Shuningdek, mahalla aholisini issiq-sovugʻidan xabardor boʻlguvchi, ijtimoiy-maʼnaviy tomondan ham yordam koʻrsatuvchidir. Ayniqsa, soʻnggi yillarda bolasi kasal oilalarning dori-darmoniga, roʻzgʻorida kamchilik boʻlganlarning kam-koʻstiga yordam beruvchi koʻmakchiga aylandi. Oilasida murosasizlik kelib chiqqanlarga ham mahalla masʼullarining yordam berayotgani uning nufuzi, hayotimizdagi ahamiyatini oshirishda muhim omil boʻlayotir. Buni odamlarimiz tushunib, anglab yetmoqda.

Bugungi kunda mahallani obod qilish, aholi bilan yaqindan ishlash boʻyicha tizimli ishlar qilinayotganining guvohi boʻlyapmiz. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Mahalla obod boʻlsa – yurt obod boʻladi. Mahallada oʻzgarish boʻlsa – butun jamiyat oʻzgaradi”. Bugun mahallada oʻzgarishlar katta. Shunga qaramay, bu yoʻnalishda ishlarni jadallashtirish maqsadida 2022-yil “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” deb nomlandi. Bunda ham bir hikmat mujassam. Bu bilan mahallalarimiz tubdan oʻzgarishi, xalq bilan koʻproq hamnafas boʻlishi, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirilishi, aholi, ayniqsa, yoshlarning dunyoqarashi oʻzgarishi zarurligi nazarda tutilmoqda. Prezidentimiz Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 29 yilligiga bagʻishlangan tabrigida atoqli davlat va siyosat arbobi Uinston Cherchillning “Yaxshi boʻlish uchun – oʻzgarish kerak, yaxshilarning yaxshisi boʻlish uchun esa yanada koʻproq oʻzgarish kerak”, degan soʻzlarini tilga olganini alohida taʼkidlash joiz. Davlat rahbari yaxshi yashash uchun hamma oʻzgarishi kerakligini koʻp bora taʼkidlayotgani ham bugun uygʻonmaslikka hech kimning haqqi yoʻqligi qoʻshni davlatlarda boʻlayotgan norozilik namoyishlarining oʻzi koʻrsatmoqda. Bugungi kun sergak turishni, doim hushyor, uygʻoq holda boʻlib, yoshlar, maʼnaviyat, mahallaning faolligi masalalarida yangicha qarash va zamonaviy innovatsion usullardan foydalanishni taqozo etyapti.

2021-yilning 19-yanvarida davlatimiz rahbari oʻtkazgan videoselektor yigʻilishidagi “Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir” nomli maʼruzasi maʼnaviy sohadagi ishlarimizga dasturilamal boʻldi. Unga koʻra, oilaviy qadriyatlar va yoshlar tarbiyasiga eʼtiborsizlik kabi holatlarga barham berish, yoshlar oʻrtasida xuquqbuzarlikning barvaqt oldini olish maqsadida “Avlodlar uchrashuvi” loyihasi, “Bir ziyoli — bir mahallaga maʼnaviy homiy”, “Bir nuroniy – besh nafar yoshga murabbiy” tamoyillari asosida “mahallabay” ishlash tizimi yaratildi. Ularga oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari, ijodkor ziyolilar, ijtimoiy faol nuroniylarni jalb qilindi. Ayni paytda har bir oliy taʼlim muassasasi tomonidan “mahallabay” ishlash tizimi boʻyicha alohida “yoʻl xarita”lari ishlab chiqilib, ijrosi taʼminlamoqda. Birgina misol, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi mahalla yoshlari oʻrtasida sportning barcha turlari, chet tillarini oʻrgatishga qaratilgan pulsiz toʻgaraklar, kompyuter savodxonligini oshirish boʻyicha bepul kurslar hamda boshqa kasblar boʻyicha ham oʻquvlar tashkil etildi. Bundan tashqari, aholi orasida oilaviy ajrimlarning oldini olishga qaratilgan psixologik treninglar oʻtkazildi. Yoshi ulugʻ professor-oʻqituvchilar ishtirokidagi mahalla yoshlari bilan uchrashuvlarda ziyolilarning yoshlarga ibrat qilinishi barobarida jamiyatda nuroniylarning ijtimoiy faolligi oshishiga hissa qoʻshishga ham erishildi.

Bu kabi misollarni koʻplab keltirishimiz mumkin, ammo yutuqlar oʻzimizniki. Endilikda mahallada maʼnaviy-maʼrifiy muammolarni oʻrganish va ularni bartaraf etishning aniq va samarali mexanizmlarini yaratish zarur. Unda quyidagilar alohida yoʻnalish sifatida belgilanishini gʻoyat muhim, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, aholi, ayniqsa, yoshlarni kitobxonlik madaniyatini shakllantirish yoʻnalishida aholi va yoshlar oʻrtasida kitob mutolaa qilishi hamda sevib oʻqiydigan kitoblarini sotsiologik soʻrovnoma asosida oʻrganib, har bir mahalla binosining ichida kutubxona tashkil etishni asosiy vazifa qilib belgilash zarur. Shu bilan birga, aholini mutolaaga qiziqtirish usullarini amalda joriy qilish orqali aniq va manzilli ishlarni tashkil etish maqsadga muvofiq.

Ikkinchidan, ajrashish arafasida turgan va ehtimoli yuqori boʻlgan oilalar bilan alohida ishlashni yoʻlga qoʻyish kerak. Bu borada oilalar yoshiga qarab, psixologik treninglarni tashkil etish zarur. Mazkur yoʻnalishda din sohasi vakillarini ham keng jalb etish muhim hisoblanadi.

Uchinchidan, ichki turizmni rivojlantirish yoʻnalishida mahallaning maʼnaviy-maʼrifiy ishlarida eng faol boʻlgan aholi qatlamini tarixiy obida va maʼnaviy meroslarimiz joylashgan hududlarga sayohatini tashkil etish zarur. Bu oʻz mahallasidan nariga chiqmagan yurtdoshlarimizning ruhiyatiga ijobiy taʼsir qiladi, albatta.

Toʻrtinchidan, mahallalarda milliy qadriyatlarni aholi, ayniqsa, yoshlar ongiga singdirish yoʻnalishida targʻibotning eng taʼsirchan usullaridan keng foydalanish zarur. Zero, har bir millat oʻzining tili, urf-odati, anʼanasi, madaniyati, tarixi bilan millat hisoblanadi. qanday yetuk, barkamol inson boʻlamizki, oʻzimizning milliy urf-odatimizni bilmasak, unga rioya qilmasak, undan hayotimizda, bolalarimiz tarbiyasida foydalanmasak! Oʻzining milliy urf-odatini bilmagan kishini barkamol odam deb boʻlmaydi.

Xalqimizning umrboqiy anʼanalarini oʻzida mujassam etgan milliy urf-odatlarimizdan: salomlashish, nikoh, toʻy, oila tutish, farzandni tarbiyalash, ota-onani hurmat qilish, salomatlikni saqlash, ilm olish, kiyim kiyish, nonni eʼzozlash, mehmon kutish, tabiatni muhofaza qilish, milliy bayramlar oʻtkazish, motam marosimlarini oʻtkazish kabilarning har biri buyuk bir maktabdir.

Ajdodlarimiz qoldirgan maʼnaviyat xazinasidan bahra olib, ulardan yoshlarimizni ham bahramand etish, ular ongini maʼnan boyitish maʼnaviyatlilikning eng yuksak koʻrinishidir. Hayriyatki, biz anʼanalarimiz, urf-odatlarimizni keng targʻib qilish imkoniyatiga ega boʻlgan qutlugʻ zamonda yashayapmiz. Ularning asl tarixini ilmiy asosda aytib beradigan davrdamiz. Shunday ekan, mazkur ilmiy meros asosida mahallalarda milliy qadriyatlarimizni aholi, ayniqsa, yoshlar ongiga keng singdirish tizimini yaratib, ushbu tizimni muntazam tashkil etib borish zarur. Buning uchun targʻibotning eng taʼsirchan usullari va mexanizmlarini joriy etish kerak boʻladi. Buning natijasida ota-bobolarimizdan bizga meros qolgan urf-odatlar ham ommalashadi.

Mahallalarda milliy qadriyatlar va milliy urf-odatlarni aholi, ayniqsa, yoshlar ongiga singdirish hamda muntazam targʻib etish tizimini yaratishda quyidagilarga eʼtibor qaratish zarur, deb hisoblaymiz:

Avvalo, mahalladagi maktabgacha taʼlim muassasasiga bormaydigan bolalar eʼtibordan chetda qolmasligi kerak. Ular bilan bogʻchaga boradigan bolalarni bir davraga jamlash, maqol, ertak, sheʼrlaru, kuy-qoʻshiqlar ijrosini tashkil qilish maʼlum maʼnoda oʻz natijasini beradi. Bolasida bogʻchaga borish istagi uygʻongan ota-ona qanday boʻlmasin, buning imkonini topishga harakat qilishi mumkin. Axir maktabgacha taʼlim-tarbiya – inson tarbiyasining eng muhim davriku... Shu maʼnoda 2019-yil 3-mayda “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasi” loyihasi tayyorlanib, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlandi. Mazkur konsepsiya asosida oilada, shuningdek taʼlimning barcha bosqichlarida farzand tarbiyasining uzluksizligini taʼminlash tizimi ishlab chiqildi. Maqsad — bola tugʻilmasidan boshlab to 25 yoshgacha vaqt davomida uning maʼnaviyati, yoshiga mos koʻnikma va malakalar, kompetensiyalarining kutilayotgan aniq darajasini kafolatli taʼminlashning ilmiy asoslangan dasturiy-metodik taʼminotini tashkil etish.

Uzluksiz maʼnaviy tarbiya tizimi oila, maktabgacha, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida yoshlarni bosqichma-bosqich, uzluksiz maʼnaviy tarbiyalash natijadorligini kafolatlashga qaratilgan pedagogik operatsiyalar, vositalar, metodlar zanjiridir. Ushbu tizimda vositalar emas, balki u yoki bu fazilat, ijtimoiy malakani shakllantirishda kafolatlangan natijaga erishishning pedagogik algoritmlari rejalashtirilishi nazarda tutilgan.

Prezidentimiz dunyo mintaqalaridagi qonli toʻqnashuv va nizolarga toʻxtalib, yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, turli xavf-xatarlarga qarshi kurashni kuchaytirishimiz shartligini, bu kurashning oddiy, har birimiz amal qila oladigan yoʻllarini ham koʻrsatib berdi. Yaʼni “... har birimiz bu masalaga befarq boʻlmasdan, oʻz bolamizni, oʻz uyimiz, oʻz mahallamizni oʻzimiz asraydigan boʻlsak, men ishonaman, bunday balo-qazolar hayotimizdan albatta yiroq boʻladi”.

Demak, tarbiya masalasi muntazam kun tartibimizda turishi taʼkidlanmoqda. Umumtaʼlim maktablarida “Tarbiya” fani joriy etilishi ham shundan, aslida. Maqsad yoshlar maʼnaviyatini boyitish, buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish, ularning ong va xulqlarini bunyodkor, ezgu ishlarga yoʻnaltirishdan iboratdir.

Chaqaloq uchun ikki narsa eng muhim. Ona suti va allasi. Ilgari qizlarga yoshlik vaqtlaridan boshlab alla aytish oʻrgatilgan. Endilikda ham mahalladagi maktab oʻquvchi-qizlari oʻrtasida “Alla” koʻrik-tanlovlarini oʻtkazish zarur. Zero, onalar qoʻshigʻi — alla qadriyatdir. Uning sehri haqida koʻplab afsonalar, rivoyatlar yozilgan. Qolaversa, alla bola uchun maʼnaviy ozuqa hisoblanadi. Ayniqsa onasi tomonidan aytilsa...

Bugun bolalarimizning qahramoni kim? Multfilmlardagi har xil xorijiy obrazlarmi? Nega milliy ertaklarimiz qahromonlari targʻiboti sustlashmoqda?

Mahallalarda “Bobojonim ertaklari”, “Buvijonim ertaklari” nomli tanlovlar oʻtkazilsa qanday yaxshi?... Ular bobo va buvilar yashaydigan xonadonlarda tashkil etilsa-chi? Videorolik qilinib, davlat va nodavlat telekanallarida namoyish etib borilsa bormi? Oilalarda bolalarga milliy ertaklar aytish qadriyati qayta tiklanishida bu juda muhim oʻrin tutadi. Qanday boʻlmasin, ertaklardagi milliy qahramonlarimizni bolalarimizning qahramonlariga aylantirishimiz kerak.

Odatlarimizga koʻra, qizlarimizni oilaga tayyorlash ishlari onalar va buvijonlar tomonidan amalga oshirib kelingan. Bugungi kunda ayrim oilalarimizda bu odat ham sustlashibb oryapti. Shu maʼnoda mahallada “Oqila qiz” koʻrik-tanlovini oʻtkazish, “Qizlar davrasi”ni tashkil etish ham yuksak tarbiyaviy taʼsir kasb etadi. Ularda salomlashish odobi, pazandalik, oila byudjetini tejab ishlatish kabilarga urgʻu berilsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi. Bu kabi tavsiyalar koʻp. Ammo uni amalda joriy etish biz, kattalarning xohish va istagimiz, kelajagimizga ne chogʻli eʼtiborliligimizga bogʻliq.

Asrlar, yillar oʻtadi. Avlodlarimizning taʼlimi, tarbiyasi, qadriyatlarimizni bilish darajasi, har bir farzandning tafakkuriga javobgarlik masalasi sizu bizning zimmamizda. Shuni unutmaylik! Bugun tarbiya masalasi seniki yoki meniki deb emas, hammamizniki, shu millatniki, degan holda hamkorlikda ishlashni joriy etaylik. Yangi Oʻzbekistonni bunyod etishga munosib hissa qoʻshgan insonlarni kelgusi avlodlar, albatta, faxru gʻurur minnatdorlik bilan eslaydi.

Munira QAHHOROVA,

Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar

instituti direktori oʻrinbosari