Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov, Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori v.v.b Shuxrat Boymuradov va Toshkent tibbiyot akademiyasining pedagog jamoasi ishtirok etdi.
Toshkent tibbiyot akademiyasi mamlakatimizdagi tibbiyot institutlari uchun tayanch tibbiyot oliy taʼlim muassasasi hisoblanib, sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirishda doimo faol oliygoh boʻlib kelmoqda.
— Mamlakatimizda aholiga jahon andozalari darajasida, yuqori tibbiy texnologiyalar vositasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamidan tortib, ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat koʻrsatishgacha boʻlgan boʻgʻinni qamrab oluvchi mukammal tizim tufayli aholining oʻrtacha umr koʻrish koʻrsatkichi uzaydi, — deydi Sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov. — Bu ushbu soha vakillarining mehnati yurtimizda yuksak qadrlanayotganiga yorqin misol boʻla oladi. Oʻzlarining mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli ishlari bilan xalqimiz koriga, salomatligi yoʻlida jon chekib qilayotgan mehnatlari bundanda yuksak eʼtiroflarga sazovor boʻlsin.
Tadbirda oʻquv yili davomida Akademiya hayotida muhim voqealarga boy boʻlganini alohida taʼkidlandi. Shuningdek, akademiyaning 19 ta taʼlim dasturlari Jahon tibbiy taʼlim federatsiyasining Mustaqil akkreditatsiya va reyting agentligi ekspertlari tomonidan eng kuchli sifatlari eʼtirof etilib, xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtgani aytib oʻtildi.
— Yurtimizdagi barcha tibbiyot xodimlarini va sizlarni kasb bayramingiz-“Tibbiyot xodimlari kuni” bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman, — deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori v.v.b Shuxrat Boymuradov. —Ilmiy, ijodiy, oʻqishdagi faoliyatingiz va intilishlaringizda muvaffaqiyatlar, oilangizga totuvlik, oʻzingizga mustahkam sogʻliq, xonadoningizga fayzu baraka tilayman. Bor bilim va tajribangiz, qalb qoʻri va koʻz nuringizni barkamol avlod taʼlim-tarbiyasi uchun baxshida etib kelayotganingiz, uchun minnatdorchilik bildirib, sharafli va masʼuliyatli faoliyatingizga kuch-gʻayrat, yutuq va omadlar, tilayman.
Tadbir yakunida Toshkent tibbiyot akademiyasi pedagog jamoasining bir guruhi “Tibbiyot xodimlari kuni” bayrami munosabati bilan taqdirlandi.
Hamkorlik materiali