“Toshkent tajribasi” — kelajak kasblariga yoʻnaltirilgan loyiha

    Shu yil 15-may kuni maktab taʼlimida amalga oshirilgan islohotlar va kelgusidagi asosiy vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida Prezidentimiz yoshlarni kasb-hunarga oʻrgatish, toʻgʻri tarbiyalash, zararli taʼsirlardan asrash ham dolzarb masalalardan ekanini taʼkidladi.

    Yigʻilishda yoshlarning boʻsh vaqtini samarali tashkil qilish masalasi koʻrilib, “Barkamol avlod” maktablari, “Yoshlik” sport jamiyati va Oʻquvchi yoshlar markazi yagona tizimga birlashtirilishi zarurligi belgilandi. Endi bu markazlar toʻliq taʼmirlanib, zamonaviy, kreativ yoʻnalishlar asosida jihozlanadi. Xorijiy tillar, sunʼiy intellekt, dasturlash va animatsiya toʻgaraklari ochiladi.

    Mazkur yigʻilishda berilgan topshi­riqlar ijrosini taʼminlash yuzasidan hu­dudlarda zarur chora-tadbirlar koʻrilyapti. Jumladan, poytaxtimizdagi umumtaʼlim maktablarida “Toshkent tajribasi” yoʻlga qoʻyildi. Loyihada hududdagi maktablarning oʻqitish sifatini oshirish, tizimda yuqori natijalarga erishish, taʼlimni yangi bos­qichga koʻtarish koʻzda tutilgan. Shuningdek, uning doirasida muayyan maktablarda kasb oldi sinflar tashkil etilib, tibbiyot, AT va dasturlash, muhandislik texnologiyasi, sotsiologiya, xorijiy til oʻrgatish yoʻnalish­lari boʻyicha oʻquvchilarning kasbiy qiziqish va koʻnikmalari rivojlantiriladi.

    Mehnat bozoridan ortda qolmaslik kerak

    — “Toshkent tajribasi” osonlikcha ish­lab chiqilgani yoʻq. Buning uchun eng rivoj­langan, taʼlim sifati yuqori davlatlarning oʻqitish tizimi tahlil qilindi. Mutaxassis­larimiz oʻsha mamlakatlarga yuborildi. Jum­ladan, AQSH, Xitoy, Avstriya, Finlyandiya, Rossiya taʼlimida keyingi 5-10 yilda meh­nat bozoriga qanday kasblar boʻyicha oʻquvchi­lar tayyorlanayotgani oʻrganildi. Shuningdek, buning uchun qaysi fanlarni chuqurlashtirib oʻqitish kerakligi ham tadqiq qilindi. Is­tanbuldagi innovatsion muhit, Sankt-Peter­burgning taʼlim modelini oʻzlashtirishga ha­rakat qildik. Umuman olganda, rivojlangan davlatlar poytaxtlaridagi maktab taʼlimi va kelajak kasblari markazlari faoliyati­dan kelib chiqib, xulosalarimizni umumlash­tirdik. Shunda keyingi 10-20 yillikda eng ustuvor deb qaralayotgan yoʻnalish muhandis­lik texnologiyalari boʻldi. Ayni yoʻnalish­ning ildizi matematika, fizika fanlariga borib taqaladi. Shu maʼnoda, yoshlarga bu fanlarni chuqur oʻrgatish kerakligi ayon boʻ­ladi, — deydi Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻyicha oʻrin­bosari Durdona Rahimova. — Tahliliy maʼ­lumotlar xorijiy tilni oʻrganishga 30-40 foiz ustuvorlik berilayotganini koʻrsatdi. Bunda asosiy natija yoshlarning chet tillar­ni puxta oʻzlashtirib, xalqaro sertifikat­larni qoʻlga kiritganida koʻrinadi. Ustuvor yoʻnalishlardan yana biri axborot texnolo­giyalari va dasturlashdir. Bugun sunʼiy in­tellekt rivojlanishi tufayli koʻplab kasb­lar dolzarbligini yoʻqotyapti. Shu maʼnoda, sunʼiy intellektdan-da salohiyatli kadrlar tayyorlash maqsadi bunga 20-25 foiz ehtiyoj borligini koʻrsatyapti. Har qancha texnolo­gik yuksalish boʻlmasin, sunʼiy intellekt rivojlanmasin, oʻrganishlar keyingi 5-10 yillikda tibbiyot xodimlari eng talabgir kasb egalariga aylanishini maʼlum qilyapti. Tibbiyot yoʻnalishidagi kasb oldi sinflari shundan kelib chiqib tashkil etildi.

