TDT: taʼlim sohasidagi hamkorlik yangi bosqichida

    2021-yilda toʻlaqonli birlashma maqomini olgan Turkiy davlatlar tashkiloti bugungi kunda oʻz rivojlanishining yangi bosqichiga qadam qoʻymoqda. Qadimiy va hamisha naqiron Samarqand shahri 2022-yilning 10-11-noyabr kunlari muhim siyosiy tadbir Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitiga mezbonilik qildi.

    Qayd etish joizki, Turkiy davlatlar tashkiloti birinchi sammiti doirasida 10 dan ortiq muhim hujjatlar imzolandi. Xususan, Turkiy davlatlar tashkilotining transport bogʻliqligi dasturi va Soddalashtirilgan bojxona yoʻlaklarini shakllantirish toʻgʻrisidagi bitim, Savdo strategiyasi boʻyicha muhim kelishuvlar ana shular jkmlasidandir. Shuningdek, yana bir muhim hujjat — Turkiy davlatlar tashkilotining 2022-2026-yillarga moʻljallangan Strategiyasi imzolandi. Sammitning asosiy hujjati — Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi.

    Shubhasiz, yuqoridagi hujjatlarning amaliyotga tatbiq etilishi keyingi yillarda barqaror oʻsish trayektoriyasini koʻrsatayotgan savdo-iqtisodiy jarayonlarga ijobiy taʼsir koʻrsatadi va yangi dinamika beradi.

    Eng muhimi, ishtirokchi davlatlar sammit kun tartibidagi barcha masalalar boʻyicha oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishga tayyorligini bildirmoqda.

    Bularning barchasi TDT rivojlanishning sifat jihatdan yangi bosqichga chiqqanligi, qolaversa aʼzo-davlatlar oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun yangi qirralar ochilayotganligidan dalolat beradi.

    Yana bir muhim jihat. Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkilotining ilk sammitida yoshlar masalasiga doir bir qator taklif va tashabbuslar ham ilgari surildi. Tashkilotga aʼzo davlatlar aholisining 40 foizini yoshlar tashkil etishini hisobga olsak, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash masalasi Tashkilotning ustuvor yoʻnalishlaridan biridir.

    Qayd etish joizki, bugun Tashkilotga aʼzo davlatlar doirasida Turkiy universitetlar Ittifoqi, 2018-yilda Baku shahrida Turkiy kengashning birinchi talabalar oʻyinlari – Turkiya Universiadasini alohida taʼkidlash kerak. Bundan tashqari, Yoshlar festivallari, Turkiy yoshlar lageri va Turkiy davlatlarning yosh diplomatlari uchun kurslar muntazam ravishda oʻtkazib kelinmoqda.

    Bu tarmoqdagi eʼtiborni tortuvchi muhim natijalardan biri – turkiy universitetlar ittifoqini yaratilishi boʻldi. Bu ittifoq oʻzida 18 ta oliy taʼlim muassasasini jamladi. Bundan tashqari, axborot agentliklari oʻrtasida aloqalarni kuchaytirish, maʼlumot almashish va xalqaro turkiy tilli yangiliklar kanalini tashkil etish borasidagi ishlar amalga oshirilmoqda.

    Mazkur sammitda ham davlatimiz rahbari tomonidan 2023-yilda Oʻzbekistonda turkiy yoshlar ilm-fan va innovatsiyalari xalqaro Kongressini oʻtkazish taklifi ilgari surildi. Mazkur kongress oʻtkazilishi mamlakatlar taraqqiyotining asosi boʻlgan ilm-fan sohasini yanada rivojlantirish va kelajak poydevori boʻlgan yoshlarni ragʻbatlantirish uchun ajoyib imkoniyat boʻlib xizmat qiladi. Shu bilan birga, taʼlim tizimi xodimlari, universitetlar, Tashkilot oqsoqollari, yoshlar oʻrtasidagi har tomonlama keng qamrovli uchrashuvlar tashkil etishni koʻzda tutadi.

    Davlatimiz rahbari tomonidan Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimining joriy etish boʻyicha taklifi, mazkur yoʻnalishdagi ishlarning tizimli va samarali tashkil etilishi uchun zamin yaratadi.

    Samarqand sammitida taʼkidlangan yoshlar masalasiga oid tashabbuslar oʻsib kelayotgan yosh avlodning qobiliyatini yuzaga chiqarish, mamlakatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblangan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish borasidagi islohotlarning mantiqiy davomi sifatida ham baholash mumkin.

    Qayd etish joizki, soʻnggi yillarda yurtimizda bu borada salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, yoshlarga oid davlat siyosatining aniq maqsad va vazifalari belgilab qoʻyildi. Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi ishlab chiqildi. Ushbu konsepsiyaning samarali amalga oshirish maqsadida 62 ta banddan iborat boʻlgan Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2021-2022-yillarda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

    Yoshlar bilan tizimli ishlash boʻyicha qonunchilik zamon talablari asosida takomillashtirildi, xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilindi, yangi institut va mexanizmlar joriy etildi. Xususan, 2017 – 2020-yillarda yoshlarga oid davlat siyosatining samaradorligini taʼminlash va yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida 50 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi.

    Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi davlat tashkiloti boʻlgan Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi. Bugungi kunda agentlik chin maʼnoda yoshlarning manfaatlarini ifodalab kelmoqda. Yoshlarni ijtimoiy, huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlash, ishsiz yoshlarning bandligini taʼminlash maqsadida “Yoshlar daftari” tizimi joriy etildi. Yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlashga qaratilgan “Beshta muhim tashabbus” loyihasi ishga tushirildi. Yoshlarni kasb-hunarga yoʻnaltirish maqsadida “Yoshlar kelajagimiz” jamgʻarmasi tashkil etildi.

    Shu bilan birga, taʼlim tizimida ulkan oʻzgarishlar amalga oshirildi. Soʻnggi toʻrt yilda yurtimizda 44 ta yangi oliy taʼlim muassasalari tashkil etilib, ularning soni 50 foizga oshirildi, yoshlarni oliy taʼlim muassasalariga qamrovi 9 foizdan 28 foizga yetkazildi.

    Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand sammitida yoshlar masalasiga oid tashabbus va islohotlarning tahlili shuni koʻrsatadiki, ular oʻz mazmun-mohiyatiga koʻra tarixiy, xalqaro-huquqiy, ijtimoiy, maʼnaviy va madaniy jihatdan yuqori ahamiyatga ega.

    Sardorbek YUSUPOV,

    yuridik fanlari doktori, dotsent