Unda davlatimiz rahbari taʼlim tizimidagi holatni roʻy-rost tasvirlar ekan, oʻtgan asrning boshlarida maʼrifatparvar alloma Abdulla Avloniyning “Tarbiya – bu hayot-mamot masalasi”, degan fikrini yana bir bor esga oldi, najot taʼlimda, tarbiyada, bilimda ekanligini bot-bot uqtirdi. Sohamizda yigʻilib qolgan qator kamchilik va muammolar, xususan, hozirda 1 ming 695 ta maktab mukammal taʼmirga muhtojligi, 3 mingdan ziyod maktab uchun qoʻshimcha oʻquv binolari zarurligi, 2 mingdan ortiq maktabda sport zali yoʻqligi aytildi. Eng muhimi, bunday masalalarni hal qilish viloyat, shahar, tuman hokimlari zimmasiga yuklatildi va adolatli qaror topdi, deb hisoblayman. Negaki, ochigʻi, haqiqatan ham maktab rahbariyati qurilish, taʼmirlash kabi tashkiliy, moliyaviy ishlar bilan band boʻlib, taʼlim-tarbiya sifatini taʼminlashga yetarli darajada eʼtibor berolmayotgandi.

Men, qariyb 40 yildirki, boshlangʻich sinf oʻqituvchisi boʻlib ishlab kelmoqdaman. Shu kunga qadar qadar oʻn beshta sinfga rahbarlik qilib, 500 nafarga yaqin oʻquvchining savodini chiqarib, boshlangʻich bilimlarni ulashgan holda yuqori sinflarga kuzatdim. Ularning aksariyati bugun oliy maʼlumotli, zamonaviy kadr boʻlib yetishib, turli sohalarda el-yurt xizmatida. Davlat rahbari ayni paytgacha foydalanilayotgan taʼlim standartlari, oʻquv dasturlari faqat nazariy bilim berishga yoʻnaltirilganini oshkora maʼlum qildi. Uzoq yillik tajribamga nazar tashlasam, chindan ham bu gapda jon bor. Oʻquvchilarga oʻtilgan mavzuni qanchalik eslab qolganligi va uni ogʻzaki bayon etishlariga qarab baho qoʻyardik. Baholash metodikasida darsliklardagi qoida va formulalarni yodlashni talab qilish bilan chegaralanardik. Bu esa bolalarni mantiqiy va ijodiy fikrlashga, amaliyotga, hayotga oʻrgatolmasdi. Vaholonki, globallashuv asrida maktab oldiga qoʻyilayotgan talab yoshlarga faqat bilim berishgina emas, balki ularni mustaqil fikrlaydigan, vatanni sevadigan, kasb-hunarni egallagan, jamiyatda oʻz oʻrnini topib ketishga qodir etib tayyorlash vazifasi qoʻyilmoqda.

2021-yildan boshlab bizning maktab ham respublikada xalqaro baholash tadqiqoti oʻtkazilayotgan tayanch maktablardan biri etib belgilandi. Oʻquvchilar savodxonligini baholash boʻyicha boshlangʻich sinflarda PIRLS, yuqori sinflarda PISA xalqaro tadqiqotiga hozirlik ishlari olib borilmoqda. Shu mavzuda bir necha marta oʻquv seminarlari, trening mashgʻulotlari tashkillashtirdik. 4-sinf oʻquvchilari matnni oʻqib tushunish darajasini baholovchi test topshiriqlarini bajarishadi hamda taʼlimga qiziqishlari, uy va maktab sharoitlari toʻgʻrisidagi shaxsiy fikrlarini namoyon etuvchi oʻquvchi soʻrovnomasi, maktablar va tanlangan sinf rahbarlari taʼlim muassasasidagi taʼlim muhitini oʻrganuvchi maktab va oʻqituvchi soʻrovnomasini, oʻquvchilarning ota-onalari yoki vasiylari esa farzandlarining taʼlim olish sharoitlarini oʻrganuvchi uy soʻrovnomasini toʻldirishadi. PISA tadqiqotining tajriba-sinov jarayoniga koʻra, oʻquvchilar kompyuterda elektron tarzda matematik, tabiiy-ilmiy, oʻqish savodxonligi va kreativ fikrlashini baholovchi test topshiriqlarini ishlashadi hamda yuqorida yozilganidek, oʻquvchi soʻrovnomasini, tanlangan maktab rahbarlari maktab soʻrovnomasini toʻldirishadi. Oʻylaymanki, mazkur tadbir ham Yurtboshimiz taʼlim muassasalari oldiga qoʻygan dolzarb vazifalar ijrosini taʼminlashda muhim omildir.

Yigʻilishda, shuningdek, maktablarda ishlayotgan 504 ming pedagogdan 60 ming nafari oʻrta maxsus maʼlumotli, 190 ming nafarida esa umuman malaka toifasi yoʻqligi, aksariyat pedagoglarning bilimi va mahorati yetarli emasligi, oʻqituvchi sifatli dars oʻtishga emas, “koʻproq soat olish”ga intilishi, hisobotlar bilan qimmatli vaqtini sovurishini toʻgʻri taʼkidlandi. Men katta yoshdagi pedagog boʻlishimga qaramay, oʻtgan yili sentyabr oyida malaka oshirish kursida oʻqidim. Unda taʼlim berishning yangicha innovatsion texnologiyalari haqidagi bilimlarimni mustahkamladim va bu koʻnikmalar faoliyatda juda qoʻl kelmoqda. Yaʼni pedagoglar malakasini oshirish, oliy maʼlumotli qilish eng dolzarb masalalardan. Chunki taʼlim sifati birinchi navbatda oʻqituvchilarning bilim saviyasiga va pedagogik mahoratiga uzviy bogʻliq. Mamlakat yetakchisining “Taqdirimiz muallimlar qoʻlida” deya baralla ovozda yuksak ishonch bildirgani va kasbimizga eʼtirofidan boshimiz osmonga yetdi.

Maktablarning moddiy bazasini mustahkamlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, yangi dasturlar, darsliklar yaratilayotganligi, oʻqituvchilarning obroʻsini koʻtarish, ularni turli jamoat ishlariga, xususan, paxta yigʻim-terimiga jalb etishga barham berilgani, respublikada birinchilardan boʻlib viloyatimizda Prezident maktabi, Ibrat nomidagi ijod va boshqa ixtisoslashtirilgan maktablarning tashkil etilganligi oʻzining dastlabki samaralarini koʻrsata boshladi. Bizning muassasamiz ham 2021-yildan boshlab matematikaga ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi maqomini oldi. Joriy 2022-yilda Toʻraqoʻrgʻondagi Ibrat nomidagi ijod maktabi negizida chet tillari instituti, qishloq xoʻjaligi texnikumi asosida agrar universitetning filiali ochilishi, qolaversa, 7 ta oliy oʻquv yurti tashkil etilishi hisobiga viloyatda ularning soni 10 taga yetishi biz muallimlarga mamnunlik bagʻishladi. Negaki, hozir biz taʼlim-tarbiya berayotgan yoshlarning ertaga ana shu oliy oʻquv dargohlarida oʻqish imkoniyati ortadi.

Prezidentimiz viloyatimiz faollari bilan boʻlgan saylovoldi uchrashuvda: “Men har gal Namangan zaminiga kelib, iymon-eʼtiqodi mustahkam, bagʻrikeng va zahmatkash insonlar bilan dildan suhbatlashganimda, ularning odob-axloqi, yuksak madaniyatini, xushmuomalasini koʻrib, doim qoyil qolaman. Shu maʼnoda Namanganning mevasi shirin, mevasidan ham shevasi shirin, degan gapda juda katta hayotiy haqiqat bor. ...Ustozning nufuzini oshirish uchun hali qiladigan ishlarimiz juda koʻp. Hammangiz bilasiz, yoshligimizda oʻqituvchi koʻchadan oʻtsa, 5 metr chetroqqa oʻtib, salom berardik. Men muallimning maoshini 1 ming dollarga yetkazmaguncha toʻxtamayman”, degandi. Tabiiyki, biz pedagoglarga koʻrsatilayotgan alohida ehtiromdan koʻnglimiz togʻdek koʻtarildi, bir gʻayratimizga oʻn gʻayrat qoʻshildi.

Yurtboshimiz bir nutqida “Afsuski, keyingi paytlarda yoshlarning “tarbiyachisi” qoʻllaridagi telefon boʻlib qoldi. Bu ham zamona zayli, albatta, lekin yoshlarimiz tarbiyasi meni jiddiy oʻylantiradi”, dedilar. Darhaqiqat, 40 yillik tajribaga ega muallim sifatida men ham shu fikrni qoʻllab-quvvatlayman. Demak, muammo qoʻl telefoni bilan bogʻlik ekan, biz ham ayni masalaga jiddiy ahamiyat qaratishimiz, ota-onalar bilan hamkorlikda ishlashimiz zarur. Taʼlim dargohimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini kuchaytirishga, har qaysi bola bilan yakka tartibda shugʻullanishga, ular ongi va qalbiga milliy qadriyatlarimizni singdirish uchun kechayu kunduz intilyapmiz. Rahbarligimdagi 4-“N” sinfda Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharririga bergan intervyulariga bagʻishlab ochiq dars uyushtirgandim. Endi esa Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” nomli kitobi asosida “Inson qadri ulugʻlangan yurt” nomli tadbirga tayyorgarlik koʻryapmiz. Xullas, zimmamizda masʼuliyatli vazifalar turganligini chuqur his etgan holda Yangi Oʻzbekiston va Uchinchi Renessans poydevorini quruvchi barkamol avlodni tarbiyalash, yangi “Taraqqiyot strategiyasi”ni amalga oshirish yoʻlida bor kuch, bilim va salohiyatimizni ishga solamiz.

Shoira FAYZIYEVA,

Namangan shahridagi 7-Davlat ixtisoslashtirilgan

umumtaʼlim maktabining oliy toifali boshlangʻich sinf oʻqituvchisi,

Xalq taʼlimi aʼlochisi.