Toshkent xalqaro aeroportida rekonstruksiya ishlari sabab bir qator cheklovlar joriy etildi

    Istisno tariqasida, homilador va bolali ayollar, qariyalar va nogironlar hamrohligidagi shaxslarga terminal ichiga kirishga ruxsat etiladi.

    Ayni paytda Toshkent aeroporti hududida mavjud terminalni kengaytirish maqsadida qurilish ishlari jadal olib borilmoqda. Shu munosabat bilan qurilish-montaj ishlari olib borilayotgan joylarda xavfsizlikni taʼminlash va odamlarning toʻplanib qolishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida terminal hududida bir qator cheklovlar joriy etilgan.

    Avtotransport vositalari, jumladan, taksilar va sayyohlik avtobuslari kirishi uchun xalqaro terminal avtoturargohi yonida yoʻlovchilarni tushirish/olish uchun alohida yoʻlak ajratilgan. Ushbu yoʻlakda yoʻlovchilarni tushirish 10 daqiqadan oshmasligi lozim. Uzoqroq vaqt toʻxtash lozim boʻlsa, avtoturargohgan foydalanish kerak.

    Shuningdek, rekonstruksiya ishlari munosabati bilan kuzatuvchilarning Toshkent xalqaro aeroportining joʻnab ketish zaliga kirishi vaqtincha cheklangan. Istisno tariqasida, homilador va bolali ayollar, qariyalar va nogironlar hamrohligidagi shaxslarga terminal ichiga kirishga ruxsat etiladi. Ushbu shaxslar oʻzlari bilan shaxsni tasdiqlovchi hujjatga ega boʻlishlari lozim.

    Asosiy uchib ketish terminali oldidagi birinchi qavat qurilishini oʻz ichiga olgan bosqich 2024-yil iyun oyida yakunlanishi rejalashtirilgan. “Uzbekistan Airports” kompaniyasi rahbariyati va “Toshkent” aeroporti maʼmuriyati vaqtinchalik noqulayliklar uchun yoʻlovchilar, kuzatuvchi va kutib oluvchilardan uzr soʻraydi.