Ular oʻz taqdirini yer bagʻridagi xazinalarga ishonib topshirgan, ammo aql, texnologiya va mustaqil tafakkur yetishmagan pallada boylik himoyaga aylanmagan. Natijada tashqi taʼsirlar kuchaygan, ichki barqarorlik soʻngan, xalq esa oʻz boyligi ustida turib, taqdirini boshqalar hal qilayotgan manzaraga guvoh boʻlgan, boʻlyapti.
Bu alohida davlatga xos qismat emas, zamonaviy dunyodagi qattiq qonun. Cheklangan resurslarga suyangan mamlakat doimo sinov ostida boʻladi. Chunki boylik diqqatni tortadi, ammo uni asraydigan kuch faqat bilim va texnologiyadan tugʻiladi. Shu bois, bugungi global raqobat chegaralar yoki armiyalar bilan emas, bilim, texnologiya va ishonch maydonida kechmoqda. Tabiiy resurslarga ega boʻlish hali yutuq emas, ularni qoʻshilgan qiymatga aylantira olish esa haqiqiy ustunlikdir.
Shu maʼnoda, soʻnggi yillarda jahon iqtisodiy va siyosiy jarayonlari bir savol atrofida aylanmoqda: qaysi mamlakat oʻz kelajagini oʻtmish zaxiralariga bogʻlab qoʻydi, qaysi biri esa kelajak imkoniyatlarini yarata oldi?
Jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki, barqaror taraqqiyotga erishgan mamlakatlar tabiat bergan neʼmatlarga emas, inson yaratgan bilimga suyangan. Cheklangan resurslar koʻp bor qaramlik, beqarorlik va tashqi bosimlar manbaiga aylangan. Ammo texnologiya, innovatsiya va inson kapitaliga tayangan davlatlar global qiymat zanjirlarida oʻz oʻrnini topib, mustaqil taraqqiyot yoʻlini taʼminlay olgan. Bugun dunyo aynan shu ikki yoʻl chorrahasida turibdi.
Ana shunday murakkab va tez oʻzgarayotgan xalqaro muhitda har bir davlat oʻz strategik tanlovini qayta koʻrib chiqmoqda. Bu tanlov faqat iqtisodiy model emas, balki tafakkur, boshqaruv va jamiyat ongini qamrab olgan sivilizatsion qarordir. Chunki iqtisodiyot raqamlar bilan emas, insonning dunyoqarashi bilan harakatga keladi. Qaysi mamlakatda qaror qabul qilish madaniyati, samaradorlikka boʻlgan munosabat va bilimga hurmat shakllangan boʻlsa, oʻsha yerda taraqqiyot uzluksiz boʻlishi shubhasiz.
Shu global oʻzgarishlar, keskin raqobat va yangi taraqqiyot qoidalari sharoitida har bir davlat oʻz kelajagini tasodifga tashlab qoʻya olmaydi. Strategik tanlov aniq, maqsadlar ravshan va harakatlar muvofiq boʻlishi talab etiladi. Oʻzbekiston ham aynan shu tarixiy pallada oʻz rivojlanish yoʻlini yanada aniq belgilab olmoqda. Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasi ana shu jarayonning mantiqiy ifodasi, mamlakatning kelajakka qarab qilayotgan ongli qadamining siyosiy va falsafiy aksidir. Unda jahonda kechayotgan tendensiyalar milliy imkoniyatlar bilan uygʻun holda talqin qilinib, yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlari aniq belgilab berilgan.
Murojaatnomada kelgusi taraqqiyot uchun belgilangan ustuvor yoʻnalishlar ichida iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish masalasi alohida oʻrin tutadi. Ayni yoʻl tanlanar ekan, asosiy eʼtibor “koʻproq ishlab chiqarish”ga emas, samaradorlikka qaratilmoqda. Mazkur tushuncha endilikda faqat iqtisodiy termin emas. U davlat boshqaruvi madaniyati, investitsiya siyosati va inson kapitaliga boʻlgan munosabatni belgilab beruvchi mezonga aylanayotir.