    Bugungi aksariyat bolalar qiziqayotgan soha — tadbirkorlik. Bu tabiiy. Ular yur­timizda biznes muhiti rivojlangani sari koʻz oʻngida katta biznes egalari qahramonga aylanayotganini koʻrib, men ham ishbilar­mon boʻlaman deyapti. Qolaversa, nafaqat bolalarda, ota-onalarda ham kasb tanlash borasida yangicha qarashlar kuzatilyapti. Mamlakatimizning keyingi yillardagi ij­timoiy-iqtisodiy rivojlanishini hisobga olsak, yiliga ikki barobar koʻp tadbirkor­lik subyektlari ochilyapti. Shuning uchun ham biznesda, ayniqsa, xizmat koʻrsatish sohasi­da imkoniyatlar katta. Toʻgʻri, yangi tajriba doirasida oʻquvchiga maktabni bitirishi bi­lan kredit berilib yoki ish bilan taʼminlab qoʻyilmaydi. Ularni hayotga tayyorlik ruhida tarbiyalaymiz, yaʼni aniq yoʻlini maktabda­noq koʻra bilishiga erishmoqchimiz.

    Biz yuqorida aytgan davlatlarning bar­chasida biznes va menejment darslari yoʻlga qoʻyilgan. Bular oddiy darslar emas, bosh­qaruvning haqiqiy sir-asrori, samarador­likni koʻrsatadigan, iqtisodiyotni, mar­ketingni, yangi zamonaviy yoʻnalishlarni oʻrgatadigan mashgʻulotlar. Shuning uchun bu bilimlarni oʻrgatishga ham alohida eʼtibor qaratilyapti. Kelajakdagi ustuvor fanlar sifatida gumanitar fanlarga keyingi 5-10 yillikda 10 foiz ustuvorlik berilyapti.

    Yuqorida aytganimdek, bularning bar­chasini chuqur tahlil qilganimizdan soʻng “Toshkent tajribasi”ga kirishdik. 7-11-sinf oʻquvchilari va ota-onalari ishtirokida soʻ­rovnomalar oʻtkazib, 12 ta maktabning 60 ta sinfidan saralangan 1800 oʻgʻil-qiz bilan yangi loyihani yoʻlga qoʻydik. Kasb oldi sinf­lar umumkasbiy va umumtaʼlim yoʻnalishla­rida tashkil etildi. Mana, tajribaning ik­kinchi oyi yakunlanyapti. Oʻquvchilar tushgacha davlat taʼlim standarti boʻyicha, tushdan soʻng soat 17:00 gacha “Toshkent tajribasi” doirasi­da taʼlim olyapti. Internat tizimi boʻlgani bois, ular mahalliy byudjet hisobidan bepul tushlik bilan taʼminlanyapti.

    Oʻqituvchilar ham yozgi taʼtilda har to­monlama oʻrganilib, saralab olindi. 150 pedagogga chuqurlashtirib oʻtadigan mashgʻu­lotlari uchun KPI tizimi asosida maosh toʻ­lanadi. Ish samaradorligi dars jarayonida oʻquvchilarni qiziqtira olish darajasi va bolalarning oʻzlashtirish koʻrsatkichi asosi­da baholanadi.

    Hokimlik vakilining aytishicha, bu tajri­baga jalb qilingan sinflar allaqachon oliy taʼlim muassasalari va korxonalarga integ­ratsiya qilingan. Ilmiy-metodik bazani mus­tahkamlashda taʼlim dargohlari, amaliy mash­gʻulotlarni tashkil qilish borasida esa yirik ishlab chiqaruvchi korxonalar masʼullikni zimmasiga olgan. Tibbiyot sinflarining aso­siy ilmiy-metodik bazasi taʼminotchisi Tosh­kent davlat tibbiyot universitetidir. Oʻquvchi­lar oliygoh laboratoriyalaridan foydalanadi, professor-oʻqituvchilarning mahorat dars­larida qatnashadi, tibbiyot klinikalaridagi amaliy jarayonlarga guvoh boʻladi.

