Bugungi shiddatli davr oldimizga qoʻyayotgan koʻplab murakkab vazifalarni hal etish, ezgu maqsadlarimizga erishish, dunyo miqyosida raqobatbardosh boʻlish uchun xalqimizni, avvalo, yoshlarni ilm-fan, maʼrifat va maʼnaviyat, taraqqiyot yutuqlari bilan oshno etishda oʻqituvchi va murabbiylarning oʻrni beqiyos. Shu bois, davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Prezidenti etib saylanganidan keyin taʼlim tizimiga, xususan, pedagogika yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirishga alohida eʼtibor, oʻzgacha mehr bilan yondashmoqda.
Yangi Oʻzbekistonni barpo etish borasidagi islohotlar markaziga sifatli oʻqitish masalasi qoʻyilib, maktab taʼlimini tubdan yangilash, uni yangi bosqichga koʻtarish ustuvor vazifalardan etib belgilandi. Shu yil 28-yanvar kuni Prezidentimiz raisligida maktab taʼlimini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida sohada yigʻilib qolgan muammo va kamchiliklar sanab oʻtildi, ularning yechimi yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.
Xususan, pedagog kadrlarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha aniq topshiriq va vazifalarni belgilay turib, davlatimiz rahbari: “Hozir belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha pedagogika universiteti oldida qanday vazifalar turibdi?” deb soʻradi. Topshiriqlar ijrosini taʼminlash boʻyicha jamoamiz oldida turgan vazifalarni kuchli hayajon bilan aytdim.
Soʻzimni yakunlagach, davlatimiz rahbari mazkur universitet pedagogika oliy oʻquv yurtlari uchun tayanch dargoh, umumtaʼlim maktablari uchun bilimli, salohiyatli oʻqituvchi kadrlar tayyorlashda faol boʻlishi kerakligini taʼkidlab: “Universitet faoliyatini takomillashtirish, taʼlim sifatini oshirish boʻyicha qanday taklif boʻlsa, kiriting”, dedi. Ertasi kuni universitet jamoasini yigʻib, davlatimiz rahbari bergan topshiriqlarni soʻzma-soʻz yetkazdim.
Yuksak eʼtibordan ruhlanib, oliy taʼlim muassasamizda toʻplanib qolgan muammolar yechimiga qaratilgan qaror loyihasini tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tayyorlashga kirishildi. Koʻp oʻtmay, 2022-yil 21-iyun kuni Oʻzbekiston Prezidentining “Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi tarixiy qarori qabul qilindi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimiz mustaqilligining oʻttiz bir yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida: “Yangi Oʻzbekiston maktab bitiruvchisi zamonaviy koʻnikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta oʻzlashtirgan, kreativ fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, dunyoqarashi keng shaxs boʻlib yetishadi. Buning uchun barcha hududlarimizda, ayniqsa, qishloq joylarda maktablar qurish, ularni malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor beramiz”, deb taʼkidladi.
Haqiqatan ham, bu Prezidentimizning doimiy eʼtiborida turgan, kun tartibidan tushmaydigan masalaga aylandi. Shu yil 5-aprel kuni davlatimiz rahbari raisligida xalq taʼlimi sohasidagi islohotlar natijadorligining tahlili yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida 852 ta maktabda taʼlim sifati, muallimlar salohiyati va oʻquvchilarning oliygohlarga kirish darajasi pastligi aniq raqamlar asosida keltirib oʻtildi.
Mazkur holat yuzaga kelishining asosiy sababi sifatida oʻqitish metodikalari eskirgani, ilgʻor xorijiy tajribalarga asoslangan yangi oʻqitish usullari ishlab chiqilmagani va oʻqituvchilar metodik salohiyatining uzluksiz oshirib borilmagani alohida qayd etildi. Yigʻilishda “Oʻqituvchilarni yangi metodikalarga oʻqitish tizimi Toshkent davlat pedagogika universitetidan boshlanishi lozim”, degan gʻoya ilgari surildi.