Davlat qancha koʻp imkoniyatga ega boʻlmasin, uni shakllantira oladigan bilimli, mahoratli va yangilikka ochiq inson kuchi boʻlmasa, barcha imkoniyatlar faqat imkoniyat sifatida qoladi. Oʻzbekiston esa aynan shu kuchni rivojlantirishga intilib, mavjud imkoniyatlarni bilim, texnologiya va innovatsiyalar orqali qoʻshilgan qiymatga aylantirishga yoʻnaltirmoqda.
Birgina misol. Joriy yil yuqori texnologik va kam energiya isteʼmol qiladigan tarmoqlarni rivojlantirish natijasida 1 dollar qiymatdagi mahsulot ishlab chiqarish uchun sarflanadigan energiya 13 foizga kamaydi. Yaʼni resurslar samaradorligi orqali yaratish quvvati oshdi. Shu bitta omil orqali yana 1 milliard dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratilganini hisobga olsak, bu jarayonning keng koʻlamli taʼsiri va iqtisodiy samarasi yanada ravshan koʻrinadi.
Yuqoridagi raqamlar shuni anglatadiki, texnologiya va malakasi yuqori kadrlar har bir tarmoqning yuragi. Qayerda ilgʻor texnologiya va yuqori malakaga ega mutaxassislar mavjud boʻlsa, oʻsha sohada oʻsish barqaror boʻladi, vaqti-vaqti bilan iqtisodiy samaradorlikni oshiradi. Shu bois, koʻzlangan ulkan maqsad — 2030-yilga borib, yalpi ichki mahsulotni 240 milliard dollardan oshirishning eng ishonchli yoʻli — barcha iqtisodiyot tarmoqlarini texnologik va innovatsion rivojlanish modeli asosida transformatsiya qilishdir. Bu oʻsishning sifat jihatidan yangi bosqichiga oʻtishi — iqtisodiy taraqqiyot strategiyasining markaziy yoʻnalishi hisoblanadi.
Investitsiya siyosati ham aynan shu yondashuv bilan uygʻunlashmoqda. Soʻnggi toʻqqiz yil ichida barcha tarmoqlarga jalb qilingan 130 milliard dollarlik xorijiy mablagʻ faqat raqam emas, balki yangi Oʻzbekistonning global iqtisodiy maydondagi ishonch va jozibadorligi koʻrsatkichidir. Joriy yilda esa chet ellik hamkorlar bilan yana 140 milliard dollarlik yangi investitsiya kelishuvlariga erishildi. Bu mamlakatimiz barqaror va ishonchli investitsiya muhitiga aylanganligini tasdiqlaydi.
Kelgusi yili kutilgan 50 milliard dollarlik investitsiya esa endi shunchaki mablagʻ kirishi emas, balki har bir mablagʻ yangi texnologiyalar, malakali ishchi kuchi va yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar yaratishga xizmat qilishi sharti bilan rejalashtirilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, investor faqat kapital manbai emas, balki innovatsion rivojlanishning katalitikasiga aylanadi. Yangi texnologiya va yangi kompetensiyalar olib kirgan, eksportga yoʻnaltirilgan investitsiya eng ishonchli hamkor sifatida davlat siyosatida markaziy oʻrin egallaydi.
Shu tarzda har bir investitsiya, har bir loyiha va har bir energiya tejash orqali mamlakat resurslarini samarali boshqaradigan, bilim va texnologiyaga asoslangan barqaror rivojlanish modeliga intilayotganini koʻrsatmoqda.
Investitsiya va iqtisodiy taraqqiyotning muvaffaqiyati mablagʻning kirib kelishi bilan chegaralanmay, balki shu mablagʻlardan qanday samarali foydalanish, ularni qanday strategik yoʻnalishlarga yoʻnaltirishda ham aks etadi. Murojaatnomada taʼkidlanganidek, strategik investorlarga yerlar bozor qiymatida bevosita taqdim etilishi, iqtisodiy imkoniyat boʻlishi bilan birga ishonch va hamkorlik nishonasidir. Ushbu tizim orqali investorlar “idoradan-idoraga yugurmasdan”, yagona raqamli platforma — “invest.gov.uz” orqali barcha xizmatlarni olish imkoniga ega boʻladi. Bu esa vaqtni tejash va byurokratiyadan ozodlikni taʼminlaydi. Shu tarzda har bir investitsiya milliy iqtisodiyotning texnologik va raqobatbardosh salohiyatiga aylanadi.
