Tokiodan tog'lar qadar mag'rur qaytish nasib etsin!

2019-yil

O'zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kunga bag'ishlangan davlat tadbiri poytaxtimizdagi Anjumanlar saroyida tantanali nishonlanmoqda. Sahnaga o'rnatilgan katta monitorda “Sport — 2019” degan yozuv, Olimpiya o'yinlari belgisi jilolanadi. Andijon viloyatining chekka bir qishlog'ida ulg'aygan “Yilning eng yaxshi paralimpiyachisi” ­Temur G'iyosov O'zbekiston Prezidenti bilan ro'baro' bo'lish oldidan hayajonini bosgancha parda ortida turibdi. Shu sahna, shu onlarga etib kelguncha bosib o'tilgan uzoq va mashaqqatli yo'l uning xayolidan kino tasmasiday bir-bir o'tayotgandi...

Boy berilmagan bolalik

Tursunoy opa yettinchi farzandi — kenjatoy ­Temurbekning ham opalari, akasi kabi hayajon bilan birinchi qo'ng'iroq tadbiriga borishi, o'zi ham quvonch bilan erkatoyining qo'liga birinchi o'qituvchisi uchun gullar tutqazib qo'yishni orzu qilgan edi. Biroq o'shanda o'g'lining ayni maktab yoshiga etganda yurolmay qolishi, yakka tartibda ta'lim olishini u qayerdan ham bilsin...

6 yoshida oyog'ini zinaga qattiq urib olgan o'yinqaroq bolakayning chap boldiri yaxshigina lat egani bois, jarohat avj olib, boldir suyagi chiriy bosh­lagan ekan. Tumandagi bir shifokorning “o'g'lingizni davolay olaman”, degan so'zlariga ishongan onaizor unga topgan-tutganini bersa-da, natija yaxshi bo'lmadi. Operatsiyadan so'ng kenjasining chap oyog'i o'ng oyog'idan 10 santimetr kalta bo'lib qoldi. Aslida arzimasdek tuyulgan bu farq Temurbekni sog'lig'ida nuqsoni bor bolalar qatoriga qo'shib qo'ydi. Chunki u yura olmay qolgandi. Lekin bolalikdan sportga bo'lgan qiziqish, kun bo'yi koptokning ortidan chopib yurishning alami endilikda uni o'tirgan joyida bo'lsa-da, sport bilan mashg'ul bo'lishga undar edi. Axir kecha mahalla aylanib chopib yurgan bola bugun bir joydan qimirlay olmay qolishini tasavvur qiling... Bu yosh boladan juda katta ­sabr-toqat talab qiladigan holat edi. Shuning uchun o't-olov bo'lgan bu bola loaqal ko'chaga stul qo'ydirib, o'tgan-ketgan bilan shaxmat o'ynardi.

Onamdan ajragach, sportga suyandim...

2007-yil. 15-aprel. Tursunoy opa yaxshi bir niyat bilan jiyaniga yordam berish maqsadida qish­loq vrachlik punktiga yo'l oladi. O'g'li Temurbekka o'qituvchisini yaxshi kutib olib, yaxshi o'qishini ta­yinlaydi.

Poliklinika yaqin bo'lgani uchun yo'lning chetida piyoda ketayotgan onasini uquvsiz haydovchi boshqargan mashina nogahon urib ketib, mehriboni o'sha erning o'zida jon taslim qilishi bo'lajak sportchining etti uxlab tushiga ham kirmagan, albatta. Mudhish xabarni eshitgach, dod-faryod soldi. Dard ustiga chipqon bo'lgan bu ko'rgilik uni-da olib ketishi mumkin edi. Ammo ismi jismiga monand bolakay irodasining ham temirdan ekanini amalda ko'rsatdi. 11 yoshida  u onasi hech qachon qaytib kelmasligi, afsus, nadomatlar, yig'i-sig'idan zarracha naf yo'qligini chuqur his qilib, bor kuchini o'zini tiklab olishga sarfladi. Har kuni men sog'lomman, sog' odamlardan kamim yo'q, deya o'ziga o'zi tasalli berdi. Bir yil o'tib, yura boshladi. Nihoyat, 7-sinfdan maktabga chiqdi. Sinfdoshlari bilan birga bilim olish baxtiga muyassar bo'lgan Temur ulardan qolishmaslikka intilar, jismoniy tarbiya darslarida biroz qiynalardi, xolos.

— O'sha paytda hozirgi aqlim bo'lsa edi, — deydi uning o'zi. — Sen chetga chiqib tur, biz bilan barobar bo'lolmaysan, urinmay qo'yaqol, baribir bizdek yugurolmaysan, degan gaplar yukini zarracha yurakka olmagan, kamsitishlar, ajratishlardan o'kinmagan bo'lar edim. Hatto dadam operatsiyalarimga pul so'rab borgan qarindoshlardan ayrimlari ham “oyog'ini kestirib tashla, oson qutulasan, nima qilasan davolatib”, deyishgan ekan. Bugun ancha ulg'ayib anglab etdimki, kimningdir bo'yini, kimningdir aqlini, yana kimningdir qo'lini kalta qilib yaratish Parvardigorga xos ekan, bunday insonlarni haqorat qilishga, kamsitishga, ajratib qo'yishga hech kimning haqqi yo'q.

Nima bo'lganda ham Temur ruhan cho'kib qolmadi. Ochiqdan-ochiq “bu bola davlat beradigan pensiya bilan yashaydi endi, bir umr bir joyda o'tiradi”, degan gaplarni eshitganida ham qalbida faqat ezgulik, buyuk ishlarga qodirlik hissi ulg'ayaverdi.

2012-yilda Farg'ona shahridagi imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan res­publika kasb-hunar kollejida ishlaydigan mahalladoshi Azizbek Mo'minov uni shu dargohga etaklab bordi. Ota-onalar majlislarida o'zi ota, o'zi ona o'rnini bosib, uch yil davomida Temurbekning ko'ng­lini o'ksitmadi.

2014-yilda paralimpiya harakatini rivojlantirishga e'tibor kuchaygach, selektsiya ishlari bosh­lanib, kollejga ham murabbiylar kelishadi. O'shanda 200-300 nafar yosh orasidan Temurbek ham terma jamoa safiga kirishga muvaffaq bo'ldi. Shundan so'ng sportga qiziqishi yanada ortib, musobaqalar sari dadil otlanishga, hammasini unutishga, bu yog'iga faqat va faqat sport bilan olg'a odimlashga qaror qildi.

Ilk g'alabalar

Ilk bor paralimpiya sport turlari bo'yicha ­O'zbekiston chempionatida 34 metrga nayza uloqtirib, 2-o'rinni qo'lga kiritgan Temurbekka mehribon ustozi Yahyobek Yoqubov ham suyanch, ham tayanch bo'lgan. Shogirdiga hayajonni qanday engish, albatta, o'ziga ishonish kerakligini qayta-qayta uqtirgandi. Murabbiyning har bir maslahatiga amal qilib, 2015 yilda nayza uloqtirish bo'yicha Xitoyning ­Pekin shahrida bo'lib o'tgan Gran-pri musobaqasida 3-o'rin, 2016-yili esa Dubay shahrida balandlikka sakrash bo'yicha 2-o'rinni qo'lga kiritdi.

2018-yilda Jakartadagi Paraosiyo o'yinlarida 1 metr 95 sm. natija bilan oltin medalni qo'lga kiritgan bo'lsa, 2019 -yilda BAAning Dubay shahrida 2 metr balandlikdan sakrab o'tib, jahon chempionatining kumush medali va Tokio Paralimpiya o'yinlari yo'llanmasi sohibiga aylandi.

Sportchida albatta hayajon bo'ladi

eng kuchli, eng tajribali sportchi ham, albatta, musobaqa oldidan hayajonlanishi aniq. Temurning nazdida hayajonni musobaqaga qadar bosib o'tilgan yo'lni eslash bilan engish mumkin. Chunki nafaqat sportchi, boshqalar ham finalga o'z-o'zidan etib kelmaydi. Tinimsiz mashg'ulot, mashaqqatli mehnat, murabbiylarning har mashg'ulot chog'ida bergan maslahatlari g'alabaga poydevor bo'ladi. Umuman olganda, millionlab muxlis qarshisiga kelgunga qadar bo'lgan har bir kunni ko'z oldidan o'tkazgan va “shunchasini uddaladim, bugun ham uddalay olaman”, deya o'ziga o'zi kuch va ishonch berolgan sportchigina hayajonni engishi mumkin. Temurda bu jarayon shunday kechadi. Mashg'ulotlarda butun yuk o'ng oyog'iga tushishi, o'sha yuk kechasi bilan kuchli og'riqqa aylanishi, uyqusizlik azoblarini eslashning o'zi ham ichki bir shijoat beradi unga.

Kutilmagan va unutilmas voqea

2019-yilda O'zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi mamlakatda “Yilning eng yaxshi federatsiyasi”, deb topildi.

— Bu menga bir g'urur bergan bo'lsa, “Yilning eng yaxshi paralimpiyachisi” deya e'tirof etilganim, qolaversa, “Tokio — 2020” Paralimpiya o'yinlariga yo'llanma olganim o'zimga bo'lgan ishonchimni yanada orttirdi, — deydi qahramonimiz. — eng quvonchlisi (uning ko'zida yosh aylana boshladi), menga davlat tadbirida Prezident bilan ko'rishish baxti nasib etdi. Birinchi bo'lib xayolimga kelgani onam meni elkasida opichlab yurgan (qo'ltiqtayoqqa puli yo'qligidan) kunlar bo'ldi. Kechagidek eslayman u kunlarni. Operatsiyaga kirib ketganimda, holsizlikdan jonlantirish xonasi eshigiga suyanganicha mudrab qolganlari ham ko'z oldimda. Qani endi hozir osmon qadar yuksalayotganimni volidai muhtaramam ko'rsa-yu, o'sha jonsarak qaddi, zabardast elkalari men bilan birga yuksalib, qadoq qo'llari duoga ochilsa... Chekka qishloqda turtinib-surtinib ulg'aygan o'g'lining davlat rahbari bilan uchrashish darajasiga loyiq topilganidan boshi ko'kka etsaydi. Andijonning markazidan 3 xonali uyni sportdan topgan halol pullariga olganini bilsaydi. Yoxud dadam yana ikki yilgina hayot zavqini surganida ham quvonchimga sheriklikka ulgurarmidi? Onam­ning o'rniga loaqal otam ko'rsa bo'lardi-ku, baxtli kunlarimni? Nailoj, ularning ruhini bo'lsa-da, shod qilayotgandirman, deyman o'zimga o'zim. Onam qiynalgan paytlarda unga mador bo'lolmadim, bola edim, maktabda o'qisa-da, butun yukini onasiga ­ortib olgan bola. Otam esa, barcha otalar kabi biz, etti farzandni boqish uchun tinim bilmay ishlar edi. Shunday bo'lsa-da, qornimiz to'yib-to'ymagan kunlar bo'lgan, ketma-ket qiyinchiliklarga duch kelardik. Atigi 7-8 ming so'm yo'qligidan ololmaganim — sinf vinetkasi ham so'lg'in xotiralar orasidan bir boqib o'tdi. Shuning uchun ham marrani yanada baland olishga intilishdan tolmayman. Qolaversa, sportchilarga adolatli yondashadigan, paralimpiyachilarni chetga chiqarib qo'ymaydigan Prezidentimizning g'amxo'rligiga javoban O'zbekis­ton g'alabalariga hissa qo'shayotganimdan baxtiyorman. O'sha kuni katta sahnada davlatimiz rahbariga ayt­gan gapim bir umr tilimda aylanadi, qalbimga muhrlanganicha qoladi: “Bizga bunday sharoitlarni, imkoniyatlarni yaratib berayotgan muhtaram yurtboshimizga O'zbekistonda yashab istiqomat qilayotgan barcha imkoniyati cheklangan shaxslar nomidan minnatdorlik bildiraman”.

Galina Kazakova: sevimli shogirding

hamkasbingga aylansa!

Temur G'iyosov bilan haqli ravishda faxrlanaman. Chunki u sekin-asta marrani yuqoriga qarab zabt etib boryapti. Uning irodasi kuchli ekani menga hamisha umid berib kelgan. To'g'ri, murabbiyning roli ham katta, ammo sportda faqat va faqat kuchli iroda bilangina g'alabaga erishish mumkin. Shogirdingizning har bir yutug'ida sizning mehnatingiz namoyon bo'lar ekan, bor tajribangiz, bor mahoratingizni unga singdirishga harakat qilasiz. SHuncha yil boringizni berganingizdan keyin esa, u sizga farzanddek aziz va yaqin bo'lib qoladi. ­Temur ana shunday shogirdlarimdan. Bunday shogirdlaring hamkasbingga aylanib, o'zing bilan birga ishlasa, qanchalar quvonasan. SHu ma'noda, Temur bilan ham bir jamoada ishlashni orzu qilaman.

O'zim kabi izdoshlarimga yordam beraman

Paralimpiya chempioni bilan suhbatimiz davomida u bir jihatni alohida ta'kidladi. U ham bo'lsa — ezgulik. Zero, 2016-yil Dubayda bo'lib o'tgan va Rio Olimpiadasiga yo'llanma beradigan xalqaro Gran-prida 1 metr 74 sm. balandlikni zabt etib, kumush medal` bilan O'zbekistonga qaytadi. Bu natija uning Rio Olimpiadasiga qatnashishi uchun kamlik qilgan. O'z ustida jiddiy ishlasa, astoydil shug'ullansa, natijasi yuqorilishiga ishongan chempion 20 ta medal va diplomini olib, tuman hokimligidan poytaxtdagi musobaqaga borib kelish uchun 200 ming so'm so'raydi. Shu musobaqa uning o'quv-yig'in mashg'ulotlariga chaqirilishi, keyingi katta musobaqalarga yo'l ochishini u yaxshi bilardi. Dadasining qarib qolgani, ishsizligi, oilaviy sharoit og'irligini aytsa-da, mutasaddilardan “senga o'xshaganlar ko'p keladi, ke­yinroq hal qilib beramiz”, degan javobni eshitgan sportchi bir hafta kutadi, ikki hafta kutadi, bir oy o'tsa hamki yordamdan darak bo'lmaydi. Keyinchalik respublikadan u haqida ijobiy fikrlarni eshitgan hokimlik mutasaddilarining o'zlari sportchining uyiga u so'ragandan ham ko'proq miqdorda yordam puli olib borishadi, ammo kech bo'lgan edi.

Shuningdek, 2018-yili Jakartada bo'lib o'tgan Osiyo o'yinlaridan Temurbek va bir xil natija ko'rsatgan yana bir tumandoshi oltin medal` bilan qaytgan. O'shanda ikki sportchiga bo'lgan ikki xil munosabat qahramonimizning ko'nglini biroz cho'ktirdi. O'zingiz o'ylang, birining uyiga hokimning o'zi sovg'a-salomlar bilan tashrif buyurib qutlasa-da, yana birini hatto mahalla raisi ham yo'qlamasa... Bu holatdan etim ko'ngli qattiq o'ksigan ekanmi, Temurbekni yaratganning o'zi Prezident bilan uchrashtirib qo'ydi. Shu o'rinda uning quyidagi gaplarini aynan keltirishni joiz topdik.

“O'ziga to'q, qo'llashga qodir bo'la turib, yonginasida ko'makka muhtoj bo'lib turgan insonga yordam bermaganlarni tushuna olmayman. Nafaqat sportda, balki ko'cha-ko'yda ham ehtiyojmand, qiynalib qolgan odamlarga dalda bo'lish insoniylikning eng yaxshi ko'rinishlaridan, deb bilaman. Avvalo, salomatlik joyida bo'lishining o'zi tuganmas boylik. Qalbimga bolalikdan jo bo'lgan bir gapni aytmoqchiman, salomatlik — insonning boshidagi toj. Biroq o'sha tojni sog'lig'ida nuqsoni bor, nogironlargina ko'ra oladi. Hayotda hech narsam qolmadi, boylik orttirolmadim, deya nolib yurgan odamlar hammadan boy ekanini bilsalar edi... Afsus, ular ana shunday nolishlar bilan o'zlarini nogironlardan-da quyiroqqa tushirib qo'yyapti. Bugun qo'l-oyog'i yo'qlar ham yuragidagi ozgina umid uchquni bilan jamiyatda munosib o'rin topyapti. eng quvonarlisi, ularni davlatimiz boshiga ko'taryapti. Aynan shunday insonlar misolida hayotning qanchalar go'zalligi-yu, sog'liqning naqadar bebaholigi namoyon bo'lyapti.

Yaxshi niyatlarim ko'p. Ayni paytda o'zim ham talabaman. O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 3-bosqichda tahsil olyapman. Nasib qilsa, kelajakda sportga qiziqishi kuchli, iqtidori bor, ammo ota-onasidan ajragan, to'garaklarga qatnash­gani sharoiti yo'q bolalarga, avvalo, moddiy tomondan, bunga qurbim etmagan taqdirda esa bor tajribam, mahoratim bilan yordam beraman.

Hokim bilan uchrashuvda

O'zi tug'ilgan Qo'rg'ontepa tumani tarixida birinchi bor Paralimpiya o'yinlarida ishtirok etish arafasida turgan Temurbekning tuman hokimi bilan uchrashuvda aytishni diliga tukkan takliflari bilan biz ham qiziqdik. Boshqalar o'ylaganidek, u hokimdan o'z manfaati uchun emas, yurtdoshlari sog'lig'ini ko'zda tutib, tumanda engil atletikani, umuman, sportni rivojlantirishni taklif qilmoqchi. Shundoq ham hududlarda rahbarlarning sportga e'tibori yaxshi. Lekin barcha davlat tashkilotlari, mahallalarda sport tadbirlarini yanada ko'proq tashkil etish, odamlarni yosh toifalariga bo'lgan holda, har oyning oxirgi haftasida muntazam musobaqalar o'tkazib turish maqsadga muvofiq.

Bularning barchasi yosh sportchi tasavvur qilayotgan aholining jismoniy faolligini, sog'lig'ini yaxshilashda muhim omil bo'ladi. U har bir inson sport bilan faqat shon-shuhrat, mol-davlat emas, o'z sog'lig'i uchun shug'ullanishini istaydi.

— Odamlar bir kunda sport uchun loaqal yarim soat vaqt ajratishsa ham, salomatlikning qadriga etgan bo'lishar edi, — deydi Temur G'iyosov.

Tokioda ham O'zbekiston sharafini munosib himoya qilishim kerak

Aksariyat insonlar sportda medal` olish, muvaffaqiyatlarga erishish oson, deb o'ylaydi. Bu sohaning faqat sportchigagina ayon bo'lgan mashaqqatlari muxlislarning qo'llab-quvvatlashi, olqishlashi bilan unut bo'ladi go'yo. Hech bir medalga shunchaki erishilmaydi.

Ayni paytda Angrendagi Yangiobod engil atletika bazasida o'quv-yig'in mashg'ulotlarida qatnashayotgan Temurbek murabbiyi Galina Kazakova qo'l ostida navbatdagi yirik musobaqaga jon-jahdi bilan tayyorlanyapti. Har kuni 2 mahal mashg'ulot.

— Qanday bo'lmasin, Tokioda ham O'zbekiston sharafini munosib himoya qilishim kerak, — deb oydin tilagini yana bir bor tilga oladi u. — Chunki Paralimpiyaga hech qaysi davlatda bizdagidek katta e'tibor berilmaydi. Assotsiatsiyaning ­O'zbekiston Milliy paralimpiya qo'mitasiga aylantirilishi, O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida paralimpiya fakul`teti, qo'mita huzurida paralimpiya sport turlari bo'yicha mutaxassislarni tayyorlash instituti tashkil qilinishining o'zi ham alohida e'tiborning amaldagi ko'rinishidir. Bularning bari Prezidentimizning sportga qaratayotgan e'tibori, xususan, imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizning hech kimdan kam bo'lmay, hayotdan rozi bo'lib yashashi uchun barcha sharoitni yaratish yo'lidagi sa'y-harakatlari samarasidir. SHunday ekan, bu biz, paralimpiyachilar zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi. Ana shu mas'uliyat kuch berib, ilohim, umid bilan tayyorgarlik ko'rayotgan har bir sportchimizga Tokiodan tog'lar qadar mag'rur qaytish nasib etsin!

Temur G'iyosov va u bilan bir safda katta musobaqaga tayyorgarlik ko'rayotgan barcha paralimpiya­chilarga Tokioda ulkan muvaffaqiyatlar tilar ekanmiz, yaqindagina yurtimizga tashrif buyurgan Osiyo Paralimpiya qo'mitasi prezidenti Majid Rashidning quyidagi gaplarini maqolaga xotima qilishni joiz topdik: “Bu mening O'zbekistonga ilk tashrifim emas. Men 2013-yilda ham bu erda bo'lganman. Yangiliklar orqali so'nggi paytlarda yurtingizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar va ulkan o'zgarishlar haqida muntazam tanishib boraman. Ayniqsa, O'zbekistonda ­paralimpiya harakatiga davlat miqyosida e'tibor qaratilayotgani samarasi o'laroq, ushbu mamlakat sportchilari yildan-yilga yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Umid qilamanki, o'zbekistonlik paralimpiyachilar Tokioda bo'ladigan Paralimpiya o'yinlarida ham yuqori natijalarga erishadi”.

 

Munojat MO'MINOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri