Quyidagilar Filial faoliyatining asosiy yo'nalishlari hisoblanadi:
- xalqaro ta'lim standartlariga muvofiq bakalavriat ta'lim yo'nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo'yicha yuqori malakali pedagog kadrlarni tayyorlash;
- zamonaviy ta'lim dasturlari, o'qitish uslublarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish, o'quv jarayoniga ilg'or pedagogik va axborot texnologiyalarini hamda fanning so'nggi yutuqlarini tatbiq etish, pedagogik salohiyatni rivojlantirish;
- maktabgacha ta'lim, korrektsion pedagogika, psixologiya sohalari hamda boshqa ilmiy-metodik tarmoqlar bo'yicha tadqiqotlar o'tkazish, o'quv jarayoni sifatini yaxshilashga yo'naltirilgan maqsadli innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
- o'quv jarayoniga masofaviy ta'lim texnologiyalarini keng joriy etish, elektron ta'lim resurslarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish;
- xorijiy mamlakatlarning etakchi ta'lim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va biznes-hamjamiyatlari bilan ta'lim hamda ilm-fan sohalarida uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish.
Filial faoliyatini 2021/2022 o'quv yilidan boshlaydi. Kadrlar tayyorlash kunduzgi, keyinchalik sirtqi ta'lim shaklida olib boriladi. Ta'lim jarayoni rus tilida, keyinchalik boshqa tillarda ham olib boriladi. Talabalarni o'qishga qabul qilish davlat granti hamda to'lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Bunda, davlat granti asosida ta'lim olgan bitiruvchilar 3 yildan kam bo'lmagan muddatda O'zbekistonning davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari yoki ta'lim sohasidagi boshqaruv organlarida ishlab beradi. Universitetning diplomi O'zbekistonda oliy ma'lumot to'g'risidagi hujjat sifatida tan olinadi.
Filialni tashkil etish bo'yicha tashkiliy komissiya tarkibi va Filialning Vasiylik kengashi tarkibi tasdiqlandi, shuningdek ularning vazifalari belgilandi.
Filial O'zDJTU qoshidagi Akademik litseyning Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Bobur ko'chasi, 55-uy manzilidagi binosida joylashtiriladi.
2023 yilning 1 yanvariga qadar Filialni rekonstruktsiya qilish, kapital ta'mirlash, jihozlash va uning faoliyatini ta'minlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro'yxatlar bo'yicha olib kiriladigan, O'zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan:
- o'quv va ilmiy-laboratoriya jihozlari;
- komp`yuter texnikasi;
- dasturiy mahsulotlar;
- o'quv va ilmiy-uslubiy adabiyotlar;
- inventarlar;
- qurilish materiallari;
- moddiy-texnik resurslar bojxona to'lovlaridan (QQS va bojxona rasmiylashtiruvi yig'imlaridan tashqari) ozod etiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va 09.10.2020 yildan kuchga kirdi.
Elmira Sirazieva