Ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi taʼsiri va mavqeini yanada oshirish — davr talabi. Zero, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida (shu jumladan, yurisprudensiyada ham) adabiy til imkoniyatlaridan toʻliq va toʻgʻri foydalanishga erishish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan hisoblanadi. Jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash demokratik huquqiy davlatning muhim tamoyillaridan biridir. Binobarin, qonunlar tabiatan adolatli va odamlar uchun tushunarli, yaʼni yaratilgan huquqiy hujjatlar tili batafsil, ravon boʻlishi kerak.

Mamlakatimizda oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi obroʻsi va mavqeini yanada oshirish boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan 2019-yil 21-oktyabrda “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon imzolandi. Mazkur farmon bilan 2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi ham tasdiqlandi.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasi tarkibida Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etildi, ish yuritish asos­larini davlat tilida oʻqitish markazi ochildi. “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun ham bosqichma-­bosqich amalga oshirilmoqda.

Yurtimizda millatlararo munosabatlarni takomillashtirish va uygʻunlashtirish, barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan maktablar va turli tillardagi ommaviy axborot vositalari tarmogʻining koʻpayishi, shuningdek, milliy madaniy markazlar tashkil etilishi ijobiy natijalarning yorqin tasdigʻidir. Mamlakatimiz umumtaʼlim maktablarida oʻqitish 7 tilda (oʻzbek, rus, qoraqalpoq, qozoq, tojik, qirgʻiz, turkman) olib boriladi, darsliklar ushbu tillarning barchasida nashr etiladi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda 10 mingdan ziyod umumtaʼlim maktablari mavjud boʻlib, ulardan 862 tasi rus tilida, 133 tasi qoraqalpoq tilida, 218 tasi qozoq tilida, 38 tasi qirgʻiz tilida, 165 tasi tojik tilida va 23 tasi turkman tilida dars beradi. Ushbu raqamlar boshqa tillarni qoʻllab-quvvatlash masalalari davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Til — bilimlarni yetkazish va shakllantirish, shu jumladan, huquqiy bilimlar, insonni rivoj­lantirish va tarbiyalash vositasi boʻlib, uning funksiyalari nafaqat filologlar, balki huquqshunos olimlarning ham eʼtiborini oʻziga jalb qiladi.

Huquq — jamiyat hayotini tartibga soluvchi, bevosita nazorat qiluvchi vosita. Shuni alohida taʼkidlash joizki, har qanday yuridik hujjat sifati ularning aniqligi va savodxonligiga ham bevosita bogʻliq. Ayniqsa, hujjat tili adabiy til meʼyorlari asosida shakllantirilishi lozim, bu matnlarning tushunarli boʻlishini taʼminlaydi.

Jamiyat hayotining huquq aralashmagan biron-bir sohasi yoʻq. Davlat hujjatlari va qonunlari jamiyatning barcha aʼzolariga taalluqli ekan, ularni yaratishda, avvalo, adabiy til meʼyorlariga, yozma yuridik til talablariga, yuridik tilning soʻz boyligiga qatʼiy rioya qilish zarur, aks holda, hujjat oʻz qiymatini yoʻqotadi. Yozma yuridik til nutqning muhim koʻnikmalaridan biridir. Bu yozma huquqiy nutqni grammatik jihatdan toʻgʻri tuzish, termin, atama va soʻzlarning variantlarini tanlashni anglatadi.

Har qanday huquqiy fikr, eng avvalo, tilda, leksikada ifodalanadi, nutq modellari orqali shakllanadi va nutqda oʻz ifodasini topadi. Shuning uchun ham til va huquq ijtimoiy, maʼnaviy va maʼrifiy hodisalar demak.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar qonun tili va uslubi, huquqiy terminologiya va zamonaviy yuristning nutq madaniyati kabi dolzarb masalalardagi mavjud muammolar yechimiga qaratilgan. Hech qanday islohot qonunlarni oʻzgartirmasdan amalga oshirilmaydi, bu esa oʻz-oʻzidan yangi lisoniy birliklar (soʻzlar, termin va atamalar) va shakllarning rivojlanishiga yoʻl ochadi. Yangi huquqiy tushunchalar tilda soʻz yoki termin shaklida oʻz ifodasini topgani sababli, ular davlat tilining oʻz qonunlari asosida ifodalanishi va shakllanishi kerak. Chunki yuridik til adabiy tilning ajralmas qismidir.

Qonun tilida notoʻgʻri ishlatilgan bitta qoʻshimcha soʻz, hatto bitta tinish belgisi qoʻpol semantik va uslubiy, hatto siyosiy xatolarni keltirib chiqarishi mumkin. Yuridik hujjatlarni tayyorlashdagi muammolarning asosiy sababi ham oʻzbek adabiy tili talablari, qoidalarini bilmaslik, yozma shaklda muloqot qobiliyatining talab darajada emasligidan.

Shu bois, rasmiy uslubda yozilgan har qanday hujjat professional tarzda tahlil qilinishi va puxta shakllantirilishi kerak. Bunda rasmiy nutqning aniqligi, mantiqiyligi, izchilligi kabi mezonlarga qatʼiy amal qilish shart.

Huquqshunoslikda hozirgi kunning eng dolzarb, hal qilinishi lozim boʻlgan masalalaridan biri, bu soha tilining puxta shakllangan lugʻati — tezaurusini tuzishdan iborat. Toʻgʻri, ilm-fan sohasi tili terminologiyasiga bagʻishlangan koʻplab lugʻat va qomuslar yaratilgan. Ularning har biri oʻziga xos ahamiyatga ega. Ushbu manbalarning maqsadi bitta — oʻzbek tilining terminologiyasini tartibga solish. Maʼlum darajada mazkur vazifa bajarildi ham, yaʼni sohalarda ishlatilayotgan tushunchalarni toʻgʻri ifodalovchi koʻplab terminlar yaratildi. Biroq bu borada amalga oshirlishi kerak boʻlgan ishlar yakuniga yetgan emas.

Huquq va til bir-biriga bogʻliq, ajralmas tushunchalardir. Huquqshunoslikning har qanday ­gʻoyasi, munosabati, tushunchasi uning leksikonida ifodalanadi, yaʼni obyekt, vaziyat, jarayonni aks ettirish uchun tanlangan soʻz, termin yoki atama ifoda uslubiga mos kelmasa, hech qanday huquqiy munosabatlar, aloqa, muloqot va fikrlash yuzaga kelmaydi.

Gulnora GʻULOMOVA,

TDYUU dotsenti,

filologiya fanlari nomzodi