Toshkent shahrida uy savdosi hajmi 8 foizga oshgan

    Toshkent shahrida 2022-yilning noyabr oyida uy savdosi hajmi oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan oʻrtacha 8 foizga oshgan

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan 2022-yilning noyabr oyida Toshkent shahrida uylarning narxi qanchalik oʻzgarganligi tahlil qilindi.

    Noyabr oyida poytaxtimizda uy savdosi hajmi oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan oʻrtacha 8 foizga (7814 tadan 8408 taga) oshgan. Mazkur davrda uyning 1 kvadrat metri uchun narxlar oʻrtacha 27 foizga oshgan, yaʼni ushbu koʻrsatkich 2021-yilning noyabr oyida 849 AQSH dollarini tashkil etgan boʻlsa, shu yilning noyabrida 1078 AQSH dollariga yetgan.

    Toshkent shahrining ayrim hududlarida uyning 1 kvadrat metri narxi oʻrtacha koʻrsatkich (1078 dollar) dan sezilarli darajada yuqori hisoblanadi. Xususan, Mirobod tumanida – 1285 dollar (+20 foiz), Yakkasaroy tumanida - 1178 dollar (+9 foiz), Shayxontohur tumanida – 1144 dollar (+6 foiz), Mirzo Ulugʻbek tumanida - 1137 dollar (+6 foiz), Yunusobod tumanida – 1117 dollar (+4 foiz).

    Maʼlumot uchun: 2022-yilning 9 oyida Toshkent shahri boʻyicha oʻrtacha ish haqi 5,9 million soʻmga yetib, 2021-yilning mos davridagiga nisbatan 32,5 foizga oʻsgan. Ushbu davrda yillik inflyatsiya darajasi 12,2 foizni tashkil etgani hisobga olinsa, real ish haqi 20,3 foizga oshgan. Ushbu davrda soʻmning 1 AQSH dollariga nisbatan almashinuv kursi 10672,30 soʻmdan 10973,39 soʻmga (2,8 foiz) oʻzgargan.

    Noyabr oyida oʻrtacha taʼmirlangan 2 xonali xonadon narxi oʻrta hisobda 55,7 ming dollarni tashkil etdi (2021-yilning noyabrida - 41,6 ming dollar). Toshkent shahrida uy-joyga boʻlgan talabning oshishini, bir tomondan, yashash uchun ijtimoiy infratuzilmalarning nisbatan yaxshiroq ekanligi bilan izohlash mumkin.

    Taʼkidlash kerakki, tugʻilish koeffitsiyenti ham sezilarli darajada oshgan, yaʼni, Toshkentda bir ayolga toʻgʻri keladigan bolalar soni 2010-yilda 1,99 ni tashkil etgan boʻlsa, 2021-yilda ushbu koʻrsatkich 3,02 ga yetgan. Mazkur koʻrsatkich ham oilaning kengroq maydonga ega xonadonga koʻchib oʻtish istagini shakllantirishda ahamiyatli boʻlishi mumkin.

    Mamlakatimizda tugʻilish darajasining nima sababdan yuqori boʻlganini aniqlash maqsadida institut tomonidan 2022-yilning sentyabr va oktyabr oylarida soʻrov oʻtkazildi. Unda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi 25-45 yosh oraligʻida boʻlgan, 3 nafar va undan koʻp farzandi bor 200 nafar ayol ishtirok etdi. Soʻrovda qatnashganlarning 43,8 foizi farzand koʻrishga qaror qilishida asosiy sabab sifatida salomatligining yaxshilanishini, 43,8 foizi esa oilaviy sharoitining yaxshilanishini koʻrsatgan.

    Aholini uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha davlat dasturlari koʻlamining kengaytirilishi uy bozoridagi faollikning saqlanib qolayotganiga asosiy sabab boʻlmoqda. 2022-yil 9 oyi mobaynida banklar tomonidan aholiga 10,3 trillion soʻm miqdorida ipoteka krediti ajratilgan. Bu esa 2021-yilning mos davridagiga nisbatan 68 foiz koʻp, demakdir.

    Oʻzbekiston Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi maʼlumotlariga koʻra, 2020-yilning 4-choragidan 2022-yilning 3-choragigacha boʻlgan davrda berilgan ipoteka kreditlarining 73,1 foizi Moliya vazirligi mablagʻlari hisobidan, 16,8 foizi banklarning oʻz mablagʻlari hisobidan va 10,1 foizi OʻzIQMK mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilgan.

    Institut oldingi sharhida Toshkent shahrida uy-joy narxlarining tez surʼatlarda oʻsishini mazkur bozorning spekulyativ xususiyatga ega ekanligi bilan izohlagandi. Bu uy narxlarining oshib borishi talab nuqtayi nazaridan farzandlar soni, daromad va migratsiya omillaridan tashqari, aholi jamgʻarmalarini investitsiyalarga yoʻnaltirish boʻyicha moliyaviy vositalarning cheklanganligidan dalolat beradi, yaʼni, mamlakatimizda kapital bozorining rivojlanmaganligi uzoq muddatli jamgʻarmalarga ega aholi qatlamining ortiqcha mablagʻlarini uy-joy uchun investitsiya sifatida yoʻnaltirishiga sabab boʻlmoqda.

    Shu bilan birga, global miqyosda uy-joy narxlari tushushi kuzatilmoqda. Buni yashash uchun birlamchi xarajatlarning oshganligi, foiz stavkasining koʻtarilishi va ishsizlik darajasining oshishi bilan izohlash mumkin.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti matbuot xizmati