Ular oʻz taqdirini yer bagʻridagi xazinalarga ishonib topshirgan, ammo aql, texnologiya va mustaqil tafakkur yetishmagan pallada boylik himoyaga aylanmagan. Natijada tashqi taʼsirlar kuchaygan, ichki barqarorlik soʻngan, xalq esa oʻz boyligi ustida turib, taqdirini boshqalar hal qilayotgan manzaraga guvoh boʻlgan, boʻlyapti.

Bu alohida davlatga xos qismat emas, za­monaviy dunyodagi qattiq qonun. Cheklangan resurslarga suyangan mamlakat doimo sinov ostida boʻladi. Chunki boylik diqqatni tor­tadi, ammo uni asraydigan kuch faqat bilim va texnologiyadan tugʻiladi. Shu bois, bugungi global raqobat chegaralar yoki armiyalar bilan emas, bilim, texnologiya va ishonch maydonida kechmoqda. Tabiiy resurslarga ega boʻlish hali yutuq emas, ularni qoʻshilgan qiymatga aylan­tira olish esa haqiqiy ustunlikdir.

Shu maʼnoda, soʻnggi yillarda jahon iqti­sodiy va siyosiy jarayonlari bir savol atrofi­da aylanmoqda: qaysi mamlakat oʻz kelajagini oʻtmish zaxiralariga bogʻlab qoʻydi, qaysi biri esa kelajak imkoniyatlarini yarata oldi?

Jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki, barqa­ror taraqqiyotga erishgan mamlakatlar tabiat bergan neʼmatlarga emas, inson yaratgan bilimga suyangan. Cheklangan resurslar koʻp bor qaramlik, beqarorlik va tashqi bosimlar manbaiga ay­langan. Ammo texnologiya, innovatsiya va inson kapitaliga tayangan davlatlar global qiymat zan­jirlarida oʻz oʻrnini topib, mustaqil taraqqiyot yoʻlini taʼminlay olgan. Bugun dunyo aynan shu ikki yoʻl chorrahasida turibdi.

Ana shunday murakkab va tez oʻzgarayotgan xalqaro muhitda har bir davlat oʻz strategik tan­lovini qayta koʻrib chiqmoqda. Bu tanlov faqat iqtisodiy model emas, balki tafakkur, boshqa­ruv va jamiyat ongini qamrab olgan sivilizatsion qarordir. Chunki iqtisodiyot raqamlar bi­lan emas, insonning dunyoqarashi bilan harakatga keladi. Qaysi mamlakatda qaror qabul qilish madaniyati, samaradorlikka boʻlgan munosabat va bilimga hurmat shakllangan boʻlsa, oʻsha yerda ta­raqqiyot uzluksiz boʻlishi shubhasiz.

Shu global oʻzgarishlar, keskin raqobat va yangi taraqqiyot qoidalari sharoitida har bir davlat oʻz kelajagini tasodifga tashlab qoʻya olmaydi. Strategik tanlov aniq, maqsadlar ravshan va harakatlar muvofiq boʻlishi talab etiladi. Oʻzbekiston ham aynan shu tarixiy pallada oʻz rivojlanish yoʻlini yanada aniq belgilab olmoqda. Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasi ana shu jarayonning mantiqiy ifodasi, mamlakatning kelajakka qarab qilayotgan ongli qadamining siyosiy va falsafiy aksidir. Unda jahonda kechayotgan tendensiyalar milliy imkoniyatlar bilan uygʻun holda talqin qili­nib, yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlari aniq belgilab berilgan.

Murojaatnomada kelgusi taraqqiyot uchun belgilangan ustuvor yoʻnalishlar ichida iqti­sodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish masalasi alohida oʻrin tu­tadi. Ayni yoʻl tanlanar ekan, asosiy eʼtibor “koʻproq ishlab chiqarish”ga emas, samarador­likka qaratilmoqda. Mazkur tushuncha endi­likda faqat iqtisodiy termin emas. U davlat boshqaruvi madaniyati, investitsiya siyosati va inson kapitaliga boʻlgan munosabatni belgi­lab beruvchi mezonga aylanayotir.

