Tataristonlik hamkorlar bilan qoʻshma loyihalarni ilgari surishni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi

    Xalqaro hamkorlik 23 Yanvar 2022 1192

    Joriy yil 21-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Oʻzbekistonda uch kunlik tashrif bilan boʻlib turgan Rossiya Federatsiyasining eng yirik hududlaridan biri boʻlgan Tataristonning, uning vazirliklari va idoralari, tarmoq va ilmiy-taʼlim muassasalari rahbarlari hamda ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiyasini qabul qildi.

    Tadbirda Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi O.Malginov ham ishtirok etdi. Uchrashuvda, shuningdek, tegishlilik boʻyicha oʻzbekistonlik hamkorlar — vazirlik va idoralar rahbarlari qatnashdi.

    Taʼkidlash joizki, tashrif davomida delegatsiya aʼzolari bir qator vazirliklar, idoralar, ilmiy markazlar va yirik ishlab chiqarish korxonalari, jumladan, Toshkent viloyatidagi “Chirchiq-Ximgrad” sanoat parki, Toshkent shahridagi “IT-park” va boshqa obyektlarda boʻldi. Tashrif chogʻida vazirliklar, sanoat majmualari rahbarlari va mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Mehmonlar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdilar, qoʻllanilayotgan texnologiyalar haqida batafsil maʼlumot oldi, ularga mahsulot namunalari namoyish etildi, istiqboldagi rejalar bilan oʻrtoqlashildi. Rossiya delegatsiyasi mamlakatimizda ishlab chiqarishni tashkil etishda klaster yondashuvi qoʻllanilayotganligiga katta qiziqish bildirdi va yuqori texnologiyali raqobatbardosh tovarlar ishlab chiqarishda ushbu yondashuvning afzalliklarini taʼkidlab oʻtdi.

    Delegatsiya aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hududlarining ishlab chiqaruvchilari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish uchun muhim imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi.

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda tashrif yakunlari sarhisob qilindi, erishilgan kelishuvlar koʻrib chiqildi va ishlab chiqilayotgan qoʻshma loyiha va dasturlarning joriy holati atroflicha oʻrganildi. Qoʻshma tashabbuslarni hayotga tatbiq etishning amaliy jihatlari muhokama qilindi, kimyo va avtomobilsozlik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, tibbiyot, energetika va uy-joy kommunal xizmati kabi sohalarni qamrab olgan loyihalar portfelini moliyalashtirish manbalari, muddatlari va ijrochilari koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.