Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limidan olingan maʼlumotga ko‘ra, xorijiy  ekspertlar,  Tadbirkorlik  kodeksi  loyihasini  ishlab  chiqish  uchun  shakllantirilgan  ishchi  guruh  aʼzolari  ishtirok  etgan ushbu seminarda  tadbirkorlik  subyektlarini  kichik,  o‘rta  va  yirik  toifalarga ajratishning o‘ziga xos xususiyatlari va tadbirkorlik  subyektlarining tashkiliy-huquqiy shakllari mavzulari atroflicha  muhokama  qilindi.

Tadbirkorlik  kodeksi  loyihasini  ishlab  chiqishga  3  yilga  yaqin  vaqt sarflandi. Loyihani ishlab chiqishga nafaqat milliy  ekspertlarimiz,  balki xalqaro ekspertlar ham jalb qilindi, hujjat 5 oydan ortiq jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi.

Aynan tadbirkorlarning takliflari, ularni qiynab kelayotgan  tizimli muammolarni o‘rganish uchun respublika darajasida ishchi guruhlar  tashkil etilib, respublikamizning barcha hududlarida tadbirkorlar bilan  Kodeks loyihasi muhokama qilindi.

Jamoatchilik, tadbirkorlar va soha ekspertlari bilan o‘tkazilgan  muhokamalar natijasida 1500 ga yaqin takliflar kelib tushdi hamda  loyihada korrupsiyaviy omillarning mavjudligi, gender tenglikka  taʼsiri va boshqa masalalar bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovnomalarda 1200 dan  ortiq fuqaro ishtirok etdi.

Kelib tushayotgan takliflar asosan, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, kredit  ajratish,  tekshiruvlar, soliq  sohasiga taalluqlidir.

Bundan  tashqari,  Kodeks  loyihasi 8 ta yetakchi xalqaro  tashkilotlarga,  jumladan,  USAID,  Jahon  banki, Osiyo taraqqiyot banki,  Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi,  Germaniyaning «Berlin Economics» iqtisodiy guruhi, Iqtisodiy  hamkorlik  va taraqqiyot tashkilotiga taqdim  etilgan  bo‘lib, ushbu tashkilotlardan  ekspertiza natijalari bo‘yicha xulosa va takliflar kelib tushdi.

Bugungi kunda ushbu takliflar asosida Tadbirkorlik kodeksi  loyihasi mutaxassislar tomonidan maromiga yetkazilmoqda.

Kodeksni ishlab chiqishda asosiy urg‘u tadbirkorlik sohasida yagona  yondoshuvni belgilashga, tadbirkorning huquqiy himoyasiga, byurokratiya va  maʼmuriy yukni, shu jumladan, davlat organlarining biznesga aralashuvini  keskin kamaytirishga hamda biznes vakillarini qo‘llab-quvvatlashga  qaratildi.  Xususan:

–  tadbirkorlik  faoliyatini  tartibga  soluvchi  16  ta  asosiy  tamoyillar, jumladan, tadbirkorlikning erkinligi, tadbirkorlar  faoliyatiga davlatning noqonuniy aralashishiga yo‘l qo‘ymaslik,  tadbirkorlik subyektlari huquqlarining ustuvorligi belgilandi;

–  tadbirkorlik subyektlari kichik, o‘rta va yirik toifalarga  ajratildi;

–  tadbirkorlar faoliyatidagi amaldagi tekshiruvlar soni 2 baravar  qisqartirilib, Kodeks bilan tekshiruvlarning qatʼiy ro‘yxati belgilandi;

– tadbirkorlikk davlat tomonidan aralashuv keskin  qisqartirilib,  uning aniq chegaralari belgilandi.