Erkin iqtisodiy zonalar orqali jahonning mashhur brendlarini jalb qilish ham strategik ahamiyatga ega. Bu yerda korxonalar xalqaro standartlar va ekologik qoidalar asosida ishlaydi, ularga esa imtiyozli soliq, bojxona va huquqiy rejimlar beriladi. Bu, oʻz navbatida, investor uchun qulay muhit yaratadi va milliy iqtisodiyotning global qiymat zanjiridagi ishtirokini taʼminlaydi.
Koʻzlangan rejalar ortidan kelgusi besh yilda 180 milliard dollarlik xorijiy investitsiya orqali 1 million yuqori daromadli ish oʻrnini yaratish maqsad qilingan. Shuningdek, har bir investitsiya loyiha asosida amalga oshiriladi, uning samaradorligi doimiy monitoring qilinadi va faqatgina strategik ahamiyatga ega yoʻnalishlarda ishlatilishi taʼminlanadi.
Shu tariqa har bir investor va har bir loyiha nafaqat moddiy qiymat yaratadi, balki milliy iqtisodiyotni texnologik transformatsiya va inson kapitalini rivojlantirish yoʻlidagi muhim qismga aylanadi. Bu jarayon zamonaviy taraqqiyotning murakkab, ammo intellektual markaziy mexanizmi sifatida mamlakatning global bozorlardagi raqobatbardoshligini taʼminlaydi.
Murojaatnomada belgilab berilgan 2026-yilga oid sanoat va texnologiya siyosati, aslida, iqtisodiy rivojlanishga nisbatan mutlaqo yangi falsafiy yondashuvni ifoda etadi. Bu yondashuvga koʻra, iqtisodiy oʻsish endi alohida tarmoqlarni qoʻllab-quvvatlash bilan cheklanmaydi, balki butun iqtisodiyotni yagona texnologik tizim sifatida qayta qurishni nazarda tutadi. Shu maʼnoda, kelgusi yilda sanoat tarmoqlariga yoʻnaltirilayotgan investitsiyalar hajmi va tarkibi mamlakatning strategik tanlovini yaqqol namoyon qiladi.
Xususan, 2026-yilda kimyo sanoatida 4,5 milliard dollar, togʻ-kon, metallurgiya, neft-gaz, avtomobilsozlik, toʻqimachilik va qurilish materiallari tarmoqlarining har birida 3 milliard dollar, elektrotexnika sohasida 2 milliard dollar, farmatsevtika tarmogʻida esa 800 million dollar miqdorida yangi loyihalar boshlanishi rejalashtirilmoqda. Bu raqamlar oddiy investitsiya koʻrsatkichi emas, balki iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, xomashyoga qaramlikni kamaytirish va yuqori qoʻshilgan qiymat yaratishga qaratilgan uzoq muddatli siyosatning ifodasidir.
Ayni shu tarmoqlar tanlanishi bejiz emas. Chunki aynan kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, farmatsevtika va elektrotexnika sohalari global qiymat zanjirlarida eng katta texnologik va intellektual qoʻshilgan qiymatni shakllantiradi. Bu esa mamlakat sanoatini faqat ishlab chiqaruvchi emas, balki texnologiya yaratuvchi subyekt sifatida maydonga olib chiqish imkonini beradi.
Shu asosda 2026-yilda mamlakat eksport hajmini 40 milliard dollarga yetkazish, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushini esa 55 foizdan oshirish maqsadi qoʻyilmoqda. Bu koʻrsatkichlar iqtisodiy oʻsishning sifat jihatdan oʻzgarishini anglatadi. Yaʼni eksport hajmini oshirish endi faqat miqdor bilan emas, balki mahsulotning texnologik murakkabligi va bozordagi raqobatbardoshligi bilan belgilanadi.
Kelgusi yilda iqtisodiyotda 6,6 foiz oʻsish taʼminlanib, yalpi ichki mahsulot hajmi 167 milliard dollarga yetishi taxmin qilinmoqda. Agar mehnat unumdorligi, energiya samaradorligi va mahsulot tannarxi boʻyicha tizimli va qatʼiy ishlar olib borilsa, iqtisodiy oʻsish salohiyati ancha yuqori ekani ochiq eʼtirof etilmoqda. Demak, iqtisodiy rivojlanish endi tashqi omillarga emas, ichki samaradorlikka bogʻlanmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, sanoatda “Unumdorlik va samaradorlikni ikki karra oshirish” dasturining ishga tushirilishi alohida ahamiyat kasb etadi. Bu dastur doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan mehnat unumdorligi va energiya samaradorligiga qaratilgan maxsus loyiha amalga oshiriladi. Ushbu tashabbus uchun xalqaro moliya institutlaridan 200 million dollar miqdorida kredit va grantlar jalb qilinishi rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida sanoat korxonalariga xorijdan yuqori malakali texnolog va muhandislar jalb etiladi, biznes jarayonlar raqamlashtiriladi, energiya va resurs sarfini qisqartirish boʻyicha chuqur auditlar oʻtkaziladi. Bu esa iqtisodiy oʻsishni faqat yangi quvvatlar hisobidan emas, balki mavjud imkoniyatlarni yanada samarali ishlatish orqali taʼminlash falsafasiga oʻtishni anglatadi.
Jarayonning mantiqiy davomi sifatida “Toʻrtinchi sanoat inqilobi markazi” tashkil etiladi. Markaz negizida robototexnika, internet buyumlari, “aqlli” fabrikalar kabi “Industriya 4.0” yechimlarini joriy etish uchun maxsus tartibga solish mexanizmi yaratiladi. Bu mexanizm korxonalarga yangi texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishdan oldin ularni sinovdan oʻtkazish imkonini beradi. Yaʼni innovatsiya xavf emas, balki boshqariladigan jarayonga aylanadi.
Sifat infratuzilmasi sohasidagi islohotlar ham oʻz samarasini bermoqda. Oxirgi ikki yilda Oʻzbekiston “Global sifat infratuzilmasi” indeksida 15 pogʻonaga koʻtarilib, 185 ta davlat orasida 52-oʻrinni egalladi. Ushbu natija milliy mahsulotlarning xalqaro bozorlarda tan olinishi uchun muhim institutsional asos yaratadi.
Shu bilan birga, mahsulot raqobatbardoshligini yanada oshirish maqsadida texnik tartibga solish sohasida yangi bosqichga oʻtiladi. “Davlat nazorati”dan samaradorligi isbotlangan “Bozor nazorati” tizimiga oʻtish orqali sifat va xavfsizlik ustidan nazorat bozor mexanizmlari bilan uygʻunlashtiriladi. Innovatsiya asosida yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqarayotgan korxonalar esa iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlanadi: mahsulot hajmini oshirgan korxonalarga qoʻshimcha mahsulot qiymatining 5 foizi miqdorida subsidiya beriladi, ilmiy tadqiqot va konstruktorlik ishlanmalaridan olingan daromadlar soliqdan ozod qilinadi.
Ana shu chora-tadbirlar natijasida kelgusi besh yilda sanoatda mehnat unumdorligi hozirgi 16,5 ming dollardan 30 ming dollarga, yaʼni deyarli ikki barobar oshishi, 1 ming dollar qoʻshilgan qiymat yaratishga ketadigan energiya sarfi esa 1,5 barobar qisqarishi kutilmoqda. Bu koʻrsatkichlar iqtisodiy oʻsishning yangi — intellektual va texnologik bosqichini anglatadi.