Videoselektorlarda qoʻyilgan vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan qisqa davrda keng koʻlamli ishlar bajarildi. Oʻzbekiston Prezidentining 2022-yil 11-maydagi “2022–2026-yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufiga oʻtkazildi hamda pedagogika yoʻnalishi boʻyicha oʻquv dasturlar ishlab chiqishda yetakchi oliy taʼlim muassasasi etib belgilandi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 21-iyundagi “Pedagogik taʼlim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizda yangi avlod pedagoglarini tayyorlashda muhim huquqiy asos boʻladi. Qaror oʻta dolzarb va oʻzaro bogʻliq uchta vazifa: zamonaviy taʼlim dasturlarini ishlab chiqish, yuqori malakali professional kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga koʻtarish, pedagogika sohasida taʼlim, ilm-fan va amaliyot uygʻunligini taʼminlash masalalarini samarali hal etishni koʻzda tutadi.
Bir paytlar pedagogika yoʻnalishidagi tayanch universitet asrab qolingan boʻlsa, endi ushbu qaror bilan pedagogik yoʻnalishlar va pedagogik taʼlim muassasalari negizida mamlakatimizning turli viloyatlarida 8 ta davlat pedagogika instituti hamda 2 ta davlat pedagogika universiteti tashkil etilishi belgilandi. Bu mamlakatimizda pedagogik taʼlimning yangi, haqiqiy rivojlanish davri boshlanayotganini anglatadi.
Prezidentimizning “Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, shu yildan boshlab 2026-yilgacha universitet xalqaro talablarga muvofiq transformatsiya qilinishi belgilandi. Oliy taʼlim muassasasini kompleks rivojlantirish dasturi va maqsadli koʻrsatkichlar ham tasdiqlandi. Kompleks rivojlantirish dasturida 6 ta yoʻnalishda 26 ta yaxlit vazifani bajarish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻzda tutildi.
Universitetning xalqaro reytinglarga kirishi, uzluksiz taʼlim tizimi bilan integratsiyasini taʼminlash, xorijiy mutaxassislarni oʻquv jarayoniga jalb etish, oliygoh hududida 5000 oʻrinli bino va inshootlar qurish hamda jihozlash kabi vazifalar shular jumlasidan. Shu oʻrinda oʻtgan uch oy davomida qaror ijrosini taʼminlash yuzasidan bajarilgan ishlar haqida toʻxtalib oʻtish joiz. Avvalo, universitetni 2022–2026-yillarda bosqichma-bosqich xalqaro talablar asosida transformatsiya qilish ishlari uchun masʼul prorektor lavozimi joriy qilindi va xorijiy oliy taʼlim muassasalarida tahsil olgan tajribali mutaxassis ishga tayinlandi.
Universitetda 2-kursni muvaffaqiyatli tugatgan talabalar oʻrtasida, tashqi baholovchilarni jalb qilgan holda, ilgʻor milliy va xorijiy tajriba asosida tayyorlangan maqsadli tayyorlov dasturi boʻyicha oʻqishga tanlab olingan yigit-qizlarga oshirilgan miqdorda stipendiya tayinlash, ularni istiqbolli kadrlar “oltin zaxira”siga nomzod sifatida hisobga olish va xorijiy yetakchi oliy taʼlim muassasalarida oʻqishni davom ettirishga jalb qilish boʻyicha oʻquv-meʼyoriy va normativ hujjatlar ishlab chiqilib, tasdiqlash uchun vazirlikka taqdim etildi.
Universitet tuzilmasida Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari va ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etish markazi, Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Abdulla Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliytadqiqot instituti, Respublika taʼlim markazi hamda Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi, Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutining malakali mutaxassislaridan iborat pedagogik taʼlim va amaliyot boʻlimi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Universitetda pedagogika, psixologiya va tarix ixtisosliklari boʻyicha dissertatsiyalar himoyasini oʻtkazish boʻyicha 3 ta ilmiy kengash faoliyati takomillashtirildi. 2022-yilning oʻtgan toʻqqiz oyida universitet izlanuvchilari 85 ta dissertatsiya yoqladi. Natijada ilmiy salohiyat yil boshidagi 38 foizdan 50 foizga oshdi. Oliy taʼlim muassasamizda bugun 55 nafar fan doktori va 326 nafar fan nomzodi ilmiy-pedagogik faoliyat yuritmoqda. Bu yil Toshkent davlat pedagogika universiteti barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda oliy taʼlim muassasalari taʼsirini baholovchi THE Impact Rankings xalqaro reytingiga kirishga muvaffaq boʻldi.
Soʻnggi yillarda qabul kvotalari oshishi, oshirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqish istagini bildirgan abituriyentlar soni koʻpligi hamda oʻqishini xorijdan koʻchirib kelayotgan talabalar hisobiga oʻquv auditoriyalari va talabalar turar joylariga oʻtkir ehtiyoj hosil boʻlgan. Ayni paytda davlat-xususiy sheriklik asosida ming oʻrinli talabalar turar joyini barpo etish boʻyicha ishlar bajarilmoqda. Universitet mablagʻlari hisobidan shu yilning 10-oktyabrida 400 oʻrinli talabalar turar joyi, 1-noyabrda esa ikki ming oʻrinli oʻquv binosini qurish boshlanadi. Universitet talabalari sharoitlardan unumli foydalanib, koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda.
Xususan, 2022-yilda bir talaba Oʻzbekiston Prezidenti stipendiyasi hamda toʻqqiz talaba nomdor davlat stipendiyalari sovrindori boʻldi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yildagiga nisbatan ikki barobar oshdi. Ikki talaba Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Yana ikki talaba xalqaro va toʻqqiz nafari respublika fan olimpiadalari, besh talaba xalqaro va 58 talaba respublika sport musobaqalari gʻolibi hamda sovrindorlari qatoridan oʻrin egalladi. Shu bilan birga, universitet faoliyatini takomillashtirish uchun bajarilishi zarur qator vazifalar bor. Ularni bosqichma-bosqich amalga oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar, maqsadli koʻrsatkichlar va nazorat rejalari ishlab chiqilgan.
Birinchidan, Toshkent davlat pedagogika universiteti 2022–2026-yillarda bosqichma-bosqich xalqaro talablar asosida transformatsiya qilinadi. Buning uchun 2023-yil 1-sentyabrga qadar xalqaro reytinglarda birinchi 1000 talikka kirgan chet el oliygohlari bilan hamkorlikda kamida 3 ta qoʻshma taʼlim dasturini, 2024-yil 1-yanvarga qadar universitet faoliyatida “Raqamli universitet” platformasini joriy etish, uning boshqaruv tizimi, oʻquv jarayoni va hujjatlar aylanmasini toʻliq raqamlashtirish, 2025-yil 1-yanvarga qadar universitetni QS (Quacquarelli Symonds) va THE (Times Nigher Education) xalqaro agentliklarining sohaviy, mintaqaviy yoki tematik reytinglariga kirishini taʼminlash, vakolatli xorijiy tashkilotlarni jalb qilgan holda, universitet taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarini xalqaro akkreditatsiyadan, universitetning boshqaruv tizimini ISO:21001 (Management systems for educational organizations) xalqaro talablari boʻyicha sertifikatsiyadan oʻtkazish kabi qator vazifalarni hal etish koʻzda tutilgan.
Ikkinchidan, 2023-yil 1-yanvardan universitetga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik berilishi rejalashtirilgan. Bu esa oliy taʼlim muassasasiga akademik mustaqillik sohasida oʻquv rejalar, oʻquv dasturlar, malaka talablarini kasbiy standartlar asosida tasdiqlash, oʻqitish tilini hamda taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari xususiyatlarini inobatga olgan holda, taʼlim olish shaklini belgilash, taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar boʻyicha qoʻshmalaka, jumladan, amaliy malakalar berish tizimini joriy qilish, oliy taʼlim muassasasi va uning tuzilmasidagi taʼlim muassasalari uchun oʻz grifi asosida darsliklar hamda boshqa oʻquv va ilmiy adabiyotlarni yaratish, nashr etish, tashkiliy boshqaruvdagi mustaqillik sohasida faoliyatining asosiy yoʻnalishi taʼlim, ilm-fan, uning natijalarini joriy etish hamda tijoriylashtirish bilan bogʻliq boʻlgan, davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilmaydigan tarkibiy tuzilmalar, tijorat va notijorat tashkilotlarni tashkil etish, mehnat bozoridagi ehtiyojdan kelib chiqib, yangi taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar ochish, xorijiy davlat fuqarolarini toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish va masofaviy taʼlim olish shaklida oʻqitishni tashkil etish kabi qator imkoniyatlarni beradi.
Uchinchidan, ilgʻor xorijiy tajribalar va taʼlim amaliyoti pedagogika oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishda kasbiy yoʻnaltirilgan imtihon ham boʻlishi zarurligini koʻrsatmoqda. Amaldagi tartibga muvofiq, talabalarni universitetga oʻqishga qabul qilishda ularning pedagogik kasbga qiziqishi va moyilligi oʻrganilmaydi. Shuning uchun 2024-yildan tajriba-sinov tariqasida universitetga qabul ikki bosqichda oʻtkaziladi. Birinchi bosqich dastlabki imtihon shaklida, ikkinchi bosqich kirish test sinovlari tarzida tashkil etiladi.
Dastlabki imtihonlarda aniq pedagogik vaziyatlarga yechim topish orqali talabgorlarning kasbiy moyilligi oʻrganiladi. Undan ijobiy baho olgan abituriyentlarning test sinovlarida qatnashishiga ruxsat etiladi. Albatta, mazkur kirish imtihonini tajriba-sinovdan oʻtkazish uchun universitetning pedagogika taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha vaqtinchalik tartib ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi kerak. Bu borada allaqachon amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Jumladan, ayni vaqtda Davlat test markazi tomonidan abituriyentlarning kasbga moyilligini oʻrganish uchun milliy dastur ishlab chiqilmoqda.
Bundan tashqari, tajriba-sinov natijalaridan kelib chiqib, pedagogika taʼlim yoʻnalishlariga qabul imtihonini ikki bosqichda oʻtkazish tartibini mamlakat miqyosida ommalashtirish ham istiqbolli yoʻnalishlardan biri ekanini alohida qayd etish lozim. Toʻrtinchidan, pedagog kadrlar tayyorlash va maktab taʼlimini rivojlantirish maqsadini milliy tadqiqotlar natijalariga tayanmasdan samarali roʻyobga chiqarib boʻlmaydi. Pedagogika sohasida taʼlim va ilmfanning oʻzaro integratsiyasini taʼminlash maqsadida Toshkent davlat pedagogika universiteti va Abdulla Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot instituti oʻrtasida mustahkam hamkorlikni yoʻlga qoʻyish lozim.
Buning uchun xalq taʼlimi tizimini takomillashtirish, pedagogik taʼlim nazariyasi va ishlab chiqarish amaliyoti integratsiyasini kuchaytirish, pedagoglarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlanishini taʼminlashning dolzarb masalalari boʻyicha birgalikda ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, oʻzaro professor-oʻqituvchilar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash boʻyicha faol hamkorlik qilish, birgalikda ilmiy konferensiya, seminar-treninglar, doktorlik dissertatsiyalari muhokamalarini tashkil qilish, hammualliflikda oʻquv adabiyotlarining yangi avlodini yaratishga doir aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish talab etiladi.
Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻqitish sifatini oshirish orqali jamiyatda inson kapitalini rivojlantirish, ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish uchun poydevor yaratiladi. Ana shunday asosni barpo etish uchun uning meʼmorlari — boʻlajak oʻqituvchilar oʻz fanini mukammal bilishi, yuksak pedagogik mahoratga, yangi metodikalarni ishlab chiqish va undan samarali foydalanish qobiliyatiga ega boʻlishi zarur. Bunday ulkan vazifani bajarish, oʻz navbatida, oliy pedagogik taʼlim mazmuni va infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishni talab qiladi.
Bugungi islohotlarga ogʻishmasdan amal qilinsa, albatta, kutilgan natijaga erishiladi. Maqsad aniq. Davlatimiz rahbari universitetimizga yuksak eʼtibor va jamoamizga katta ishonch bildirib, bu maqsadga erishishning ravon yoʻlini belgilab berdi. Universitet pedagogik jamoasi bildirilgan bu ishonchni qadrlab, oldiga qoʻyilgan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarishi, yurtimizda pedagogik taʼlimni yangi bosqichga olib chiqishda tom maʼnodagi tayanch oliy taʼlim muassasasi boʻlishi shart.