Tabrikning kirish qismi istiqlolning shonli tarixi, uning asosiy natijalariga bagʻishlandi. Bunda birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning beqiyos xizmatlari ham eʼtirof etildi. Soʻngra davlatimiz tomonidan doimiy eʼtibor va barqaror rivojlantirish koʻzda tutilgan sohalarga toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini, soʻz va vijdon erkinligini taʼminlash, pandemiya sharoitida moliyaviy-iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, ishlab chiqarish tarmoqlarini tiklash va iqtisodiy faollikni oshirish kabi maqsadlar, ularga erishish asnosida jahon hamjamiyatining yuksak eʼtirofi keltiriib oʻtildi.
Birgina investitsiya sohasidagi koʻrsatkichlarga eʼtibor bering. Investitsiyalarning umumiy hajmi qisqa muddatda 2,1-martaga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar hajmi 3 barobarga yaqin oʻsdi. Oʻtgan uch yil mobaynida soliq sohasida yangi tizim joriy etildi. Soliqlar soni sezilarli darajada kamaytirildi, aylanma mablagʻdan olinadigan soliqlar bekor qilindi. Qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirilib, ushbu soliq zanjirining yaxlit tizimi yaratildi. 2017 — 2020-yillarda banklarimiz kapitali 5,7 barobar yoki 5 milliard dollargacha oshdi.
Aholini uy-joy bilan taʼminlash masalasidagi erishilgan natijalar ham kishini befarq qoldirmaydi: 2017 — 2020-yillar davomida 140 mingdan ziyod arzon va sifatli uy-joylar bunyod etildi. Ushbu koʻrsatkich 2016-yilga nisbatan qariyb 11 barobar oshgan.
Shuningdek, maʼruzada Prezidentimiz tomonidan davlat va jamiyat ravnaqini belgilab beruvchi quyidagi fikrlar pedagog sifatida bizni ruhlantirdi: “Atoqli maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan hikmatli soʻzlarini men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman.
Keyingi yillarda masalaga mana shunday yondashuv bizning ushbu sohadagi faoliyatimiz mezoniga aylandi. Chindan ham, agar biz taʼlimni oʻzgartirsak, taʼlim insonni oʻzgartiradi. Inson oʻzgarsa – butun jamiyatimiz oʻzgaradi”.
Darhaqiqat, taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar Oʻzbekistonda Uchinchi Renessansga poydevor boʻladi. Shu sababli hozirda mamlakatimizda uzluksiz taʼlimni takomillashtirish, farzandlarimizni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash, yuqori malakali pedagog kadrlar tayyorlashni tubdan yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Taʼlim-tarbiyaning boshlangʻich boʻgʻini boʻlgan maktabgacha taʼlim tizimidagi oʻzgarishlardan barchamiz yaxshi xabardormiz. Sohada yagona davlat siyosatini yuritish maqsadida Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etildi.
2017-yili yurtimizda 5 ming 211 ta bogʻcha faoliyat yuritgan boʻlsa, joriy yilda bu raqam – tasavvur qiling – 19 ming 316 taga yetdi. Davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari hamda oilaviy bogʻchalarning joriy etilishi, bir qator imtiyozlar berilishi tufayli 13 mingdan ziyod nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ushbu maqsadli islohotlar natijasida maktabgacha taʼlimga qamrov darajasini 62 foizga, 6 yoshdagi bolalar oʻrtasida esa 77 foizga yetkazishga erishildi.
Yangi turdagi taʼlim maskanlari, xususan, Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Birgina 2020-yilni oladigan boʻlsak, yurtimizda matematika fani boʻyicha 56 ta, kimyo-biologiya fani boʻyicha 28 ta, informatika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha 14 ta ana shunday maktablar tashkil etildi.
Bu islohotlar albatta oʻzining ijobiy natijasini bermoqda. Buni 2017 — 2020-yillarda oʻquvchilarimiz nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida 30 ta medalni qoʻlga kiritgani misolida ham yaqqol koʻrish mumkin.
Yoshlarni talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasb-hunarlarga oʻrgatish uchun oʻtgan oʻquv yilida mamlakatda 339 ta kasb-hunar maktabi, 194 ta kollej va 195 ta texnikum faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Oliy taʼlim tizimida ham tub oʻzgarishlar yuz berayotganligini quyidagi koʻrsatkichlar tasdiqlaydi: yurtimizda soʻnggi 5 yilda 64 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkazildi. Qabul kvotasi 3 barobar oshirildi. Endilikda bitiruvchi yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2016-yilgi 9 foizdan 28 foizga yetkazildi. Yaqin kelgusida ushbu koʻrsatkichni 50-60 foizga yetkazish moʻljallanmoqda. Demak, taʼlim sifatini oshirish bizning maqsadimiz va sharafli vazifamiz boʻlib qoladi.
Davlatimiz rahbari oʻzining tabrik nutqida “Markaziy Osiyo ruhi” degan iboraga toʻxtalib oʻtdi. Xalqaro maydonda mintaqa nomidan yangi tashabbuslar ilgari surila boshlanganligi, ular jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilayotganligi buning sababidir. Bunda, albatta, Oʻzbekistonning ham munosib oʻrni bor.
Oʻtgan 30 yil ichida davlatimiz va xalqimizning oʻzaro ishonchi, hamjihatligi rivojlanishimizning asosi boʻlib xizmat qildi. Bu yilgi mustaqillik bayrami “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida nishonlandi. Mazkur shior jamiyatning barcha qatlamini birlashtirish vazifasini bajarmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi arafasida bir qator yurtdoshlarimiz davlatimizning yuksak mukofotlari, orden va medallari bilan taqdirlandilar. Institutimizning jamoasi orasidan ham ilm-fan ravnaqi va taʼlim sohasidagi islohotlarga mehnatlari eʼtirof etilib, bir guruh professor-oʻqituvchilarimiz davlatimizning davlat mukofotlari, medallari bilan taqdirlandilar. Xususan, Namangan muhandislik-qurilish institutining transport logistikasi va xizmatlar sohasi kafedrasi professori Bayboboyev Nabijon Gʻulomovich “Doʻstlik” ordeni bilan, institut yetakchi professor-oʻqituvchilaridan Gʻulomqodir Dadamirzayev, Gʻofurjon Gʻulomov, Murodilla Olimov, Ahmadjon Toʻxtaboyev, Bahriddin Mahmudov, Vohidjon Turdaliyev, Anvarjon Isomiddinov, Azizbek Abduvaliyev, Otabek Jalolov “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻttiz yilligi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Bu esa qalbimizni cheksiz faxr, iftixor tuygʻusiga toʻldirdi.
Bugun institut jamoasi “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida yangi oʻquv yili va mustaqillik darslarini boshlab yubordi. Prezidentimizning bayram tabrigida ilgari surilgan fikrlar, oʻrtaga qoʻyilgan gʻoya va vazifalar esa institut jamoasini yangi marralar sari yoʻnaltiradi, deb oʻylaymiz.
Imkoniyatdan foydalanib institut jamoasi nomidan barcha vatandoshlarimizni mustaqillik bayrami bilan yana bir bor muborakbod etaman. Ezgu maqsadlarni amalga oshirishda kuch-quvvat tilayman!
Sharifboy ERGASHEV,
Namangan muhandislik-qurilish instituti rektori