Bu IUCNning Markaziy Osiyodagi birinchi ofisi hisoblanadi.
Ochilish marosimida IUCN bosh direktori Gretel Agilar, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Markaziy Osiyo davlatlari ekologiya vazirlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun, BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 28-konferensiyasi (COP28) doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Gretel Agilar bilan uchrashuv o‘tkazgan. Uchrashuvda hamkorlikni yanada mustahkamlash bilan birga Toshkentda IUCN bosh ofisini ochish masalasi ham muhokama qilingandi.
Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Xalqaro Tabiatni Muhofaza qilish Ittifoqi (IUCN) bilan hamkorlikni kengaytirgani va mintaqa ekologiyasini muhofaza qilish bo‘yicha sa'y-harakatlarni kuchaytirgani ta’kidlandi. Shuningdek, IUCN ning O‘zbekistondagi ofisi ochilishi uzoq va samarali hamkorlik kafolati ekanligi qayd etildi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2021 yilda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqiga a’zo bo‘lgan. IUCN dunyodagi eng qadimgi va nufuzli tabiatni muhofaza qilish tashkiloti bo‘lib, hukumat va fuqarolik jamiyati tashkilotlaridan iborat. U BMT Bosh Assambleyasida kuzatuvchi maqomiga ega va butun dunyo bo‘ylab 1400 dan ortiq a’zo tashkilotlar va 15 000 dan ortiq ekspertlarning tajribasi, resurslari va imkoniyatlaridan foydalanadi.









