Kuni kecha Toshkent tumani ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limiga shu tumanda yashovchi fuqaro o‘zi yashayotgan uy hovlisida xavfsizlik qoidalariga amal qilmay Afrika sheri bolasini boqayotgani haqidagi xabar kelib tushgan.
Murojaatga asosan tezkorlik bilan guruh shakllantirilib, aytilgan manzilda o‘rganish olib borilgan. Natijada holat o‘z tasdig‘ini topgan. Bu uyda vaqtincha yashovchi, poytaxtda doimiy ro‘yxatda turgan fuqaro SH.A. (2004 yilda tug‘ilgan) Afrika sheri bolasini boqayotgani maʼlum bo‘lgan.
O‘rganishlar davomida fuqarodan ushbu sher bolasini olib kelish, saqlash kabi holatlar bo‘yicha kerakli hujjatlar so‘ralganda hech qanday hujjatlari yo‘qligini aytib, o‘zining qiziqishi tufayli hovlisida boqishini bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent tumani Ekologiya bo‘limi inspektorlari tomonidan dastlabki hujjatlar rasmiylashtirilib, dalolatnomalar tuzildi va vaqtincha saqlash uchun sher bolasi "STEPPE TURTLES" f/x pitomnigiga sud qarori qabul qilinguniga qadar topshirildi.
Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.