Mamlakatimip hududida madaniy va tabiiy yodgorliklar bisyor. Turli davrlarda bunyod etilgan, ne-ne suronli davrlar shohidi boʻlgan, har biri moziyning bir parchasi sifatida saqlanib qolgan madrasa, maqbara, masjid, xonaqoh va ziyoratgohlar tariximizning tilsiz tilsimlaridir.
Birgina Qashqadaryo viloyatida 900 dan ortiq madaniy meros obyekti mavjud. Ularning 160 dan ortigʻi arxitektura inshooti, 683 tasi arxeologik yodgorliklar, 61 tasi qadimiy sanʼat asarlari, 20 dan ziyodi esa ziyoratgohlardan iborat. Shulardan biri Hazrati Langar ota ziyoratgohidir
Tarixiy manbalarga koʻra, ushbu ziyoratgoh joylashgan Hazrati Langar ota qishlogʻining tarixi zardushtiylar davriga borib taqaladi. Hududda bir muddat sayohat qilsangiz, moziyning bizgacha saqlanib qolgan koʻpgina moʻjizalariga guvoh boʻlasiz. Qishloqning har bir qarich yeri oʻzida ilk neandertal davridagi hayotdan boshlab, zardushtiylar, soʻngra islom dini tarixini ham aks ettiradi.
Ayni paytda Qashqadaryo vohasida ikkita Langar ota qishlogʻi bor. Qamashidagi Katta Langar, Chiroqchi tumanidagi esa eski Hazrati Langar deb ataladi. Biz soʻz yuritayotgan bu manzil, qoʻshni Samarqand viloyati bilan chegaradosh Hisor va Zarafshon togʻlarining birlashgan nuqtasi — Hazrati Bashir togʻlaridan Jom qishlogʻiga qadar choʻzilgan Qoratepa, Chaqilikalon togʻ tizmalari oʻrtasidagi Qalqama vohasining markazida joylashgan. Nomi tarixchi va toponomik olimlarning fikriga koʻra, bu yerga shayxlarning kelishi va langar tashlashi degan maʼnoni anglatadi. Yaʼni, Hazrati Langar qishlogʻi ham oʻrtada joylashgan boʻlib, har tomonida 7 tadan qishloq mavjud. Langar soʻzining yana bir maʼnosi — langar choʻp yoki muvozanat nuqtasi, oʻrtaliq qishloq maʼnosiga ham ega.
Qadimshunos olim, akademik Rustam Sulaymonovning maʼlumotlariga koʻra, Hazrati Langar qishlogʻida odamzot besh ming yildan buyon yashab keladi. Qishloqdagi Gedalisoydan topilgan baʼzi arxeologik topilmalar —bronzadan yasalgan dudama xanjar, kamon oʻqi, qoratoshli qadimiy mozor, ikki dona ossuariy(sopol tobut) bunga misol boʻla oladi. Dunyo sayyohlari diqqat eʼtiborini tortgan bu qishloq ayni paytda Xalqaro ekoturizmni ham oʻziga jalb etmoqda. Bu manzilda qadim oʻtmishdan bizgacha yetib kelgan ziyoratgohlar, tarixiy obidalar, siru sinoatga toʻla tabiat yodgorliklari, qoyatoshlardagi surat-yozuvlar, Konizor gʻoridagi ibtidoiy odam makonlari, tosh haykalchalar, ming yillik ulkan chinor, mangu oqib yotadigan maʼdanli buloqlar oʻxshashi yoʻq.
Mahalliy aholining aytishicha, oʻtmishda ushbu manzil shu yaqin atrof aholisi uchun shoʻrolar davriga qadar ilm tarqatuvchi maskan hisoblangan. Xususan, oʻtgan asrgacha qishloqda oʻsha davrning oliy maʼlumotini beruvchi madrasa faoliyat olib borgan. Unda diniy bilimlar bilan birgalikda dunyoviy ilmdan ham saboq berilgan. Talabalar boʻsh paytlari shaxmatga oʻxshash “Arshi aʼlo” oʻyinini oʻynashgani aytiladi. Oʻyinning taxtasi va qoidalari yozilgan qogʻoz qishloq uylaridan birida topilgan boʻlib, hozigacha saqlab kelinadi.
Unda 30 tagacha odam qatnashishi mumkin. Oʻyin tartibi ham oʻzgacha: Xudoning dargohiga “oʻyinchi” qay yoʻl bilan chiqishi belgilanadi. Har bir katakda odamlarning gunohlari “yozilgan”. Toshlar tashlanganda qaysi katakka tushsa, uning gunohi aniqlanadi va toshdagi songa qarab ilgari suriladi. Yoʻlda mayda ilonlar uchrab, oxirida ikkita ajdarho oʻyinchini kutib turadi. Uning ogʻziga tushsangiz yutib yuboradi va oʻyin yana ajdarho dumidan boshlanadi. Oʻrtadagi narvonlarga toʻgʻri kelinsa, yuqori pogʻonaga chiqiladi. Yaʼni, hozirgi kompyuter oʻyinlarining asosida aynan ana shu oʻyin yotgan boʻlsa ajabmas.
Aytishlaricha, madrasaning oʻziga xos kattagina kutubxonasi mavjud boʻlgan. Afsuski, shoʻrolar davrida qishloq faollari kitoblarni asrash maqsadida yarim tunda qabristonga olib borib koʻmishgan. Lekin, ancha vaqtgacha hech bir kishi bu kitoblar haqida bir ogʻiz ham gapira olmagan. Maʼlum vaqt oʻtgach esa, kitoblarning aynan qaysi joyda koʻmilganini biluvchi odamlar vafot etgani sababli hanuzgacha ular topilmagan.
Bugungi kunda esa qishloq faollaridan biri odamlar uyida saqlanib qolgan kitoblarni asrash maqsadida farzandlari bilan ikki xonadan iborat moʻjazgina bino qurib, uni Langar ota qishlogʻining tarixiy muzeyiga aylantirgan. Muzey asta-sekinlik bilan boʻlsa-da, shu yerdan topilgan, zardushtiylar tobuti hisoblanmish 2 dona ossuariy, kitoblar, qadimgi maishiy buyumlar bilan boyitilayotganini koʻrish mumkin.
Qishloq boʻylab sayr qilar ekanmiz, uning asosiy yodgorligi — Hazrati Langar maqbarasiga yoʻl oldik. Bu yerda oraligʻi chamasi 200 metr boʻlgan ikkita qadimiy maqbara joylashgan boʻlib, taxminan 16–17 asrlarda bunyod etilgani aytiladi. Xonaqolarning koʻrinishi bir xil, ammo hajm jihatdan biri kattaroq, ikkinchisi kichikroq. Ikkalasi ham dengiz sathidan 700 metr yuqorida joylashgan. Bizga maʼlum qilinishicha, maqbaralarda oʻz davrida islom dini peshvolari boʻlgan shayxlar dafn etilgan. Aqidaga koʻra, Langar ota shayxlari poyiga koʻmilgan inson doʻzax oʻtidan xalos boʻlgan. Shu sabab, ilgarilari bu yerga hatto Afgʻonistondan ham odamlar olib kelib, dafn etilgan ekan.
Keyingi paytda bu yerdagi qabr toshlar olimlar tomonidan oʻrganilib, ayni paytda xaritasi tuzilgan. Hozir maqbaralar ziyoratgohga aylantirilgan.
Qishloq oʻrtasidan oqib oʻtuvchi daryo tomon enar ekanmiz, soy boʻyida joylashgan masjid eʼtiborimizni tortdi. Masjid usutunlarining birida bu bino hijriy 122-yili bunyod etilgani haqida qayd etilgan, yaʼni bundan 800-yil ilgari qurilgan. Hanuz aholiga xizmat qilib kelayotgan masjid ustunlari chinor va archa daraxtidan yasalib, yuqori qismi naqshlar bilan bezatilgan. Masjid shiftida har biri oʻz maʼnosiga ega boʻlgan rangdor naqshlar yorqinligini saqlab qolgan. Shuncha davrlar oʻtsa ham oʻz koʻrinishini yoʻqotmagan bu naqshlar ustasiga tasanno aytmasdan ilojingiz yoʻq. Unda ishlatilgan buyoq qanday tayryolangani esa hamon sir.
— Tadqiqotlarga koʻra, masjid dastlab qishloq tepasidagi Oqmachit guzarida qurilgan ekan va bundan 8 asr ilgari mana shu joyga koʻchirilgan, — deydi shu qishloqlik Muzrof ota Sayfiddinov. — Ustundagi yozuv ham ilk masjid qurilgan vaqtdan darak beradi. Bu joyga koʻchirilganda ustunlari ham toʻliq olib tushirilgan. Taxminimcha, yuqorida suv biroz muammo boʻlgani bois shu yerga, yaʼni daryo yaqinida bunyod etilgan. Shoʻrolar davrida masjid yopilib, omborxonaga aylantirildi. Gohida oʻgʻit saqlangan boʻlsa, gohida xoʻjalikning qoramol teri yigʻadigan joyiga aylandi. Shukrki, mustaqillik unga oʻz mohiyatini qaytardi.
Eʼtibor bersangiz, shiftdagi naqshlarning aksariyati svastika koʻrinishida, asosan bumerang — abadiy hayot tasviri aks ettirilgan. Shiftga naqshlar asosan matoga chizib, yopishtirilgan. Shuning uchun ham asrlar davomida ustidan suv oʻtsa ham naqshlar oʻchmagan. Har bir naqsh alohida maʼno kasb etadi. Ular inson hayotining mazmunini oʻzida aks ettirgan. Mutaxassislar fikriga koʻra, ushbu masjid tarixiyligi va oʻziga xos koʻrinishi bilan Markaziy Osiyoda betakrordir.
Masjid hozirda Abulhasan Ishqiy nomi bilan ataladi. Manbalarga koʻra, Abulhasan Ishqiy tasavvuf ilmining ishqiyo tariqatchilaridan boʻlib, ushbu masjid bunyod etilishida oʻzi bosh boʻlgan. Bundan tashqari, shu hududda diniy va dunyoviy ilm rivojlanishida katta xizmat koʻrsatgan kishilardan biri boʻlgan. Xususan, Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” asarida 770 nafar mashoyix haqida maʼlumot keltirib, unda xususan, shunday yozadi: “Shayx Abluhasan Ishqiy (sirlari muqaddas boʻlsin) Xorazmdandur. Shayx Boyazid Ishqiy Quddusi sirrihum silsilasi sulton ul-orifin Boyazid Bistomiy rahimillohga yetar, anga tarbiyat qilgandir. Oʻz zamonida faqir ahlining muqtadosi ermish, balki mashoixning peshvosi. Murid va asʼhobi koʻp, karomat va maqomati andin koʻproq”.
Ayni paytda masjid biroz taʼmirga muhtojligi koʻrinib turibdi. Shuncha asrlar oʻtsa ham asliyatini yoʻqotmagan mazkur tarixiy obida ayni shu davrga kelib nurab ketishidan mahalliy aholi ham xavotirda. Lekin, viloyat hokimligi mutasaddilarining bizga taqdim etgan maʼlumotlariga koʻra, joriy yilda ushbu masjid restavratsiya qilinishi uchun davlat dasturiga kiritilishi borasida taklif berilgan.
Mahalliy aholining taklifi bilan soy boʻyida joylashgan hovli devori yonidagi katta toshga 40 ta katak oʻyilgan joy tomon bordik. Tosh yonida oyoq qoʻyadigan joy ham bor. Oqsoqollarning aytishicha, bu qadimgi qirchovut oʻyinining “taxtasi” boʻlib, u zardushtiylar davrida oʻylab topilgan. Bunday oʻyinlar asosan suv tegirmonlar oldida tashkil etilib, odamlar navbat kutganida qirchovut oʻynab, vaqt oʻtkazishgan. Bu asosan tekis tosh ustiga oʻyib, qirqta katakcha qilingan va ikki raqib oʻz toshlari bilan bir-biriga qarshi harakat olib borgan. Hozirgacha daryo boʻylarida qirqchovut oʻynalgan toshlar saqlanib qolgan. Lekin uning qanday oʻynalishi haqida hech bir manbada yozib maʼlumot yoʻq.
Qishloqda nafaqat madaniy meʼros obyektlari, balki tabiat yodgorliklari ham koʻpligi ziyoratchilarni oʻziga jalb etib kelmoqda. Shulardan biri Sulton Vois bobo ekkan va hozirda yoshi ming yildan oshgan chinordir. Yangʻoqli soy etagida boʻy choʻzgan bu ulkan daraxt, aytishlaricha, bir marta yonib ketgach, oʻrnidan yana ikkita chinor oʻsib chiqqan. Rivoyatlarga koʻra, Sulton Vois boboning volidalari boboning yoshligida qoʻliga kosov berib, “oʻchoqni kovla” desa, u yerga suqib xudoga nola qilgach, kosov koʻkargan ekan. Qishloq chetidagi “Xukak”, yaʼni “Haqiqat toshi” nomini olgan teshik toshning tarixi ham Sulton Vois bobo bilan bogʻliq. U yurgan yoʻlida “xu xaq” deb xitob qilgani bois, uning har bir soʻzi toshlarda aks-sado bergan. Keyinchalik bu tosh “Xukak” deb atalgan.
— “Haqiqat toshi”dan har kim ham oʻta olmaydi, — deydi Muzrof ota. — Kimning gunohi boʻlsa tosh qisib qoladi, deyiladi rivoyatlarda. Ammo baʼzi bir kishilarning shu tosh orasidan oʻta olmaganiga oʻzim ham guvoh boʻlganman. Necha asrlar davomida odamlar Yangʻoqli soydan tuproq olib, sopol idish va tobutlar yasashgan. Chunki uning tuprogʻi nihoyatda toza. Oʻrtada oqayotgan daryoning nomi Langar boʻlib, qadimdan Chashmiob deb atalgan. Chunki Jomdan Samarqandgacha chashma (buloq)lar serob. Daryolar ham boshini chashmadan oladi. Har bir chashmaning suvi shifobaxsh. Oʻz nomi bilan atalgan Qoʻtirbuloq suvidan ichib, unda choʻmilgan odam bir necha darddan xalos boʻladi. Koʻrinib turgan Hisor choʻqqisida gʻor bor. Uning atrofidagi archalar saqlanib qolgan. Aytishlaricha, ilgari archalar togʻ etagigacha oʻsgan, keyin esa odamlar tomonidan ularning ayovsiz kesib tashlanishi natijasida togʻ yonbagʻirlari yalongʻochlanib qolgan. Afsuski, tabiatga ayovsizlarcha munosabat yaqin-yaqingacha davom etdi. Mana, endi muhofazaga olinib, yana daraxtalar boʻy koʻrsatishiga zamin yaratilmoqda. Togʻimizda, shuningdek, tugʻdona nomini olgan daraxtlar oʻsadi. Ammo ular ham juda kam qolgan. Bu yerda bahorda ochiladigan togʻ lolasi ikki oygacha suvda yashnab turadi. Qishloqni Chaqilikalon tizmasi oʻrab turadi, ikkala tomonidan quyosh birday oʻtadi. Togʻning eng baland joyi dengiz sathidan 2200 metr yuqori. Oʻziga xos xususiyati shundaki, bu yerda dorivor oʻsimliklarning 100 dan ortiq turi oʻsadi.
Qishloqning shimoliy qismiga qarab yoʻl olamiz. Yalangʻoch qir bagʻiri oʻrtasida toʻdalangan ulkan toshlar eʼtiborimizni oʻziga tortdi. Eng katta toshga ibtidoiy odamlarning ov jarayoni surati oʻyib tushirilgan. Bu tosh mahalliy aholi tomonidan Qoʻchqortosh deb atalarkan.
Langar ota qishlogʻining hali ochilmagan sirlari koʻp. Uning tarixi, betakror tabiati, tarixiy, tabiiy va madaniy yodgorliklari borasida oʻrganishlar olib borish lozim.
Xullas, bugun mahalliy va xorijiy sayyohlarning qadami uzilmayotgan bu maskan haqida ming bora eshitgandan koʻra, bir bora koʻrgan afzal deganlaridek, bir tashrif buyursangiz, sarflagan vaqtingizga hech ham achinmaysiz.
Akbar RAHMONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri