Tibbiyot texnikumining namunali bitiruvchilari oliy oʻquv yurtiga imtihonsiz qabul qilinadi

    Ta'lim 2 Mart 2021 2922

    Bemorlarning tezroq sogʻayishi, aholi salomatligini saqlashda oʻrta tibbiyot xodimlarining ham bilim va koʻnikmalari, amaliy tajribasi muhim rol oʻynaydi. Sababi ular bemor va aholi vakillari bilan shifokorlardan koʻra koʻproq muomalada boʻladi. Ular xastalarni parvarishlab, dori-darmon berib, zaruriy tibbiy yordam koʻrsatadi. Shu bois ham mamlakatimizda oʻrta tibbiyot xodimlarini tayyorlashning yangicha, samarali tizimi ishlab chiqildi.

    SSV matbuot xizmati bu haqdagi vazirlikning Fan va taʼlim boshqarmasi masʼul xodimi Lutfi YUSUPOVA bilan muloqotning davomini havola qiladi (2-qism).

    — Oʻrta tibbiyot xodimlarini tayyorlash tizimini yaratishda xorij tajribasi ham oʻrganildimi, bunda qaysi jihatlarga koʻproq eʼtibor beriladi?

    — Tibbiyot texnikumlari faoliyatini tashkil etishda turli xorijiy mamlakatlar tajribasi bilan tanishdik. Xususan, Rossiya, Qozogʻiston, Yevropa mamlakatlari hamda taʼlim tizimi kuchli boʻlgan Finlyandiya tajribasini oʻrganib, tahlil qildik. Ushbu mamlakatlarda yoshlar tibbiyot muassasasida ikki yil tahsil olgandan soʻng oddiy hamshira malakasiga ega boʻladi. Keyinchalik esa yana ikki-uch yil maʼlum bir yoʻnalish boʻyicha oʻqib, ixtisoslashadi. Bir soʻz bilan aytganda, oʻrta tibbiyot xodimlarining ham malakasiga qarab, turli darajalari belgilangan.

    Oʻzbekistondagi tibbiyot texnikumlari ham yuqori malakali hamshiralarni tayyorlash maqsadida tashkil etildi.

    Taʼlim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash natijasida innovatsion, amaliy usullarda taʼlim berish tizimi yaratilmoqda. Masalan, texnikumlarda oʻquv-simulyatsion auditoriyalar tashkil etilayapti. Bundan tashqari, valeologiya, tibbiy psixologiya, nutritsiologiya, diyetologiya, farmakologiya, kineziologiya, reabilitologiya, profpatologiya fanlarini chuqurlashtirilgan holda oʻqitilishi koʻzda tutilgan.

    Oʻqitish sifati haqida soʻz borayotganida, qabul jarayonlariga ham toʻxtalib oʻtish joiz. Sababi, test sinovlaridan yaxshi oʻtolmagan yoshlarning tibbiyotga ishtiyoqi ham past boʻladi. Shu bois bugungi kunda tibbiyot kollejlari, texnikumlariga ham bir xil (kimyo, biologiya) fanlardan davlat test sinovlari oʻtkazilmoqda. Davlat test markazi tomonidan tashkil etilayotgan imtihonlar shaffof tarzda amalga oshirilmoqda.

    Taʼkidlash joizki, texnikumning namunali bitiruvchilari oʻz yoʻnalishlari boʻyicha tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining 2-kursidan oʻqishini davom ettirish huquqiga ham ega. Bir soʻz bilan aytganda, tizim oʻrta tibbiyot xodimlarining yana-da malakali kadr boʻlishlariga xizmat qiladi. Bu esa, oʻz navbatida, aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatilishiga zamin yaratishi shubhasiz.

    — Tibbiyot kollej va texnikumlari bitiruvchilari bandligini taʼminlash masalasiga ham toʻxtalib oʻtsangiz.

    — Albatta, bu borada ham bir qator ishlar olib borilmoqda. Xususan, tibbiyot texnikumi, kollejlarida grant asosida oʻqiyotgan talabalar ish bilan taʼminlanadi. Bundan tashqari, Prezidentimizning bir qator qaror va Farmonlari bilan oʻrta tibbiyot xodimlari uchun yangi shtatlar joriy etilmoqda.

    Masalan, tegishli qonun hujjatiga koʻra, homilador va tugʻruqdan keyingi davrdagi ayollar hamda 5 yoshgacha bolalari mavjud oilalarga alohida patronaj hamshirasi biriktiriladi. Shuningdek, oilaviy shifokor yordamchilari, nutritsiolog, diyetolog shtatlari joriy etilishi kutilmoqda. Ushbu oʻzgarishlar ham oʻrta tibbiyot xodimlarini ish bilan taʼminlashda muhim rol oʻynaydi.

    Aslini olganda, taʼlim sifatining kuchaytirilishi bitiruvchilarni ish bilan taʼminlanishiga ham asos boʻladi. Chunki malakali kadr hech qachon ishsiz qolmaydi. Tibbiyot sohasida malakali kadrlarning faoliyat yuritishi esa, xalqimizga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatilishining kafolatidir.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi
    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.