“Tashabbusli byudjet”: kiritilayotgan oʻzgartirishlar aholi foydasi uchun

    Бугун ҳеч бир иккиланишсиз айтиш мумкинки, давлатимиз раҳбари ташаббуси билан бошланган "Ташаббусли бюджет" лойиҳаси қисқа вақт ичида кенг жамоатчиликнинг бирлашувига сабаб бўлди. Фуқароларнинг молиявий саводхонлиги ошиб, бюджет маблағлари сарфланишида иштирок этишлари учун имкон берадиган давлат ва жамият ўртасидаги ишончли кўприк вазифасини бажарувчи ижтимоий лойиҳага айланиб улгурди.

    Tahlillarning koʻrsatishicha, 2023-yilda oʻtkazilgan “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida respublikamiz boʻyicha fuqarolar tomonidan 105 mingdan ortiq loyiha ilgari surildi. Kelib tushgan loyihalar saralash bosqichidan oʻtkazilib, jamoat manfaatlariga xizmat qiluvchi 67,1 mingta loyiha ovoz berish jarayonlariga oʻtkazildi va ularni yoqlab fuqarolar tomonidan 34 milliondan ortiq ovoz berilib 4 trillion 307 milliard soʻmlik jami 4 177 ta taklif gʻolib deb topildi. Bunda respublikamizdagi 9 444 ta mahallaning deyarli barchasi oʻz loyihalari bilan ishtirok etdilar.

    Joriy yilda oʻtkazilgan “Tashabbusli byudjet”ning 1 mavsumida esa fuqarolar tomonidan 35 mingdan ortiq loyiha ilgari surilib, shundan 29 mingtasi ishchi guruhlar tomonidan belgilangan mezonlarga muvofiq tanlab olindi, takliflarga ovoz berish jarayonida 11 milliondan ortiq kishi qatnashdi. Yakunda 2 820 ta loyiha gʻolib deb topildi.

    — Foydalanuvchilarga qulaylik keltirish maqsadida “Tashabbusli byudjet” jarayonini har tomonlama takomillashtirish oldimizda turgan eng katta vazifalardan biri hisoblanadi, — deydi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bosh mutaxassisi Xabibulla Hamidov. — Bunda, avvalo, keng jamoatchilikning fikr va mulohazalari inobatga olinmoqda. Aytaylik, bu yilgi “Tashabbusli byudjet”ning birinchi mavsumida “bir fuqaro – bir ovoz” tizimi toʻliq ishga tushirildi. Bu oʻziga xos “ovoz yigʻish yarmarkalari” oʻtkazilishi qoʻshimcha sim-kartalarni sotib olish holatlari keskin kamayishiga sabab boʻldi.

    Oliy Majlis Senati Kengashining 2024-yil 29-iyuldagi qaroriga asosan, mazkur jarayon bilan bogʻliq amaldagi tartibga yana bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

    Ular nimalarda aks etdi? Avvalo, barcha mahallalar uchun gʻolib boʻlish imkoniyatini yaratish maqsadida endilikda tashabbusli byudjet doirasida soʻnggi mavsumlarda ketma-ket ikki marotaba gʻolib deb topilgan mahalla (tashkilot)lar uchun navbatdagi ikkita mavsum doirasida tanaffus eʼlon qilinadi (yaʼni ushbu mahallalar uchun loyiha kiritish imkoniyati cheklanadi). Bu esa, oʻz navbatida, bir necha mavsumdan beri ishtirok etib kelayotgan lekin, toʻplagan ovoz soni aholi soni koʻp mahallalarga yaxshi imkoniyat taqdim etadi.

    Shuningdek, ovoz berish jarayonlarida byudjet tashkiloti xodimlarini majburiy ovoz berishga jalb etish holatlarini qayd etish boʻyicha “qaynoq liniya” ishga tushiriladi. Ovoz berish bosqichi yakunlanib, “Ochiq byudjet” portali tomonidan gʻolib loyihalar aniqlangandan soʻng Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari mahalliy byudjetning qoʻshimcha mablagʻlari hisobidan keyingi oʻrinlardagi – gʻolib boʻlmagan loyihalarni qoʻshimcha tarzda gʻolib deb eʼlon qilish vakolati beriladi.

    Har bir gʻolib loyihalar ijrosi ishchi komissiya tomonidan har oy joyiga chiqqan holda oʻrganib boriladi hamda oʻrganish natijalari yuzasidan fotomateriallar “Ochiq byudjet” portalining “Sayyor-monitoring” boʻlimida aks ettirib borish kabilar nazarda tutilgan. Bunda loyiha boʻyicha ishlar toʻliq yakunlangandan soʻng tashabbuskor fuqarolar, mahalla raisi va faollarining ish sifati yuzasidan roziligi olinganidan keyingina foydalanishga topshiriladi.


    Zulxumor AKBAROVA