Murojaatnomada belgilab berilgan kapital bozorini rivojlantirish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar, aslida, iqtisodiy siyosatning yangi maʼnaviy-huquqiy bosqichga koʻtarilayotganidan dalolat beradi. Chunki barqaror iqtisodiy oʻsish faqat investitsiya hajmi yoki ishlab chiqarish quvvatlari bilan emas, balki ishonch, shaffoflik va adolatli qoidalarga asoslangan iqtisodiy muhit orqali shakllanadi.
Korxonalarning xalqaro moliya bozorlarida ilk bor oʻz aksiyalarini joylashtirishi mumkin boʻlishi bu — nafaqat qoʻshimcha moliyaviy resurslarga chiqish, balki milliy biznesning global iqtisodiy makonga toʻlaqonli integratsiyalashuvi ham demakdir. Bu orqali tadbirkorlik subyektlari uchun qoʻshimcha 1 milliard dollarlik moliyaviy manba yaratilishi rejalashtirilayotgani, iqtisodiy oʻsishni davlat byudjeti yoki tashqi qarz hisobidan emas, balki bozor mexanizmlari orqali taʼminlashga oʻtilayotganini koʻrsatadi. Bunday yondashuv iqtisodiy mustaqillikning yana bir muhim ustuni sifatida namoyon boʻlmoqda.
Shu bilan birga, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash masalasi Murojaatnomada faqat maʼmuriy choralar doirasida emas, balki ijtimoiy kelishuv va iqtisodiy ongni oʻzgartirish nuqtayi nazaridan qoʻyilgani bilan ahamiyatlidir. Oxirgi yillarda koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 45-50 foizdan 28 foizga tushirilgani bu yoʻldagi ilk, ammo muhim natijadir. Biroq davlat rahbari taʼkidlaganidek, bu hali boshlanishi, xolos.
2026-yildan barcha davlat xizmatlari va kommunal toʻlovlardan tortib, yirik savdo bitimlarigacha boʻlgan jarayonlarning naqdsiz hisob-kitoblarga oʻtkazilishi, shuningdek, nazorat va tekshiruv organlarida “bodi-kamera” tizimining joriy etilishi — iqtisodiyotda inson omilining salbiy taʼsirini kamaytirish, shaffoflik va javobgarlikni institutsional darajaga koʻtarishga xizmat qiladi. Bu esa iqtisodiy munosabatlarning qonun ustuvorligiga asoslangan yangi madaniyatini shakllantiradi.
Ayni paytda “soya”da ishlayotgan tadbirkorlarga jazo emas, balki imkoniyat berish tamoyili ilgari surilayotgani alohida eʼtiborga molik. Buxgalteriya, soliq va statistika hisobotlarini yuritish boʻyicha bepul oʻqitish tizimining joriy etilishi davlat va biznes oʻrtasidagi munosabatlarda ishonch va hamkorlik modeli qaror topayotganini anglatadi.
Belgilangan dasturlar ijrosi natijasida kelgusi besh yilda yashirin iqtisodiyot ulushi yana ikki karra qisqartirilishi, savdo va servis sohalarida naqdsiz toʻlovlar ulushi 75 foizdan oshishi, rasmiy sektorda band aholi soni esa 8,5 milliondan 14 million nafarga yetkazilishi koʻzda tutilmoqda. Bu raqamlar ortida millionlab insonlarning huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan muhofaza qilinadigan muhitga kirib kelishi mujassam.
Fuqarolarning oʻz daromad va aktivlarini erkin tasarruf etishiga oid kafolatlarni yaratish masalasi ham aynan shu falsafaning davomidir. Davlat fuqarolarni shubha va xavotirda emas, balki ishonch va xotirjamlikda yashashga undayotgani — iqtisodiy siyosatning insonparvarlik mohiyatini ochib beradi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu Murojaatnoma yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim haqiqatini belgilab berdi: iqtisodiy oʻsish — raqamlar yigʻindisi emas, balki inson, ishonch, bilim va adolatga tayangan barqaror tizimdir. Ana shu tizim barpo etilgan joyda iqtisod ham, jamiyat ham, kelajak ham mustahkam boʻladi.
Sardor TOLLIBOYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri