Tadbirkor qoʻllab-quvvatlansa, xalq hayoti yana-da farovonlashadi

    Mamlakatimizda 1 Iyul 2020 1399

    2019-yil soʻnggida Xitoyda paydo boʻlib, butun yer yuziga tarqalgan va pandemiya holatini yuzaga keltirgan koronavirus infeksiyasi, afsuski, bizning mamlakatimizni ham chetlab oʻtmadi.

    Joriy yil mart oyi oʻrtalaridan boshlab respublikada karantin holatining eʼlon qilinishi iqtisodiyot tarmoqlari faoliyatiga oʻz taʼsirini koʻrsatmay qolmadi. Tadbirkorlarning kutilayotgan natija, foyda, daromad va yana koʻplab loyihalari borasidagi rejalari oʻzgardi. Aksariyat tadbirkorlar, ular qoʻlida ishlovchilarning tushkunlikka tushgani ham ayni haqiqat. Biroq Prezidentimiz tomonidan pandemiyaning dastlabki kunlaridayoq, aniqrogʻi, shu yil 19-mart kuni “Koronavirus pandemiyasi va global inqirozli hodisalarning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonning imzolanishi va unga muvofiq Moliya vazirligi huzurida Inqirozga qarshi 10 trillion soʻm hajmdagi jamgʻarmaning tuzilishi iqtisodiyot tarmoqlarini jiddiy zarar koʻrishdan, faoliyati jiddiy izdan chiqishidan asrab qoldi.

    Taʼkidlash joiz, yuqoridagi muhim hujjatga asosan, pandemiya sababli faoliyatini toʻxtatgan tadbirkorlarga banklar orqali foizsiz byudjet ssudalari ajratila boshlandi. Hokimlarga iqtisodiy qiyinchilikka duch kelgan korxonalardan mahalliy soliqlarni undirishni 6 oygacha kechiktirish vakolati berildi. Yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromad soligʻi, fermerlarning suv soligʻi 50 foizga kamaytirildi. Bunda mahalliy byudjetdagi yoʻqotishlar respublika byudjetidan qoplab beriladigan boʻldi.

    Koʻrinib turibdiki, ushbu farmon pandemiya sababli mamlakat va uning aholisi koʻrishi mumkin boʻlgan zararlarni kamaytirishga, taʼsirini yumshatishga xizmat qilmoqda. Shu tariqa tadbirkorlarimizga va fuqarolarimizga juda katta imkoniyatlar yaratib berilgan boʻlsa, qoʻllab-quvvatlash shu bilan toʻxtab qolmadi. Shu yil 3-aprel kuni Prezidentimiz pandemiya keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalalarini yana muhokama etib, inqirozga qarshi choralarning ikkinchi paketi qabul qilinishini taklif qildi. 18-may kuni hozirgi pandemik davrda iqtisodiy oʻsish va investitsiyaviy faollikni ragʻbatlantirish, ishlab chiqarish surʼatlarini tiklash, aholi bandligini oshirish, daromadlarini koʻpaytirish va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashning navbatdagi paketi ochildi.

    Xususan, kichik tadbirkorlik subyektlari 2020-yilning 1-iyunidan 1-sentyabrigacha mol-mulk soligʻi va yer soligʻini toʻlashdan ozod etildi, ular mazkur soliq turlari boʻyicha aprel va may oylari uchun toʻlanishi lozim boʻlgan summalar va joriy yilning boshidan boshlab hosil boʻlgan penya va jarimalar summalarini hisobdan chiqarish koʻrinishida davlat tomonidan qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash taqdim etildi.

    Shuningdek, 1-maydan 1-iyulgacha boʻlgan davrda mikrofirma va kichik korxonalarga ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizgacha kamaytirilishi belgilandi. Tadbirkorlarimizga va fuqarolarimiz turmush darajasini oshirish bilan bogʻliq koʻplab imkoniyatlarni yana sanashda davom etishimiz mumkin. Bunday qoʻllab-quvvatlovlar evaziga tadbirkorlik subyektlari hisobida vujudga keladigan qoʻshimcha mablagʻlar oʻz navbatida ishlab chiqarishni jonlantirish, rivojlantirish va kengaytirish imkoniyatlarini yaratadi.

    Bu davlatimizning mavjud vaziyatdan chiqish uchun izlanayotganidan va iqtisodiyotga faol aralashayotganidan, xalqimiz va tadbirkorlarimizni qoʻllab-quvvatlash uchun iqtisodiy resurslar yetarli ekanidan dalolat beradi. Biz bu imkoniyatlardan kengroq foydalanishimiz, shu tariqa xalqimiz hayotining farovonlashishiga, iqtisodiy inqiroz holatlarini barvaqt bartaraf etishga oʻz hissamizni qoʻshishimiz lozim.

    Abduvohid AZIMOV,

    xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputati.