Bu haqda poytaxt hokimligi axborot xizmati maʼlum qildi.
Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi va ekologiya organlari hamkorligida oʻtkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida belgilangan talablarga rioya qilmasdan faoliyat yuritayotgan somsaxona, kabobxona va mangalxonalar aniqlanib, ularga nisbatan tegishli choralar koʻrilmoqda.
Tekshiruvlar davomida chiqindilarni tozalash boʻyicha muhandislik yechimlariga ega boʻlmagan, piyodalar yoʻlaklari va turar-joy binolari yaqinida joylashgan tandir, pech va mangallar aniqlanmoqda.
Bunday nuqtalar faoliyati qonun hujjatlari talablariga toʻliq muvofiq holga keltirilgunga qadar toʻxtatib turilishi belgilangan. Maxsus tozalash va tutun chiqarish tizimlarisiz ishlash aholi salomatligiga xavf tugʻdirishi hamda shahar muhiti sifatini yomonlashtirishi taʼkidlanmoqda.
Tadbirkorlik subyektlariga qisqa muddatda faoliyatini qonuniylashtirish, sanitariya talablariga rioya qilish, samarali filtrlar va tutun chiqarish tizimlarini oʻrnatish qatʼiy tavsiya etiladi.
Texnologik jarayonlarni ekologik meʼyorlarga muvofiqlashtirmagan va qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻygan tadbirkorlarga nisbatan nazorat tadbirlari davom ettiriladi va belgilangan tartibda choralar koʻriladi.