Tabiiy fanlar yagona sciense yoki “tabiiy fan” degan fan doirasida umumlashtiriladi

    Ta'lim 13 Avgust 2020 29722

    Prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan “Kimyo va biologiya yoʻnalishlarida uzluksiz taʼlim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida Kimyo va biologiya fanlarini uzluksiz taʼlimda oʻqitish borasida belgilangan vazifalarni sharhlab, Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Botir USMONOV “yuz.uz” sayti muxbiriga quyidagilarni soʻzlab berdi.

    — Qarorda koʻzda tutilgan ikki asosiy jihatdan biri — maktablarda tabiiy fanlarga yoʻnaltirilgan variativ oʻquv rejalari joriy etilishi belgilanmoqda. Yaʼni maktablarda asosiy oʻquv rejasidan tashqari, kimyo va biologiyaga qiziqqan yigit-qizlar bitta sinfga jamlanib, ularga ushbu fanlarni koʻproq oʻqitishga maktablarga imkoniyat beriladi. Ikkinchisi, maktablarda kimyo-biologiya fanlarini oʻqitish dasturi koʻrib chiqiladi. Lekin birinchi bosqichdagi eng asosiy ish bu — birinchi va oltinchi sinflarda tabiiy fanlarni oʻqitishning yoʻlga qoʻyilganidir. Tabiiy fanlar yagona bir jamlanmaga olinadi, yagona sciense yoki “tabiiy fan” degan fan doirasida umumlashtiriladi, mantiqiy ketma-ketlik taʼminlanadi. Darslikni yozayotgan mutaxassis yoki oʻqituvchi oʻz metodini qoʻllashi mumkin. Tabiiy fanlar 6-sinfgacha yagona, yaʼni bitta fan doirasida oʻqitiladi. 7 sinfdan keyin esa biologiya, kimyo, fizika, geografiya fanlari alohida ajratilib oʻqitiladi.

    Qarorga muvofiq, kimyo va biologiya fanlarini oʻqitishning toʻrt yil davomida yagona tizimini yaratish belgilanmoqda. U qanaqa boʻladi? Maktablarning eng iqtidorli bolalari 150 ta tuman va shaharlarda tashkil etiladigan ixtisoslashgan maktablarga saralab olinadi. 150 ta tuman va shaharda ixtisoslashgan kimyo va biologiya maktablari tashkil etiladi. Bundan tashqari har bir viloyatda 14 ta tayanch maktab tashkil etiladi. Ularda viloyatning eng iqtidorli bolalari tahsil oladi. 4 yil davomida 164 ta ixtisoslashgan maktab tashkil etiladi. Ularda bolalar kimyo va biologiya yoʻnalishi boʻyicha maqsadli oʻqitiladi.

    Ixtisoslashgan maktablarni moliyalashtirishning tartib-qoidasi bor. 164 ta maktab uchun mingga yaqin kimyo va biologiya oʻqituvchilar kerak boʻladi. Ularning oyligiga 50 foiz ustama belgilanmoqda. Bundan tashqari, bu maktablarning faoliyatini yuritish, moddiy-texnika bazasini yaxshilash va boshqa maqsadlar uchun har bir viloyatda 14 ta maxsus jamgʻarma tashkil etilishi belgilangan. Unga asosan davlat va mahalliy byudjet mablagʻlari jalb etiladi. Jamgʻarma filiali ixtisoslashgan maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, yangi bino qurish, laboratoriyalarni jihozlash kabi maqsadlarga yoʻnaltiriladi. Va yana har bir maktabga oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari biriktiriladi. Ular maktablarga metodik jihatdan yordam beradi. Shuningdek, yirik xoʻjalik tarmoqlari shu maktablarga moliyaviy jihatdan koʻmak berishi koʻzda tutilgan.