    Muhandislik texnologiyalari sinflari Turin politexnika universitetiga birik­tirilgan. Ularning asosiy ish beruvchisi Yashnoboddagi texnopark va Yangihayot tuma­nidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi boʻlishi reja qilingan. Xullas, oʻquvchilar­ ning amaliy saʼy-harakatlari ishlab chiqa­rish bilan bogʻlanishi kerak. Axborot texno­logiyalari va dasturlash sinflari Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga bi­riktirilgan. Shuningdek, boʻlajak dasturchi­lar shanba kunlari AT parkka boradi. 400 ga yaqin oʻquvchi kod terish, dastur yaratish kabi ishlar bilan band boʻlyapti.

    — Oldimizda tajriba sinflarini ku­zatish, sinov samaradorligi va ijtimoiy ahamiyatini tahlil qilish vazifasi turib­di, — deydi Durdona Rahimova. — Natija­lar kutganimizdek chiqsa, kasb oldi sinflar koʻpaytiriladi. Zero, mamlakatimizga imkon qadar katta hajmda kelajak kasblarini olib kirishimiz kerak. Shu paytgacha maktabda kasb oʻrgatish deganda tikuvchilik, oshpaz­likni tushunib keldik. Bugun elektr simini ulash, lampochka oʻrnatish kabi mayda yumush­lar shundoq ham hayotiy koʻnikma, mehnat tar­biyasi mahsuli ekani kundek ravshan boʻlib ning amaliy saʼy-harakatlari ishlab chiqa­rish bilan bogʻlanishi kerak. Axborot texno­logiyalari va dasturlash sinflari Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga bi­riktirilgan. Shuningdek, boʻlajak dasturchi­lar shanba kunlari AT parkka boradi. 400 ga yaqin oʻquvchi kod terish, dastur yaratish kabi ishlar bilan band boʻlyapti.

    — Oldimizda tajriba sinflarini ku­zatish, sinov samaradorligi va ijtimoiy ahamiyatini tahlil qilish vazifasi turib­di, — deydi Durdona Rahimova. — Natija­lar kutganimizdek chiqsa, kasb oldi sinflar koʻpaytiriladi. Zero, mamlakatimizga imkon qadar katta hajmda kelajak kasblarini olib kirishimiz kerak. Shu paytgacha maktabda kasb oʻrgatish deganda tikuvchilik, oshpaz­likni tushunib keldik. Bugun elektr simini ulash, lampochka oʻrnatish kabi mayda yumush­lar shundoq ham hayotiy koʻnikma, mehnat tar­biyasi mahsuli ekani kundek ravshan boʻlib qoldi. Zamonaviy kasblar esa tarmoqlarga, sohalarga kadrlar yetkazib berishni nazarda tutadi. Bu umuman boshqa tizim. Ayni payt­da xizmat koʻrsatish, ayniqsa, savdo sohasida ishchi kuchiga ehtiyoj katta. Ish beruvchilar munosib kadrlar yoʻqligidan qiynalyapti.

    Chunki yuqorida aytilganidek, tikuvchi va oshpaz, nari borsa, santexniklarni tayyor­lab keldik. Supermarketlarga qadoqlovchi, kassir tayyorlamadik. Buning uchun 3-4 yil­lab oʻqish ham shart emas, 3-6 oylik kurslar kifoya. Shuning uchun ham korxonalar oʻziga oʻquv markazi tashkil qilyapti. Oddiy misol, “Korzinka” savdo doʻkonlari tarmogʻi yaqinda Chilonzor tumanida kadrlar tayyorlash uchun savdo akademiyasini ochadi. Chunki mijozlar bilan ishlash koʻnikmasi yetishmasligidan kadrlar qoʻnimsizligi koʻpayishi natijasi­da bugunga kelib, koʻplab ish oʻrinlari paydo boʻlgan. Bu nimadan kelib chiqyapti? Taʼlim­ni mehnat bozoriga moslashtira olmagani­mizdan, kelajak kasblarini oldindan koʻra bilmaganimizdan. Nima uchun eng rivoj­langan davlatlarda bolalar dron yasayapti? Chunki ular 5-10 yildan keyin barcha sohalar avtomatlashib, dronlashib ketishini biladi. Shunday ekan, biz hamon anʼanaviy kasb­larimizni oʻqitishda davom etsak, taʼlim mehnat bozoridan ortda qolaveradi. Bola­larimizni maktab davridan muayyan kasbni tanlashda qatʼiy boʻlishga oʻrgatish, buning uchun shu kasbga mehrini oshirishimiz kerak.

    Kasb oldi sinflarni tashkil etishda oʻquvchilarni saralab olish juda qiyin kech­di. Ularning aksariyati qaysi kasb egasi boʻlishi haqida hali oʻylamagan, kelajakda oʻzini hech qaysi sohada koʻra olmaydi. Toʻgʻri, bunda asosan ota-onalarning fikri ham bir­lamchi boʻlib kelgan. Ota kasbini davom et­tirish, ular aytgan yoʻnalishni tanlash kerak degan tushunchalar bizni mehnat bozoridan ortda qoldirdi. Biroq endi hammasini toʻgʻ­ri tushunib yetsak, harakat qilsak, kelajak kasblarida ham faol boʻlish, taʼlim tizimi­mizni sohalarga, tarmoqlarga toʻgʻri integra­siya qilishga erishishimiz mumkin.

    Qoʻshimcha daromad hammaga yoqadi

    — Avvalo, bu tajriba uchun maktabimiz tanlab olingani muvaffaqiyatimiz ekanini aytmoqchiman, — deya bizni iliq qarshilagan Mirobod tumanidagi 154-maktab direktori Nasiba Mirsoatova. — Oʻqituvchilarimiz ham ilmiy, ham psixologik jihatdan sinov­dan oʻtdi. Bu, albatta, toʻgʻri. Chunki saralab olingan oʻquvchilar bilan ishlash qobiliyati va mahorati yetarlimi degan nuqtayi nazardan pedagoglarni ham saralash zarur.

    Yosh boʻlsa-da, oʻziga katta ishonch bildi­rilgani va yangi tajribaga jalb etilganidan xursand boʻlgan maktab oʻqituvchisi Mohira Shodiyorova ham loyiha xususida iliq fikr bildirdi.

    — Tanlangan sinflarga dars berishning oʻziga yarasha masʼuliyati bor. Faqat va faqat natija uchun ishlash kerak. Barcha tajriba sinflarida ona tili chuqurlashtirib oʻtila­di. Zero, oʻquvchi qaysi oliy taʼlim dargohi­ga imtihon topshirmasin, ona tilidan test topshiriqlarini yechadi. Toʻgʻri, avvaliga kun davomidagi dars biologik jihatdan oʻquvchi­larimizni biroz toliqtirdi. Lekin hozir hammasi moslashib, koʻproq oʻqish va oʻrganish­ga koʻnikib ketgan. Bolalarning oʻziga ishonchi ortib boryapti. Mana shunday bilimga tash­na, faol oʻquvchilar bilan ishlash oʻqituvchiga juda maʼqul. Shu paytgacha milliy sertifi­katim borligi uchun 50 foizlik ustama olib kelayotgandim. Endi tushdan keyin oʻtayotgan darslarim hisobiga ming dollardan ziyod maosh oladigan pedagoglar safidaman.

    * * *

    Yangihayot tumanidagi 332-maktabda biz­nes va menejment yoʻnalishi boʻyicha dars be­rayotgan Nilufar Yoʻldosheva ham yosh oʻqituv­chilardan. U shu yil iqtisodiyot yoʻnalishini tamomlagan boʻlsa-da, menejer, yordamchi hi­sobchi sifatida anchadan buyon ishlab kelayot­gani bois, yetarli tajribaga ega. Nilufar oʻzi dars berayotgan oʻquvchilar, ayniqsa, oʻgʻil bolalarning biznesga katta qiziqish bildi­rayotgani, hozirdan kichik-kichik biznes gʻoya­lar tuza olayotgani, bu esa uni oʻz ustida yanada koʻp ishlashga undayotgani haqida gapirdi.

    — Bunday dars umumtaʼlim maktablarida avval boʻlmagan. Toʻgʻri, iqtisod faniga oʻx­shab ketadigan jihatlari bor. Lekin biznes gʻoyalar, marketing, biznes gʻoya uchun strategiya­lar, startaplar haqida oʻtilmagan. Hali ish rejasi boʻlmagan paytda ham biznes nima­ligi, biznes reja tuzish, marketing, menej­mentdan ilk tushunchalarni berib bordim. Bir haftada 8 soat dars oʻtaman. Maktab uyi­mizning yonginasida, ortiqcha ovora boʻlmay­man. Qoʻshimcha daromad toʻlaligicha oilamiz byudjetiga qolyapti, — deydi u.

    “Bolalarimiz behuda yurmayapti”

    — Turmush oʻrtogʻim ham, men ham savdo so­hasida ishlaymiz. Kenja oʻgʻlimiz Yashnobod tumanidagi 154-maktabning 8-sinfida oʻqiy­di. Yangi tajriba yoʻlga qoʻyilgani, avvalo, bolalarning oʻzi uchun, qolaversa, biz kabi kun boʻyi ishda yuradigan ota-onalar uchun ayni muddao boʻldi. Chunki endi “farzandim mak­tabdan toʻgʻri uyga keldimi, tushlik qildimi, undan soʻng nima bilan mashgʻul boʻlyapti?” de­gan oʻy bizni xavotirga solmayapti. Aks holda, balogʻatga yetgan farzandning nimalar bilan bandligini nazorat qilib turmasangiz boʻl­maydi. Kun boʻyi oʻqigan oʻgʻil-qiz kechki payt charchab keladi. Uy vazifalarini qiladi-yu, barvaqt yotib uxlaydi. Shuning uchun ham far­zandimiz AT va dasturlash sinfiga tanlab olinganidan xursandmiz. Har shanba kuni AT parkka borayotgani, oʻzi qiziqqan koʻp koʻnikma­larni oʻzlashtirib olayotgani uchun ham kundan kunga “Toshkent tajribasi”ga bogʻlanib qolyap­ti, — deydi mirobodlik Farida Abduvaliyeva.

    Yashnobod tumanidagi 339-maktab oʻquv­chisi Mohinur Saidahmadovaning onasi Zu­layho Rahmonova esa qizining tibbiyot uni­versitetiga grant asosida oʻqishga kirishiga umid bogʻlab turibdi.

    — Qiz bolaning oilada, jamiyatda oʻz oʻr­nini topishi ota-onasining farzandi taʼli­miga eʼtiboriga bogʻliq. Qizlarni oʻqitishdan foyda yoʻq deganlar xato qiladi. Hech qayerda ishlamasa ham farzandi tarbiyasida onalar­ning maʼlumoti katta oʻrin tutadi, — deydi Zulayho opa. — Eng muhimi, bu loyihada farzandlarimiz 5 ta fan boʻyicha sertifikat olishi mumkin. Chunki ular behuda yurmayapti, kechgacha maktabda mashgʻulotlar bilan band. Har kuni taassurotlari haqida toʻlqinlanib gapirib beradi. Ayniqsa, endi tibbiyot uni­versitetiga borib, laboratoriyalarda amaliy jarayonlarni koʻrishi mumkinligidan sevi­nib yuribdi.

    * * *

    “Toshkent tajribasi”ga qamrab olingan oʻquvchilarning ota-onasi ushbu ezgu loyiha davomli boʻlishi, mamlakatimiz boʻylab keng yoyilishi tarafdori. Albatta, bu — ilk qa­dam. Yangi Oʻzbekiston taʼlim tizimida ilga­ri kuzatilmagan, yosh avlodning nurli ertasi, yurt farovonligi, toʻkinlikni maqsad qilgan ezgu odim.

    Munojat MOʻMINOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri