan raqamlar. Faqat bir savol bizni oʻylantiradi. Keng dalalarda samara berayotgan ushbu tizimdan shaharlardagi yashil maydon va daraxtlarni sugʻorishda ham unumli foydalansak boʻlmaydimi? Axir bitta suvni sachratib beradigan tizimning notoʻgʻri oʻrnatilishi, oʻz vaqtida texnik koʻrik qilinmasligi sabab suv bor joyda koʻchagacha koʻl paydo boʻladi. Tizim ishdan chiqqan joyda daraxtlar tagi qor-yomgʻir yogʻsagina namlik koʻradi. Nazarimda, bunday savollar barchani birdek oʻylantiradi. Demak, hurmatli olimlarimiz, soha mutaxassislaridan qishloq xoʻjaligidagi suvni tejash borasidagi yangi tashabbuslarni, mavjud tizimni jamiyatda ommalashtirish borasidagi fikrlarni kutishga haqlimiz. Va buni juda tez amalga oshirishimiz zarur. Har bir kun gʻanimat.

    Shu oʻrinda yana bir fakt. Davlat dasturida mahalliy korxonalarning suv tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish ham nazarda tutilgan. Aytilishicha, 2025-yilning 22-aprel holatiga koʻra, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning soni 60 tani tashkil etgan. Mahalliylashtirish darajasi 80 foizga, yillik ishlab chiqarish quvvati esa 250-300 ming gektarga yetkazilgan. Demak, mazkur sohaga ham berilayotgan imkoniyatlar va undan samarali foydalanish, tadbirkorlikning ushbu turini targʻib etish borasida chiqishlar qilishimiz zarurati bor. Ehtimol, shu turdagi ishlab chiqarish bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlarda ham sohaga yangilik olib kirish borasida aniq takliflar bordir?! Ha, suv tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqarish, xalqaro standartdagi talablarni oʻrganish ham katta bir mavzu.

    Xalqaro tajriba qanday?

    Suvni tejash deganda, uzoq yillardan buyon ichimlik suv joʻmragini ochiq qoldirmaslikni, tish yuvishda suvni idishga quyib olish kabi maishiy masalalarni oʻrtaga olib chiqamiz. Bular ham, hech shubhasiz, zarur chora-tadbirlardan hisoblanadi. Ammo suvni asrash uni kamroq ishlatishgagina bogʻliq emasligini tushunib yetishimiz kerak. Masalan, global isish va suv tanqisligi bir-biriga zanjir halqasiday bogʻliq. Tabiatga chiqarilayotgan zararli gazlar iqlim oʻzgarishiga, bu esa, oʻz navbatida, suv taqchilligiga olib keladi. Suv kamayib borgani sari bugʻlanish ham tezlashadi. Yaʼni xuddi tepadan tashlangan tosh kabi taqchillik yuzaga kelishi shu jarayonni yanada tezlashtiradi.

    Shuning uchun ham suvni bugun — borligida asrashimiz kerak.

    Inson sogʻlom umr kechirsa, umri davomida taxminan 55-65 ming litr suv ichadi. Jismoniy faol, issiq iqlimda yashaydigan va sport bilan shugʻullanadiganlar uchun bu raqam yana 10-15 ming litrga koʻpayadi. Dunyodagi ichimlik suvning 60 foizi muzliklardan keladi. Global isish esa oʻsha muzliklar erishini tezlashtiryapti. Shuning uchun ham Prezidentimiz “Yashil makon” umummilliy loyihasiga jiddiy eʼtibor bermoqda. Aynan daraxtlar, yashillik dunyosi, bugʻlanishni kamaytiradi. Yer osti suvi koʻproq saqlanishiga, zararli gazlarning qisqarishiga xizmat qiladi. Demak, oldimizda nafaqat Orolning qurigan tubi kabi choʻl hududlarni, balki togʻ va qirlarni ham yashillik dunyosi bilan boyitishda yangicha yondashuvlar vazifasi turibdi. Buning uchun qor-yomgʻir suvini toʻplab, koʻchatlarni sugʻorish tizimini takomillashtirish maqsadga muvofiq boʻlardi.

    Oʻrni kelganda aytish kerak, dengiz, okean boʻyidagi davlatlarda ham qor-yomgʻir suvini toʻplab ishlatish tajribasi bor. Bizda ham avval bu tizim boʻlgan. U, asosan, lalmi joylarda dehqonchilik qilish, chorva mollarini sugʻorish uchun qoʻl kelgan. Choʻl joylarda sel yoʻlida toʻgʻon qilingan. Oʻsha yerda toʻplangan suvdan chorva sugʻorilgan. Suv toʻplanadigan joylar ona tilimizda “qoq” deb ataladi. Sel suvi qoqqa oʻzi bilan turli minerallarni ham olib keladi. Bu esa unumdorlikni oshiradi. Nega bugun dehqonchilikda ushbu tajribani ommalashtirmaslik kerak?! Muhimi, ushbu amaliyot ikki jihatdan foyda keltiradi.

    Birinchidan, dehqonchilik orqali oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanadi va iqtisodiy barqarorlikka xizmat qiladi.

    Ikkinchidan, katta suv toʻplangan joyda yer osti suvi koʻtariladi. Bu oʻz-oʻzidan bugʻlanishni kamaytiradi. Shu orqali global isishning oldini olishda yaxshi samara beradi. Aksincha, sel suvining tezkor oqimi yomgʻirning samaradorligini kamaytiradi. Sel jala yogʻishi sabab hosil boʻladi. Jala yerga qattiq urilgani bois, tuproq ostiga suvning singishi qiyin kechadi. Tezkor oqim esa buni yanada kamaytiradi. Oqibatda bugʻlanish tezlashadi. Yaʼni sel kelganida katta oqimdagi suvning foydasidan koʻra zarari koʻp. Shuning uchun olimlar sellarning tez-tez va koʻp kelishini qurgʻoqchilik alomati deydi. Demak, ajdodlarimiz buni juda yaxshi bilgan. Shu bois, qoqlardan unumli foydalangan.

    Shu oʻrinda yana bir qiziq fakt. Inson tanasidagi suv va yogʻ miqdorga teskari proporsional ekan. Odamning mushak toʻqimalarida 75 foiz suv boʻlarkan. Bu koʻrsatkich yogʻ toʻqimalarida taxminan 10-20 foiz. Yaʼni tanamizdagi yogʻ suvni kam saqlaydi. Nazarimda, semizlik koʻp kasalliklarga sabab boʻlishi tanadagi suv miqdori bilan bogʻliq. Oddiy misol, suvni meʼyorda ichish yurak xurujini kamaytiradi. Semizlik esa bu kasallikni avj oldiradi. Xalqimizda inson semira boshlasa, oʻzini tiklab olibdi degan xato qarash bor. Bu xuddi jala yogʻishidan xursand boʻlishday gap. Ikkisi ham yaxshilikday koʻrinsa-da, xastalikka sabab boʻladi.

    Yana bir muhim jihat, suv sarfining katta qismi qishloq xoʻjaligiga toʻgʻri kelishini taʼkidlab, bu borada ham ayrim fikrlarni aytdik. Oʻrni kelganida ushbu yoʻnalishda bajarilayotgan ayrim vazifalarni eʼtirof etish kerak. Masalan, davlat dasturida suv xoʻjaligi obyektlarida avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini joriy qilish nazarda tutilgandi. Quvonarlisi, bu borada joriy yilga moʻljallangan ishlar reja asosida bajarilmoqda. Unga koʻra, shu yilda 12 ta obyekt avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga oʻtkaziladi. Hozir ularning ayrimlari foydalanishga topshirilgan boʻlsa, boshqalarida ishlar jadal davom etmoqda.

    Bu yutuqlar oʻzimizniki, ammo dunyo tajribasi qanday? Ochiq manbalarda eʼtirof etilishicha, suv tejash borasida Isroilning oʻziga xos tajribasi bor ekan. Masalan, ushbu davlatda avval ishlatilgan suvning 85 foizidan koʻpi qayta ishlab, sugʻorishga yoʻnaltiriladi. Bu, albatta, qishloq xoʻjaligida suvni barqaror taʼminlashga xizmat qiladi. Bundan tashqari, isroillik fermerlar sunʼiy intellekt asosida ishlaydigan texnologiya yordamida dala va ekinlarning real vaqt rejimida tahlillarini kuzatib boradi. Yaʼni ushbu texnologiya tuproqning namlik darajasi, ob-havo sharoiti va ekinlarning suv ehtiyojini koʻrsatib beradi. Bunday tahlillar suvdan samarali foydalanishni taʼminlaydi. Tomchilatib sugʻorish va suvni smart usulda boshqarish uning sarfini 50 foizgacha kamaytirar ekan. Qolaversa, suvdan oʻz vaqtida yetarli darajada foy-dalanish ekinni meʼyordagi namlik bilan taʼminlash orqali hosildorlikni oshiradi.

    Yechim oʻzlikka qaytish va zamonga moslashishda

    Suvdan samarali foydalanishda shuncha masala bor ekan, buning yechimi nimada degan haqli savol tugʻiladi. Bu juda oddiy. Yuqorida ajdodlarimiz qoqlardan foydalangani haqida aytdik. Demak, biz suv bilan munosabatda asl ildizga, milliy oʻzanimizga qaytishimiz kerak. Yaxshi eslayman, yoshlik chogʻimizda dehqonchilikka moslashgan hududlarda nomi dovruq taratgan suvchilar boʻlardi. Ular katta dalalarga bir ariq suvni teng tarashi bilan nom qozongandi. Ular shunday ishlardiki, bugungi zamonaviy texnologiyalar kabi egatlar orasidagi suv taqsimoti aniq boʻlardi. Afsuski, bugun shu maktabga darz ketdi. Chunki biz suvga tuflash gunoh degan qatʼiy tutumni unutdik. Bitta hayotiy fakt. Shu yil Qurbon hayitida Toshkentdagi katta suv oqimlarida mollarning kalla-pochasi, qorin-ichagi va terisi ayovsiz oqizilgani haqidagi gaplar taʼbimizni xira qildi. Afsuski, boshqa hududlarda ham ahvol bundan yaxshi emas. Buni kim qilyapti? Siz, men, mana shu jamiyat aʼzolari emasmi?! Afsuski, bu achchiq haqiqat.

    Bundan koʻrinadiki, aynan qishloq xoʻjaligida suvdan samarali foydalanishni keng targʻib etishimiz zarur. Umuman, suvni asrash tushunchasini jamiyatimizga keng targʻib etish, xalqimizga sodda va taʼsirli soʻzlar bilan yetkazishimiz shart.

    Mana shu masalalarni olib chiqish, jamiyatimizda ekologik madaniyatni yuksaltirish borasida jiddiy chiqishlar qilish fursati yetdi. Chunki yangi Oʻzbekistondagi ortga qaytmas tus olgan islohotlarga hamohang tarzda jamiyatimiz ham oʻzgarishi shart.

    Bu, albatta, jurnalistlar oldidagi muhim vazifalardan biri. “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi ushbu loyiha orqali mazkur vazifani toʻla ado etishga kirishganini aytmoqchimiz. Bu ham muhtaram Prezidentimiz biz — jurnalistlar, ziyolilar oldiga qoʻygan “Milliy kontent” yaratish vazifasining bir qismi deb oʻylayman. Chunki mamlakatimiz manfaatiga, xalqimiz farovonligiga xizmat qiladigan axborot “Milliy kontent” hisoblanadi.

    Salim DONIYOROV,

    Oʻzbekiston Respublikasida

    xizmat koʻrsatgan jurnalist