Xususan, daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish borasida qonunbuzulish holatlarini aniqlash, bartaraf etish, shuningdek aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish maqsadida viloyat, tuman, shaharlar darajasida doimiy faoliyat koʻrsatuvchi idoralararo guruhlarlar tashkil etildi. Mazkur idoralararo guruh tarkibiga 12 ta vazirlik, idora va tashkilotlarning vakillari kiritilishi mazkur sohada nazorat ishlarini samarali olib borish imkonini yaratdi.
Shu bilan birga, qonunchilikdagi mavjud boʻshliqlar daryolar oʻzanlari va suvni muhofaza qilish zonalari, koʻllar, suv omborlari, kanallar, kollektorlar va boshqa suv obyektlarini tozalash, shuningdek, ularning qirgʻoqlarini mustahkamlash (keyingi oʻrinlarda daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash deb yuritiladi) ishlarini amalga oshirishda qum-shagʻal materiallarini ruxsatsiz qazib chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratmoqda.
Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan Qashqadaryo viloyati hududlaridagi daryolar holati parlament nazorati tartibida oʻrganilganda sohada qator qonunbuzarlik holatlari aniqlangandi.
Xususan, ayrim tadbirkorlar tomonidan daryolarning oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash uchun berilgan ekspertiza xulosalari muddati oʻtgan boʻlsada faoliyat yuritayotgani va mavjudlari ham texnik shartlarga zid ravishda qum-shagʻal materiallaridan tartibsiz ravishda foydalanilayotganligi ayon boʻldi. Buning natijasida bugungi kunda mavjud daryo va boshqa suv obyektlari landshaftlari oʻzgarib, tabiiy resurslarga, jumladan oʻsimlik va hayvonot dunyosiga, ular yashash va oʻsish muhitiga, qum-shagʻal zaxiralariga katta ziyon yetkazilmoqda.
Daryolar oʻzanlarining qum-shagʻal zaxiralaridan noqonuniy foydalanish oqibatida daryo oʻzanlarining chuqurlashishi yer osti ichimlik suvi zaxiralarining ifloslanishiga, daryo oʻzanlaridagi strategik obyektlar (koʻpriklar, magistral yoʻllar, gaz va suv quvurlari va boshq.) xavfsizligiga, shuningdek ayrim daryo oʻzanlarida hosil boʻlgan noqonuniy chiqindixonalar esa mahalliy aholining hayotiga va ularning mol-mulkiga xavf solmoqda. Daryo oʻzanlarining chuqurlashishi daryo qirgʻoqlarining oʻpirilishini, botqoqliklarning paydo boʻlishini keltirib chiqarmoqda. Daryo atrofidagi minglab gektar maydonlarning suv taʼminotiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Shuningdek, daryo va kanallar qirgʻoqlarida qum-shagʻal ortish bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlik subyektlar texnikalarining (ekskavator, toshni qayta ishlash va yuvish qurilmalari, yuk mashinalari) yil davomida ishlashi natijasida ochiq suv havzasidagi ichimlik suvining ifloslanishi mazkur suvdan ichimlik sifatida foydalanayotgan mahalliy aholining haqli eʼtirozini keltirib chiqarmoqda.
Keng tarqalgan foydali qazilmalar resurslariga keltirilgan zararni undirish boʻyicha meʼyoriy - huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmaganligi bois tegishli nazorat yurituvchi organ inspektorlari tomonidan qonunbuzar fuqaroga va mansabdor shaxslarga nisbatan taʼsirchanligi past boʻlgan maʼmuriy jazo qoʻllanilgan xolos. Shu sababli keyingi vaqtlarda mazkur sohada noqonuniy faoliyat olib boradigan soxta “tadbirkor”lar soni koʻpaymoqda.
Aytish joiz, bugungi kunda Qashqadaryo, Oqsuv, Langar, Gʻuzor daryolarida va boshqa kanal va kollektorlarda ushbu salbiy manzaralar vujudga kelgan. Mazkur suv obyektlari qirgʻoqlaridagi ushbu “manzara” bu boradagi nazorat ishlarini kuchaytirishni, daryo qirgʻoqlarini tartibga solish va mustahkamlashni talab etadi.
Bir soʻz bilan aytganda, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarga chek qoʻyish va sohada nazorat ishlarini olib borishda idoralararo guruhlarlar faoliyatiga fuqarolar nazorati institutidan keng foydalanish nazorat tizimi samaradorligini oshirish imkonini beradi. Zero, demokratik qadriyatlar takomillashib borayotgan bugungi Oʻzbekistonda atrof muhit muhofazasi nafaqat davlat yoki jamiyat, balki har bir fuqaroning vazifasidir.
Islom XUSHVAQTOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati