Ta'lim sifatini oshirish strategiyasida kadrlar siyosati

    "Yangi O'zbekiston" gazetasining shu yil 13-sentyabr` sonida Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti rektori, pedagogika fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Ayubxon Radjievning "Ta'lim sifatini oshirish strategiyasida kadrlar siyosati" nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni o'qishingiz mumkin.

    Mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan o'tkazilgan tantanali yig'ilishda Prezidentimiz ta'lim sohasini rivojlantirishni asosiy vazifalardan biri sifatida qayd etib, jumladan, shunday dedi: “Ta'lim sohasida farzandlarimiz zamonaviy bilim va ko'nikmalarni puxta egallashlari uchun eng qulay sharoitlar yaratishni izchil davom ettiramiz. Buning uchun maktablarning o'quv dasturlari, o'qitish uslubi, darsliklar mazmuni tubdan qayta ko'rib chiqiladi”.

    Haqiqatan ham, sohaga qaratilayotgan alohida e'tibor tufayli ta'limni rivojlantirish masalasi davlat siyosati darajasiga ko'tarildi. Ushbu izchillik jabhada bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlarda yaqqol namoyon bo'lmoqda.

    Mamlakatimizda sohaga qaratilayotgan e'tibor ko'lami yildan-yilga kengayib borayotgani, o'qituvchilarga ko'plab imtiyoz va engilliklar yaratilayotgani haqida ko'p gapiryapmiz. Biroq soha xodimlarining bunga javobi qanday bo'lyapti?

    O'qitish sifati pedagoglar saviyasiga bog'liq

    Har yili avgust oyining oxirida Davlat test markazi tomonidan navbatdagi o'quv yili uchun oliy ta'lim muassasalariga qabul bo'yicha o'tkazilgan test sinovlari natijalari tahlili e'lon qilinadi. Abiturientlarning test sinovlaridagi ko'rsatkichlari to'p langan ballarga qarab guruhlanib, 56 balldan past natija ko'rsatganlar soni va ularning barcha abiturientlarga nisbatan salmog'i ko'rsatiladi. Oxirgi yillarda mazkur ko'rsatkich jami abiturientlarning qariyb yarmini tashkil qilmoqda. Bu esa maktab bitiruvchilarining 50 foizi talab qilinadigan bilimning bor-yo'g'i yarmiga ega ekani, ya'ni maktablarimizda sifatli ta'lim berilmayotgani haqidagi mulohazalarga sabab bo'ladi. Albatta, qabul imtihonlarida ishtirok etayotganlarning hammasi ham maktab bitiruvchilari emas, biroq salmoqli qismini joriy yoki undan oldingi yilda maktabni bitirganlar tashkil qiladi.

    Oliy ta'lim muassasalariga qabul jarayonida abiturientlarning past natija ko'rsatishi maktablarimizdagi ta'lim sifatida ayrim muammolar borligini namoyon qiluvchi yagona holat emas. 2019-yili Sirdaryo viloyatida o'tkazilgan o'rganishlar jarayoniga jalb qilingan o'qituvchilarning yarmidan ko'pi o'zi dars beradigan fandan qoniqarsiz natija ko'rsatgan. Yomoni, mazkur o'qituvchilarning o'quvchilari ham tegishli fanlardan juda past ball to'plagan.

    Abdulla Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o'rgatish milliy-tadqiqot instituti oxirgi ikki yilda o'tkazgan tahlillar biologiya o'qituvchilarining 90,6 foizi, fizika o'qituvchilarining 97,6 foizi o'z fanidan juda ham sayoz bilimga ega ekanini ko'rsatdi.

    O'zida yo'q bilimni birovga berib bo'lmaydi

    Maktablarimizda o'qituvchilar kasbiy mahoratining pastligi, ta'lim sifati talab darajasida emasligi, bitiruvchilarning bilimi etarli bo'lmagani uchun oliy ta'lim muassasalariga kirolmayotgani, sifat tarkibi yuqori bo'lmagan abiturientlardan shakllantirilgan talabalardan tayyorlangan o'qituvchilarning etarli darajada raqobatbardosh emasligi kabi muammolar asosiy masala o'qituvchining tajribasi va mahorati bilan bog'liqligini ko'rsatyapti. Chunki maktabdagi ta'lim sifati undagi o'qituvchilar saviyasidan yuqori bo'lolmaydi.

    Ta'lim sifatiga ta'sir qiluvchi boshqa omillar borligini ta'kidlovchi fikrlar ham ko'p bildiriladi. Shulardan biri — sinflarda o'quvchilar sonining ko'pligi. Yuzaki qaraganda kam sonli o'quvchilarni o'qitish ko'p sonli o'quvchilarga dars berishdan ko'ra, osonroq tuyuladi. Biroq bu kam sonli bolalarning ta'lim sifati yuqori bo'ladi, degani emas.

    2000 - yillarning boshida ta'lim islohotini boshlagan rivojlangan mamlakatlarda sinflardagi o'quvchilar sonini kamaytirish o'qitish sifatini ta'minlashning yo'llaridan biri hisoblangan. Keyingi tahlillar bunday yondashuv kutilgan natija bermaganini ko'rsatdi. Evropa Ittifoqining deyarli barcha va Osiyo mintaqasining bir qator davlatlari ana shu yo'ldan borib, ta'limga xarajatni sezilarli darajada oshirgan. Biroq ularning faqat bir nechtasi ta'lim sifatining sezilarli yaxshilanishiga erishgan, aksariyatida o'qitish sifati o'zgarmasdan qolgan yoki hatto pasaygan.

    AQSHning bir nechta shtati va shaharlarida, shuningdek, Singapur va Janubiy Koreyada olib borilgan tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, agar o'rtacha qobiliyatga ega etti-sakkiz yoshli ikki o'quvchiga bir-biridan juda farq qiladigan (yuqori va past saviyali) o'qituvchilar biriktirilsa, uch yildan keyin ularning bilimi darajasi bir-birinikidan 50 foizdan ziyodroqqa farq qilarkan. Demak, yuqori malakali o'qituvchilar dars bergan sinflarda o'quvchilar uch barobar tezroq rivojlanar ekan.

    Joriy yil iyun` oyida mamlakatimizda bo'lgan Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti bosh kotibining ta'lim siyosati bo'yicha maslahatchisi Andreas Shlyaxerga “O'qitish sifatini ta'minlash uchun nima muhim: sinflardagi o'quvchilar sonini qisqartirishmi yoki o'qituvchilarning saviyasini oshirishmi?” degan savol berildi. Unga javoban mutaxassis shunday dedi: “Agar siz darslarni qisqartirish yoki o'qituvchilarning malakasini oshirishdan birini tanlashingiz kerak bo'lsa, pedagoglarning saviyasi muhimroq. Bu borada yuqori natijalarga erishgan davlatlar, masalan, Xitoy tajribasini o'rganishimiz mumkin. Darhaqiqat, bu mamlakatda juda katta sinflar mavjud. Lekin, ikkinchi tomondan, bu davlatda pedagog kadrlar malakasini muntazam oshirib borishga alohida e'tibor qaratilmoqda”.

    Demak, ta'lim sifatini oshirishda o'qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish boshqa yondashuvlarga nisbatan samaraliroq ekan. Boshqacha aytganda, maktabda, hududda va nihoyat mamlakatda sifatli ta'limni ta'minlash yuqori malakali pedagoglarga bog'liq.

    Samarali o'qitish uchun uzluksiz o'qish kerak

    Zamonaviy dunyoda o'qituvchilarning intellektual salohiyatini oshirish jamiyat rivojlanishini ta'minlovchi asosiy mexanizmdir. Ta'lim siyosati sohasida jahonning etakchi ekspertlaridan biri bo'lgan Maykl Barber bir maqolasida samarali maktab tizimini tavsiflovchi tarkibiy elementlardan biri yuqori malakali o'qituvchilar jamoasi hamda ularning pedagoglik fazilati va malakasini muttasil takomillashtirishdir, deb ta'kidlaydi.

    Haqiqatan ham, bugun tez o'zgarayotgan zamonda iqtisodiyot, fan va ta'lim mislsiz sur'atda rivojlanib bormoqda. Mavjud ilmiy axborotlar, shu jumladan, maktab fanlariga doir ma'lumotlarni har yili to'la yangilashga ehtiyoj sezilyapti. Bunday sharoitda muvaffaqiyatli faoliyat olib borish uchun o'qituvchi har kuni o'qib o'rganishi zarur. Mazkur talabni bajarishi uchun davlat va jamiyat muallimga tegishli sharoitlar yaratib beradi.

    Evropadagi Finlyandiya, Germaniya, Fransiya, Estoniya kabi ta'limi rivojlangan mamlakatlar, shuningdek, Osiyo mintaqasidagi Xitoy, Janubiy Koreya, Singapur, Malayziya kabi davlatlarda maktab o'qituvchilarining zamon talablariga mos tayyorgarlik ko'rishini ta'minlash uchun pedagoglardan har yili malaka oshirish talab qilinadi. Bu jarayon turli shakl va davomiylikka ega bo'lib, ularda muallimlarning ishtirok etishi majburiydir. Malaka oshirish kurslarining davomiyligi Evropa mamlakatlarida kamida 5 kun etib belgilangan bo'lsa, Janubiy Koreyada 108 soat, Singapurda 100 soatdan kam bo'lmasligi lozim.

    Bizda esa 2021 - yilgacha amalda bo'lgan tartibga ko'ra, o'qituvchilar har 5 yilda bir marta 144 soatlik dasturga asoslangan malaka oshirish kurslarida o'qishi lozim edi. Biroq har besh yilda o'qiladigan malaka oshirish kursi zarur bilimlarni zamonaviy sur'atga mos tarzda yangilab berolmaydi. Sababi, kurslarda olingan bilim tez eskiradi, bu esa o'qituvchilarning taraqqiyotdan ortda qolishiga, o'qitadigan fani, metodikasi va ta'lim texnologiyalari bilan bog'liq yangiliklardan bexabar bo'lib qolishiga olib keladi.

    Bugungi kun talablariga mutlaqo javob berolmay qolgan mazkur tartib “Hayot davomida o'qish” tamoyiliga asoslangan uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimiga transformatsiya qilindi. Xalq ta'limi xodimlari, jumladan, pedagog kadrlarning har yili kamida 36 soat hajmda malaka oshirishi va belgilangan kredit ballarni to'plashi majburiyligi tartibi yo'lga qo'yildi. Mazkur qoida pedagog kadrlar malakasini oshirishning 6 ta shaklidan (ishlab chiqarishdan ajralgan holda ta'lim olish; ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta'lim olish; masofaviy ta'lim; dual ta'lim; mustaqil ta'lim; malaka oshirishning muqobil shakllari) birini o'z ixtiyoriga ko'ra tanlashi mumkinligini nazarda tutadi.

    Bugun xalq ta'limi xodimlarining, jumladan, pedagoglarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini tashkil etish uchun etarli sharoitlar yaratilgan. Har yili majburiy bo'lgan malaka oshirish kurslaridan tashqari maktab o'qituvchilariga o'z kasbiy mahoratini uzluksiz oshirib borish uchun har haftaning muayyan bir kuni metodika kuni sifatida belgilab qo'yilgan. Mana shu kuni o'qituvchiga dars soatlari qo'yilmaydi, u faqat o'zining kasbiy mahoratini oshirish tadbirlarida ishtirok etadi yoki mustaqil ta'lim oladi.

    Maktabning vazifasi — o'quvchilarni hayotga tayyorlash

    O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o'rta ta'lim to'g'risida nizom”da “Umumiy o'rta ta'lim o'quvchilarga bilimlarning zarur hajmini beradi, mustaqil fikrlash, tashkilotchilik qobiliyati va amaliy tajriba ko'nikmalarini rivojlantiradi, dastlabki tarzda kasbga yo'naltirishga va ta'limning navbatdagi bosqichini tanlashga yordam beradi”, deb qayd etilgan.

    O'quvchilarni professional tashxislash va kasb-hunarga yo'naltirish, shuningdek, o'g'il-qizlarni yuqori malaka talab etmaydigan kasblarga tayyorlash umumiy o'rta ta'lim maktabining vazifalaridan biri sifatida belgilangan.

    Demak, o'quvchi shaxsini mustaqil fikrlash, ta'limning keyingi turini tanlash hamda yuqori malaka talab qilinmaydigan kasblarni egallashga tayyorlash umumiy o'rta ta'limni amalga oshiruvchi ta'lim muassasasi — maktabning maqsadi ekan.

    O'quv muassasasi o'z vazifasini qanday bajarmoqda?

    Mamlakatimizda maktab bitiruvchilarining kasb tanlash borasidagi fikrini o'rganish uchun 1000 dan ortiq maktabda pedagog va o'quvchilar bilan suhbat o'tkazildi. Bitiruvchilar bilan muloqot chog'ida ularning qaysi yo'nalish bo'yicha o'qishni davom ettirishi va qaysi kasbni tanlashi bilan qiziqib, kasblarni bilish va tanlash borasidagi fikrlari tahlil qilindi.

    Har ikkala yondashuv asosida — borib ko'rganda ham, so'rovnoma o'tkazilganda ham xulosa bir xil bo'ldi. Natijalar tahlili mamlakatimizda yuzdan ortiq kasb mavjud bo'lsa-da, bitiruvchilar bor-yo'g'i 20 ga yaqin kasb haqida tasavvurga ega ekanini ko'rsatdi.

    Tadqiqot natijasida ma'lum bo'lishicha, bitiruvchilarning 20,9 foizi pedagogika va psixologiya kasbini tanlagan, bu jami bitiruvchilarning 81 ming 500 nafarini tashkil etmoqda. Eng quyi ko'rsatkich ijodiy sohalarda ekani qayd etilgan, ya'ni 1,4 foiz. Hunarlar ichida eng yuqori ko'rsatkich ijtimoiy xizmat sohalari (sartaroshlik, tikuvchilik, kosmetologlik va boshqalar)da, eng quyi natija esa fermerlik, dehqonchilik, hunarmandlik va ustachilikda ekani ma'lum bo'ldi.

    2021/2022 - o'quv yilida maktabni tamomlagan 11-sinf bitiruvchilarining 67 foizi “Sizning 11-sinfni bitirgandan keyingi rejalaringiz qanday?” degan savolga javob natijalari allaqachon kasbi(sohasi)ni tanlab qo'yganini ko'rsatmoqda. Ammo kelajagi haqida aniq tasavvurga ega, deb hisoblangan mazkur bitiruvchilarning ko'pi kasb-hunarlar haqida etarlicha ma'lumotga ega emas. Hatto juda ko'p kasblarni bilmaydi, ya'ni mehnat bozorida qaysi kasbga talab yuqori, qaysi kasbdan qancha daromad olish mumkinligiga qiziqmagan. Bitiruvchilarning 6 foizi kelajakni hozirdan rejalashtirishga hali erta deb hisoblashini hamda shaxsiy hayot, oila qurishni rejalashtirayotganini ta'kidlagan.

    Hozirda iqtisodiyotning u yoki bu sohasida kasblar juda ko'p. Ularning aksariyatida olinadigan daromad oliy ma'lumotli mutaxassisnikidan ancha salmoqli. Shunday ekan, nega bitiruvchi o'quvchilar faqat bir necha kasb va ularni egallash uchun o'qishi lozim bo'lgan oliy ta'lim muassasasi haqida ma'lumotga ega? Ularining ko'pi bilan 20 foizi oliy ta'lim muassasalariga kirishi mumkin, qolgani nima bilan shug'ullanadi? Agar qo'lida biror hunari bo'lmasa, nima qiladi?

    Ana shu savollarga javob berishda qiynalmaslik uchun bugungi kun maktabida ertangi kungi hayotni nazarda tutgan holda, ta'lim-tarbiya ishini tashkil qilish va bunda o'quvchilarga kasb tanlash borasida zarur ma'lumotlarni taqdim etib borish kerak. Maktab imkon qadar yoshlarni mustaqil fikrlashga va ta'limning keyingi turini tanlash hamda yuqori malaka talab qilinmaydigan kasblarni egallashga tayyorlash vazifasini bajarishi lozim. Shundagina o'g'il-qizlarimizning kelajagidan, mustaqil hayotga qadam qo'yishidan ko'nglimiz xotirjam bo'ladi.

    Ayubxon RADJIEV,

    Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti rektori,

    pedagogika fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD),

    dotsent