“Texnologiyalarni tijoratlashtirish va startap loyihalarni amalga oshirish” oʻquv dasturiga start berildi

    Fan 3 May 2023 1468

    Joriy yil 2-mayda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan Jahon Bankining “Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” (MUNIS) loyihasi doirasida respublikamizning barcha hudud va shaharlarida xalqaro ekspertlar jamoasi tomonidan “Texnologiyalarni tijoratlashtirish va startap loyihalarni amalga oshirish” oʻquv dasturiga start berildi.

    Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov ochib berdi. Soʻzga chiqqan Jahon banki ishchi guruhi rahbari Janob Yerali Beksultan, MUNIS loyihasi rahbari Dilshod Azgarov, ilmiy loyihalar va biznes-startaplarni amalga oshirish boʻyicha xalqaro ekspert Sergey Makarov loyihaning maqsad va vazifalari toʻgʻrisida maʼlumotlar berdi.

    Dasturning asosiy maqsadi 2022/2026-yillarda innovatsion rivojlanish strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish uchun hududlardagi yosh olimlar, tadbirkorlar va oʻz startap gʻoyalariga ega yoshlarni loyihalarini amalga oshirishda amaliy koʻnikmalarini mustahkamlash, hamda texnologiyalarni tijoratlashtirishda ularni qoʻllab-quvvatlashdan iboratdir. Loyiha, shuningdek, MUNIS loyihasining kichik tarkibiy qismlari uchun maqsadli auditoriyani kengaytirishga yordam beradi.

    Loyiha 2023-yil may oyida boshlanib 8 oy davomida 12 ta viloyat va Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtkaziladi. Loyiha doirasida treninglar tashkil etilib, Oʻzbekistonning barcha hududlarida bepul interaktiv seminarlar xalqaro ekspert Sergey Makarov ishtirokida oʻtkaziladi va quyidagi mavzularni qamrab oladi:

    R&D tijoratlashtirish tamoyillari;

    Istiqbolli innovatsion mahsulotlarni aniqlash;

    Mahsulotni ishlab chiqish (kelajakdagi mahsulot xususiyatlarida Kano modelidan foydalanish);

    Mijozlarni topish va yangi korxonalar (Lean usullaridan biri — mijozlarning ehtiyojlarini “sifat uyi” tamoyili asosida R&D shakllantirish);

    IM identifikatsiya va erta baholash;

    Tadqiqotchilarning texnologik brokerlar, tadbirkorlar, investorlar bilan oʻzaro taʼsiri; tuzoqlardan qochib sherikchilik qurish;

    Biznes akseleratorlar va erta bosqichdagi VC investitsiyalari: R&D tizimidagi insonlar nimani bilishlari kerak;

    Global rivojlanish: nimani kutish va nimadan uzoqlashish kerak;

    Ushbu loyiha fan, taʼlim va innovatsiyalar sohalarini rivojlantirishga xizmat qilib, mamlakatning demografik salohiyatini ochib berishga qaratilgan va amalda sinovdan oʻtib yoʻlga qoʻyilgan dasturdan iborat boʻladi.