Davlat qancha koʻp imkoniyatga ega boʻlma­sin, uni shakllantira oladigan bilimli, mahoratli va yangilikka ochiq inson kuchi boʻlmasa, barcha imkoniyatlar faqat imkoniyat sifatida qoladi. Oʻzbekiston esa aynan shu kuchni rivojlantirishga intilib, mavjud imkoniyatlarni bilim, texnologiya va inno­vatsiyalar orqali qoʻshilgan qiymatga aylan­tirishga yoʻnaltirmoqda.

Birgina misol. Joriy yil yuqori tex­nologik va kam energiya isteʼmol qiladigan tarmoqlarni rivojlantirish natijasida 1 dollar qiymatdagi mahsulot ishlab chiqarish uchun sarflanadigan energiya 13 foizga kamay­di. Yaʼni resurslar samaradorligi orqali yara­tish quvvati oshdi. Shu bitta omil orqali yana 1 milliard dollarlik qoʻshilgan qiymat yara­tilganini hisobga olsak, bu jarayonning keng koʻlamli taʼsiri va iqtisodiy samarasi yanada ravshan koʻrinadi.

Yuqoridagi raqamlar shuni anglatadiki, texnologiya va malakasi yuqori kadrlar har bir tarmoqning yuragi. Qayerda ilgʻor texnolo­giya va yuqori malakaga ega mutaxassislar mav­jud boʻlsa, oʻsha sohada oʻsish barqaror boʻladi, vaqti-vaqti bilan iqtisodiy samaradorlikni oshiradi. Shu bois, koʻzlangan ulkan maqsad — 2030-yilga borib, yalpi ichki mahsulotni 240 milliard dollardan oshirishning eng ishonchli yoʻli — barcha iqtisodiyot tarmoqlari­ni texnologik va innovatsion rivojlanish modeli asosida transformatsiya qilishdir. Bu oʻsishning sifat jihatidan yangi bosqichiga oʻtishi — iqtisodiy taraqqiyot strategiyasi­ning markaziy yoʻnalishi hisoblanadi.

Investitsiya siyosati ham aynan shu yonda­shuv bilan uygʻunlashmoqda. Soʻnggi toʻqqiz yil ichida barcha tarmoqlarga jalb qilingan 130 milliard dollarlik xorijiy mablagʻ faqat raqam emas, balki yangi Oʻzbekistonning global iqtisodiy maydondagi ishonch va jozibadorli­gi koʻrsatkichidir. Joriy yilda esa chet ellik hamkorlar bilan yana 140 milliard dollarlik yangi investitsiya kelishuvlariga erishildi. Bu mamlakatimiz barqaror va ishonchli investitsiya muhitiga aylanganligini tasdiqlaydi.

Kelgusi yili kutilgan 50 milliard dol­larlik investitsiya esa endi shunchaki mablagʻ kirishi emas, balki har bir mablagʻ yangi tex­nologiyalar, malakali ishchi kuchi va yuqori qoʻ­shilgan qiymatli mahsulotlar yaratishga xizmat qilishi sharti bilan rejalashtirilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, investor faqat kapital man­bai emas, balki innovatsion rivojlanishning katalitikasiga aylanadi. Yangi texnologiya va yangi kompetensiyalar olib kirgan, eksportga yoʻnaltirilgan investitsiya eng ishonchli ham­kor sifatida davlat siyosatida markaziy oʻrin egallaydi.

Shu tarzda har bir investitsiya, har bir loyiha va har bir energiya tejash orqali mam­lakat resurslarini samarali boshqaradigan, bilim va texnologiyaga asoslangan barqaror rivojlanish modeliga intilayotganini koʻrsat­moqda.

Investitsiya va iqtisodiy taraqqiyotning muvaffaqiyati mablagʻning kirib kelishi bi­lan chegaralanmay, balki shu mablagʻlardan qanday samarali foydalanish, ularni qanday strategik yoʻnalishlarga yoʻnaltirishda ham aks etadi. Murojaatnomada taʼkidlanganidek, strategik investorlarga yerlar bozor qiymati­da bevosita taqdim etilishi, iqtisodiy imko­niyat boʻlishi bilan birga ishonch va hamkorlik nishonasidir. Ushbu tizim orqali investorlar “idoradan-idoraga yugurmasdan”, yagona raqam­li platforma — “invest.gov.uz” orqali barcha xizmatlarni olish imkoniga ega boʻladi. Bu esa vaqtni tejash va byurokratiyadan ozodlikni taʼminlaydi. Shu tarzda har bir investitsiya milliy iqtisodiyotning texnologik va raqo­batbardosh salohiyatiga aylanadi.

Erkin iqtisodiy zonalar orqali jahon­ning mashhur brendlarini jalb qilish ham strategik ahamiyatga ega. Bu yerda korxonalar xalqaro standartlar va ekologik qoidalar asosida ishlaydi, ularga esa imtiyozli soliq, bojxona va huquqiy rejimlar beriladi. Bu, oʻz navbatida, investor uchun qulay muhit yaratadi va milliy iqtisodiyotning global qiymat zan­jiridagi ishtirokini taʼminlaydi.

Koʻzlangan rejalar ortidan kelgusi besh yilda 180 milliard dollarlik xorijiy investitsiya orqali 1 million yuqori daromadli ish oʻrnini yaratish maqsad qilingan. Shuningdek, har bir investitsiya loyiha asosida amalga oshiriladi, uning samaradorligi doimiy mo­nitoring qilinadi va faqatgina strategik ahamiyatga ega yoʻnalishlarda ishlatilishi taʼ­minlanadi.

Shu tariqa har bir investor va har bir loyiha nafaqat moddiy qiymat yaratadi, balki milliy iqtisodiyotni texnologik transfor­matsiya va inson kapitalini rivojlanti­rish yoʻlidagi muhim qismga aylanadi. Bu jarayon zamonaviy taraqqiyotning murakkab, ammo intellektual markaziy mexanizmi sifa­tida mamlakatning global bozorlardagi raqo­batbardoshligini taʼminlaydi.

Murojaatnomada belgilab berilgan 2026-yilga oid sanoat va texnologiya siyosati, aslida, iqtisodiy rivojlanishga nisbatan mutlaqo yangi falsafiy yondashuvni ifoda etadi. Bu yon­dashuvga koʻra, iqtisodiy oʻsish endi alohida tarmoqlarni qoʻllab-quvvatlash bilan cheklan­maydi, balki butun iqtisodiyotni yagona texno­logik tizim sifatida qayta qurishni nazarda tutadi. Shu maʼnoda, kelgusi yilda sanoat tarmoqlariga yoʻnaltirilayotgan investitsiya­lar hajmi va tarkibi mamlakatning strategik tanlovini yaqqol namoyon qiladi.

Xususan, 2026-yilda kimyo sanoatida 4,5 milliard dollar, togʻ-kon, metallurgiya, neft-gaz, avtomobilsozlik, toʻqimachilik va quri­lish materiallari tarmoqlarining har birida 3 milliard dollar, elektrotexnika sohasida 2 milliard dollar, farmatsevtika tarmogʻi­da esa 800 million dollar miqdorida yangi loyihalar boshlanishi rejalashtirilmoqda. Bu raqamlar oddiy investitsiya koʻrsatkichi emas, balki iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, xomashyoga qaramlikni kamaytirish va yuqori qoʻshilgan qiymat yaratishga qaratilgan uzoq muddatli siyosatning ifodasidir.

Ayni shu tarmoqlar tanlanishi bejiz emas. Chunki aynan kimyo, metallurgiya, mashinasoz­lik, farmatsevtika va elektrotexnika sohalari global qiymat zanjirlarida eng katta texno­logik va intellektual qoʻshilgan qiymatni shakllantiradi. Bu esa mamlakat sanoatini faqat ishlab chiqaruvchi emas, balki texnolo­giya yaratuvchi subyekt sifatida maydonga olib chiqish imkonini beradi.

Shu asosda 2026-yilda mamlakat eksport hajmini 40 milliard dollarga yetkazish, tay­yor va yarim tayyor mahsulotlar ulushini esa 55 foizdan oshirish maqsadi qoʻyilmoqda. Bu koʻr­satkichlar iqtisodiy oʻsishning sifat jihatdan oʻzgarishini anglatadi. Yaʼni eksport hajmini oshirish endi faqat miqdor bilan emas, balki mahsulotning texnologik murakkabligi va bo­zordagi raqobatbardoshligi bilan belgilanadi.

Kelgusi yilda iqtisodiyotda 6,6 foiz oʻsish taʼminlanib, yalpi ichki mahsulot hajmi 167 milliard dollarga yetishi taxmin qilinmoqda. Agar mehnat unumdorligi, energiya samarador­ligi va mahsulot tannarxi boʻyicha tizimli va qatʼiy ishlar olib borilsa, iqtisodiy oʻsish salohiyati ancha yuqori ekani ochiq eʼtirof etilmoqda. Demak, iqtisodiy rivojlanish endi tashqi omillarga emas, ichki samarador­likka bogʻlanmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, sanoatda “Unumdor­lik va samaradorlikni ikki karra oshirish” dasturining ishga tushirilishi alohida aha­miyat kasb etadi. Bu dastur doirasida Iqti­sodiyot va moliya vazirligi tomonidan mehnat unumdorligi va energiya samaradorligiga qara­tilgan maxsus loyiha amalga oshiriladi. Ushbu tashabbus uchun xalqaro moliya institutlaridan 200 million dollar miqdorida kredit va grantlar jalb qilinishi rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida sanoat korxonalari­ga xorijdan yuqori malakali texnolog va muhandislar jalb etiladi, biznes jarayonlar raqamlashtiriladi, energiya va resurs sarfi­ni qisqartirish boʻyicha chuqur auditlar oʻtka­ziladi. Bu esa iqtisodiy oʻsishni faqat yangi quvvatlar hisobidan emas, balki mavjud im­koniyatlarni yanada samarali ishlatish orqali taʼminlash falsafasiga oʻtishni anglatadi.

Jarayonning mantiqiy davomi sifatida “Toʻrtinchi sanoat inqilobi markazi” tashkil etiladi. Markaz negizida robototexnika, in­ternet buyumlari, “aqlli” fabrikalar kabi “Industriya 4.0” yechimlarini joriy etish uchun maxsus tartibga solish mexanizmi yaratiladi. Bu mexanizm korxonalarga yangi texnologiya­larni ishlab chiqarishga tatbiq etishdan oldin ularni sinovdan oʻtkazish imkonini beradi. Yaʼni innovatsiya xavf emas, balki boshqarila­digan jarayonga aylanadi.

Sifat infratuzilmasi sohasidagi islohot­lar ham oʻz samarasini bermoqda. Oxirgi ikki yilda Oʻzbekiston “Global sifat infratuzilmasi” indeksida 15 pogʻonaga koʻtarilib, 185 ta dav­lat orasida 52-oʻrinni egalladi. Ushbu natija milliy mahsulotlarning xalqaro bozorlarda tan olinishi uchun muhim institutsional asos yaratadi.

Shu bilan birga, mahsulot raqobatbardo­shligini yanada oshirish maqsadida texnik tartibga solish sohasida yangi bosqichga oʻti­ladi. “Davlat nazorati”dan samaradorligi isbotlangan “Bozor nazorati” tizimiga oʻtish orqali sifat va xavfsizlik ustidan nazorat bozor mexanizmlari bilan uygʻunlashtiriladi. Innovatsiya asosida yuqori texnologiyali mah­sulot ishlab chiqarayotgan korxonalar esa iqti­sodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlanadi: mahsu­lot hajmini oshirgan korxonalarga qoʻshimcha mahsulot qiymatining 5 foizi miqdorida sub­sidiya beriladi, ilmiy tadqiqot va konstruk­torlik ishlanmalaridan olingan daromadlar soliqdan ozod qilinadi.

Ana shu chora-tadbirlar natijasida kelgusi besh yilda sanoatda mehnat unumdorligi hozir­gi 16,5 ming dollardan 30 ming dollarga, yaʼni deyarli ikki barobar oshishi, 1 ming dollar qoʻ­shilgan qiymat yaratishga ketadigan energiya sar­fi esa 1,5 barobar qisqarishi kutilmoqda. Bu koʻrsatkichlar iqtisodiy oʻsishning yangi — in­tellektual va texnologik bosqichini anglatadi.

Murojaatnomada belgilab berilgan kapi­tal bozorini rivojlantirish va yashirin iqti­sodiyotni qisqartirishga qaratilgan chora-tad­birlar, aslida, iqtisodiy siyosatning yangi maʼnaviy-huquqiy bosqichga koʻtarilayotgani­dan dalolat beradi. Chunki barqaror iqtiso­diy oʻsish faqat investitsiya hajmi yoki ishlab chiqarish quvvatlari bilan emas, balki ishonch, shaffoflik va adolatli qoidalarga asoslan­gan iqtisodiy muhit orqali shakllanadi.

Korxonalarning xalqaro moliya bozorla­rida ilk bor oʻz aksiyalarini joylashtirishi mumkin boʻlishi bu — nafaqat qoʻshimcha moli­yaviy resurslarga chiqish, balki milliy biz­nesning global iqtisodiy makonga toʻlaqonli integratsiyalashuvi ham demakdir. Bu orqali tadbirkorlik subyektlari uchun qoʻshimcha 1 milliard dollarlik moliyaviy manba yarati­lishi rejalashtirilayotgani, iqtisodiy oʻsish­ni davlat byudjeti yoki tashqi qarz hisobidan emas, balki bozor mexanizmlari orqali taʼ­minlashga oʻtilayotganini koʻrsatadi. Bunday yondashuv iqtisodiy mustaqillikning yana bir muhim ustuni sifatida namoyon boʻlmoqda.

Shu bilan birga, yashirin iqtisodiyotga qar­shi kurash masalasi Murojaatnomada faqat maʼmuriy choralar doirasida emas, balki ijtimoiy kelishuv va iqtisodiy ongni oʻz­gartirish nuqtayi nazaridan qoʻyilgani bilan ahamiyatlidir. Oxirgi yillarda koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 45-50 foizdan 28 foizga tu­shirilgani bu yoʻldagi ilk, ammo muhim nati­jadir. Biroq davlat rahbari taʼkidlaganidek, bu hali boshlanishi, xolos.

2026-yildan barcha davlat xizmatlari va kommunal toʻlovlardan tortib, yirik savdo bi­timlarigacha boʻlgan jarayonlarning naqdsiz hi­sob-kitoblarga oʻtkazilishi, shuningdek, nazorat va tekshiruv organlarida “bodi-kamera” tizi­mining joriy etilishi — iqtisodiyotda inson omilining salbiy taʼsirini kamaytirish, shaf­foflik va javobgarlikni institutsional dara­jaga koʻtarishga xizmat qiladi. Bu esa iqtisodiy munosabatlarning qonun ustuvorligiga asoslan­gan yangi madaniyatini shakllantiradi.

Ayni paytda “soya”da ishlayotgan tadbir­korlarga jazo emas, balki imkoniyat berish tamoyili ilgari surilayotgani alohida eʼti­borga molik. Buxgalteriya, soliq va statistika hisobotlarini yuritish boʻyicha bepul oʻqitish tizimining joriy etilishi davlat va biznes oʻrtasidagi munosabatlarda ishonch va hamkor­lik modeli qaror topayotganini anglatadi.

Belgilangan dasturlar ijrosi natijasida kelgusi besh yilda yashirin iqtisodiyot ulu­shi yana ikki karra qisqartirilishi, savdo va servis sohalarida naqdsiz toʻlovlar ulushi 75 foizdan oshishi, rasmiy sektorda band aholi soni esa 8,5 milliondan 14 million nafarga yetkazilishi koʻzda tutilmoqda. Bu raqamlar ortida millionlab insonlarning huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan muhofaza qilinadigan muhitga kirib kelishi mujassam.

Fuqarolarning oʻz daromad va aktivlari­ni erkin tasarruf etishiga oid kafolatlarni yaratish masalasi ham aynan shu falsafaning davomidir. Davlat fuqarolarni shubha va xa­votirda emas, balki ishonch va xotirjamlikda yashashga undayotgani — iqtisodiy siyosatning insonparvarlik mohiyatini ochib beradi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu Murojaatnoma yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim haqiqa­tini belgilab berdi: iqtisodiy oʻsish — raqam­lar yigʻindisi emas, balki inson, ishonch, bi­lim va adolatga tayangan barqaror tizimdir. Ana shu tizim barpo etilgan joyda iqtisod ham, jamiyat ham, kelajak ham mustahkam boʻladi.

Sardor TOLLIBOYEV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri