Tomorqa va dehqon xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlashning yangi choralari belgilandi

    Agrosektor 12 Mart 2024 576

    2024-yil 5-martda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentning 115-sonli “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xoʻjaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilindi.

    Hujjat bilan quyidagilar belgilandi:

    - tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib hamda suv taʼminotini inobatga olgan holda, tumanlar eksportbop va serdaromad ekinlar ekishga, shuningdek, kichik ishlab chiqarish va mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtiriladi;

    - kompleks dastur doirasida mahsulot yetishtirish uchun 100 million soʻmgacha garovsiz kreditlar ajratiladi;

    - muzlatkichli omborxona, tayyor holda issiqxona, qadoqlash, quritish va qayta ishlash sexlari aholiga 12 oyga boʻlib toʻlash sharti bilan lizingga beriladi;

    - oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxatiga biogumus tayyorlash faoliyati kiritiladi.

    2024-yilda eksportbop va serdaromad ekinlar ekish va aholining mazkur sohada bilim va koʻnikmalarini oshirish uchun 54 ta tumanda namunaviy oʻquv-tajriba maydonlari tashkil etiladi. Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 51 ta tumanda meva-sabzavotlarni shok usulida muzlatishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha yangi loyihalar amalga oshiriladi.

    Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi resurslari hisobidan quyidagi tashkilotlar uchun ajratiladigan kreditlar yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4%lik punkt yuqori stavkada (shundan 4%i bank marjasi) boʻladi:

    - chorvachilik, baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik va parrandachilik, biogumus ishlab chiqarish va “dala doʻkonlari”ni qurish uchun – 1-yilgacha imtiyozli davr bilan 3-yil muddatgacha;

    - bogʻdorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish, issiqxona qurish, qishloq xoʻjaligi texnikasi va asbob-uskunalarini xarid qilish hamda ularni joylashtirish uchun bino va inshootlar qurish, koʻchma muzlatkichlarni oʻrnatish, artezian quduqlarni qazish uchun – 3-yilgacha imtiyozli davr bilan 7-yilgacha muddatga.

    2027-yil 1-yanvarga qadar motokultivatorlar (TIF TN kodi – 8432 29 100 0), bir oʻqli traktorlar (TIF TN kodi – 8701 10000 0) va mini traktorlarni (TIF TN kodi – 8701 94 100) olib kirishda bojxona bojining nol stavkalari belgilandi.

    Qarorda quyidagilar tasdiqlandi:

    - Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 2024-yilda aholi tomorqa yer uchastkalarida bahorgi (ertagi), takroriy (oʻrtangi) va toʻqsonbosti usulida ekinlar ekish, jumladan 252 ming gektar maydonga uch marta hosil olishni nazarda tutuvchi qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish va mahsulot yetishtirish;

    - yakka tartibdagi tadbirkor sifatida tashkil etiladigan va aholi tomorqalariga xizmat koʻrsatuvchi “Tomorqa xizmati” korxonalarini moliyalashtirish prognoz koʻrsatkichlari;

    - Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan fermer va dehqon xoʻjaliklariga, tomorqa yer egalariga bogʻ-qator oralariga qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekishni rivojlantirish uchun mablagʻ ajratish prognozlari.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 23-martdan kuchga kiradi, deb xabar beradi “Norma”.