Menga Pushkin bir jahonu

Menga Bayron bir jahon,

Lek Navoiydek bobom bor,

Koʻksi osmon, oʻzbegim.

Har gal ushbu jumlalarni oʻqiganimizda qalbimiz faxr-iftixorga toʻladi. Buyuk Navoiyga boʻlgan yuksak ehtirom Erkin Vohidov sheʼrlariga boʻlgan hayrat bilan uygʻunlashib ketadi.

Xalq shoirining boy ijodiy merosi adabiyotimizning latofatli soʻz boyligi boʻlib qolgani bilan ham ahamiyatli. Albatta, Gyote va Yesenin kabi buyuk shoirlarni oʻzbekcha “soʻzlatgan” ijodkor ayni paytda zarrabin olim ham edi. Uning tarjimasidagi sheʼrlarda birorta soʻz yoʻqki, nooʻrin ishlatilgan boʻlsin. Shu bois, “Soʻz latofati” asari ham katta tajriba va fidoyi mehnat samarasi oʻlaroq dunyoga kelgani shubhasiz.

“Tilni boyitish keng xalq ommasidan tashabbuskorlikni, olimu mutaxassislardan ijodkorlikni, yangi soʻzni hayotga kirituvchi mutasaddilardan xayrixohlikni, oʻzbekchalashtirishga boʻlgan qatʼiy irodani talab etadigan katta Vataniy ishdir”, deydi shoir “Soʻz latofati” asarida. Shu oʻrinda Vataniy soʻziga eʼtibor bering. Nima uchun shoir “vatanparvar ishi” emas, vataniy ishdir demoqda. Nazarimda, shoirga vatanparvar soʻzi bu oʻrinda ohori toʻkilgandek koʻringan boʻlishi mumkin. Chindan ham, soʻz qanchalar koʻrkam boʻlmasin, koʻp va nooʻrin ishlatilaversa, oʻz qiymatini yoʻqotishi mumkin. E.Vohidov til mavzusiga chuqur bilimdon, xassos shoir sifatida yondashgani bois, maʼlum bir soʻz oʻrniga yangi, salmoqdor soʻzni qoʻllab gapning mazmun va mohiyatini yanada chuqur va taʼsirchan bayon etadi.

Xuddi shu asarda “zangin” soʻzi ham uchraydi: “Asliyatga qaytishning koʻlamli jarayonida zangin va rangin ona tilimiz faol ishtirok etayotganidan quvondim”. Sinchi shoir rangin soʻzining rang-barang maʼnolari haqida oʻz asarida batafsil maʼlumot beradi. Men shu oʻrinda zangin soʻziga toʻxtalmoqchiman.

Zangin soʻzining asosi “zang” boʻlib, “jarang”, “qoʻngʻiroq” maʼnolarini anglatadi. Aniqroq aytadigan boʻlsak, jaranglab turgan ovoz zang deyiladi. Bunga misol qilib hamma yaxshi biladigan maktab qoʻngʻirogʻining ovozini keltirishimiz mumkin. Ijodkor zangin soʻzini qoʻllash orqali oʻzbek tili dunyo tillari ichida hamon qoʻngʻiroqdek jaranglab turibdi, demoqda. Buni kamtarona faxr ham deyish mumkin. Qadimda hatto shunday soʻz oʻyiniga qurilgan “faxriya” degan badiiy sanʼat turi boʻlgan. Shu chogʻda Alisher Navoiyning quyidagi misr alari yodimga tushdi:

Olibman hukmu farmonimga oson,

Cherik chekmay Xitodan to Xuroson.

Bilamizki, Erkin Vohidov “Abdulla Qahhor maktabi” vakillaridan biri boʻlgan. Abdulla Qahhor oʻz davrida yosh shoirni gʻoyat hurmat qilgan, unga toʻgʻri yoʻl koʻrsatgan. Shogirdini ragʻbatlantirish maqsadida hatto bir necha hikoyalariga uning sheʼrlarini epigraf qilib oladi. Erkin Vohidov ustozini hamisha katta ehtirom bilan eslaydi. Mana, shoirning shunday xotiralaridan biri: “Abdulla Qahhor bilan Kibriyo Qahhorovaning turmushi oddiy er-xotinlik munosabatidan yuksakroq edi. Koʻngil yaqinligi, ijodiy hamkorlik oʻz yoʻliga. Ikki soʻz ustasining suhbatlari lutfga, tutilmagan gaplarga, goʻzal qochirimlarga boy boʻlardi. “Tutilmagan soʻz” iborasini eshitib, xayolingizga “kutilmagan” soʻz kelishi tabiiy.

Rus tilidagi “svejiy” soʻzi tarjima qilinganda, yangi, urinmagan, buzilmagan kabi bir qancha maʼnolarni anglatadi. “Tutilmagan gap” ham Erkin Vohidovda oʻziga xos yangi ibora boʻlib qoʻllanilgan. Bu ibora oʻquvchini yanada zavqlantiradi, tilimizning jozibadorligini yana bir bor namoyon qiladi.

Kimnidir sevsang, undagi nuqson ham fazilatdek tuyuladi, degan falsafiy gap bor. Erkin Vohidov ham oʻzbek xalqini jonu dili bilan, barcha ulugʻvorligiyu ayrim ortiqcha sanalguvchi odatlari bilan suygan.

Shoir oʻzbek xalqini yapon xalqi bilan qiyoslar ekan, shunday bayon qiladi: “Yaponlar ranglarga juda eʼtiborli. Bizning ham ulardan kam joyimiz yoʻq. Yurtimiz ularning yurtidan oʻn hissa ranginroq, sheʼriyatimiz oʻn karra boyroq. Elimizga oʻn barobar koʻp neʼmat ato etgan Tangrimiz yapondagi hafsala va urinchoqlikning oʻndan birini bizga bersa edi...”

Bunda “urinchoq” soʻzi “shijoat” soʻzining maʼnodoshi hisoblanadi. Lekin shijoat soʻzi oʻzlashma soʻz, buning ustiga mazkur gapda boshqacha maʼno kasb etib qolishi mumkin. Shuning uchun Erkin Vohidov uning sof oʻzbekcha shaklini topadi, aniqrogʻi, oʻzbek tilini yangi soʻz bilan boyitadi. Urinchoq soʻzi ishchanlikning ayab, erkalab aytilgan maʼnodoshiga oʻxshashini ilgʻagan boʻlsangiz kerak. Bu kabi yoqimli tanqid Vatanini, elini chin dildan eʼzozlaydigan ijodkorga xos uslub.

Hazrat Alisher Navoiy insonning hayvondan farqi imon ekanini shunday ifodalaydi:

Kimki jahon ahlida inson erur,

Bilki, nishoni anga iymon erur.

Chindan ham, insonning qiymati uning imoni bilan belgilanadi. Ikki insonning bir-biriga boʻlgan munosabatida ham ularning naqadar imonli yoki imonsiz ekanligi aks etadi. E.Vohidov “Tojik birodarimga” (eʼtibor bering: ukamga yoki akamga emas, birodarimga deyilyapti) sheʼrida shunday yozadi:

Biz ikki yondosh elga,

Qarindosh, qondosh elga.

Jondosh, imondosh elga,

Farzand boʻlamiz, doʻstim.

Imondosh — bu topildiq soʻz. Toʻgʻri dindosh soʻzi bor, lekin “imondosh” soʻzi yangi topilgan. Nega shoir shu soʻzni tanladi. Chunki insonda imondan ustun narsa yoʻq. Imon hatto jondan ham muqaddas. Yondosh, qarindosh, qondosh, jondosh, imondosh soʻzlarida darajaning borgan sari yuqorilab borayotganini his qilasiz. Birodar tojik xalqi bilan oʻzbek xalqi uzoq asrlardan buyon yonma-yon, jonga-jon boʻlib yashab kelmoqda. Garchi boshqa til va boshqa millat boʻlsa-da, bu ikki xalq et va tirnoq kabi biri-biriga yaqin ekanini shoir birgina imondosh soʻzi bilan ifodalab beradi.

Erkin Vohidov sheʼrlarida askiya, soʻz oʻyinlaridan juda oʻrinlatib foydalanilgan misralarni istagancha topish mumkin. Sinchkov kitobxon ham anglolmaydigan ayrim soʻz oʻyinlari borki, ularni anglash uchun oʻqirmandan juda katta zakiylik, adabiy did talab etiladi.

Tohirni halitdan tinch qoʻymas qizlar,

Yarim tunda qaytar uyga hamisha,

“Uncha boʻlmasak ham ilmda bizlar,

Ammo kuchli edi odob, andisha.

Birovning qiziga sal qarab qoʻysak,

Bizlar atalardik shoʻxu beboshlar.

Baʼzi kinolarmi buzmoqda andak,

Kapalakmijozroq hozirgi yoshlar...”

Latofatli soʻz sohibi Erkin Vohidov tanqidli oʻrinlarda ham qoʻpol soʻz oʻrniga oʻsha darajani anglatadigan boshqa soʻz topa oladi. Bu holat ayni paytda sheʼrning ohangdorligiga ham, maʼnosiga ham putur yetkazmaydi. Aksincha, badiiylikni, taʼsirchanlikni oshirishga xizmat qiladi. Ijodkor shu darajada ichki madaniyat sohibiki, kapalakmijoz soʻzi ham unga ogʻir soʻz boʻlib tuyuladi va uni yengillashtiradi: kapalakmijozroq! Ha, bu yuksak isteʼdodning hali biz koʻp oʻrganishimiz kerak boʻlgan qirralaridan biri.

Erkin Vohidov shoir sifatidagi missiyasini yurakdan anglagan, boshqa ijodkorlarga ham shunday yuksak talab qoʻygani aniq. Shu sabab sheʼriyatni, ijodni bir yumush bilib, oʻz manfaati yoʻlida foydalanmoqchi boʻlayotganlarni yengil hajv bilan qalamga oladi. Adabiyotga xiyonat qilgan, sheʼriyatni sotgan soʻzfurushlarni ijodkor sheʼrboz, baytyozar, sheʼrparast deb ataydi. Bu soʻzlar goʻyo sharafsiz, isnodsiz soʻzlarining maʼnodoshi yangligʻ yangraydi. “Noʻnoq shoirlar” sheʼrida bu holat shunday ifodalanadi:

Biz bir zamon muharrir boʻldik,

Qismat ekan, boʻldik noshirlar.

Oʻlsak yomon sheʼrlardan oʻldik.

Ado qildi noʻnoq shoirlar.

Qoʻlyozmalar oʻqirdik dil gʻash,

Koʻrgulikdan ohlar urardik.

Soʻzi chalkash, Oʻzi janjalkash

Sheʼrbozlardan qochib yurardik.

Buyuk adib koʻp yangi soʻzlarni ham muomalaga kiritadi. Masalan, kalendar soʻzi oʻrniga yiloykun, iyeroglif oʻrniga tasvirxat soʻzlarini ishlatadi. Bularning barini umumlashtirib erkinona latofat, vohidovcha mahorat, desak toʻgʻri boʻladi.

Buyuk shoir ijodidan keltirilgan misollar kichik izlanishlar samarasi, xolos. Bunday soʻzlarni — topildiqlarni uning boy ijodida koʻplab uchratish mumkin. Maqola yakunida esa tilni muazzam va ulugʻ deb bilgan E. Vohidovning quyidagi soʻzlarini keltirishni maʼqul koʻrdik: “Biz ilmu ijod ahli qancha talashib tortishmaylik, bir fikrda hammamiz yakdilmiz: til yolgʻiz mutaxassislarning mulki, xatlab berilgan yeri emas. Uni boyitish, goʻzal qilish, xas-xashaklardan tozalab borish — umumxalq ishidir”.