7-yanvar kuni Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatrida ochiq muz maydoni ishga tushirilmoqda. “Ochiq osmon ostidagi shahar muz maydoni” loyihasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda “Art Uz Promotion Agency” tomonidan poytaxt hokimligi qoʻllab-quvvatlashi ostida oʻtkazilmoqda.

Maqsad – aholi orasida sogʻlom turmush tarzi hamda sportni keng targʻib qilish.
Bosh vazir oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov masʼullar bilan muz maydonida boʻlib, loyiha ochilishi bilan bogʻliq masalalarni muhokama qildi. Shahar markazidagi muz maydoni bir oy muddatga oʻrnatiladi. Bu vaqt mobaynida ochiq osmon ostidagi muz maydonida qator madaniy-koʻngilochar va sport tadbirlari oʻtkaziladi.

Konsert zonasida “Dance Music Fest Winter”, “Iosis Fest”, “Tashkent Rap Festival” musiqiy festivallari, shuningdek xokkey boʻyicha oʻsmirlar chempionati, muz ustida raqs shousi kabi tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. 

2021-yilning 7-yanvar kuni Shahar muz maydoni ochilishi doirasida Rossiya muz sporti yulduzi, figurali uchish boʻyicha Olimpiya chempioni Aleksey Yagudin oʻzining “Qish” dasturi bilan ishtirok etishi kutilmoqda. Shu bilan birga, ochiq osmon ostidagi muz maydoni ochilishida oʻzbek estradasi yulduzlarining konserti tashkil etiladi.

Bundan tashqari, tashkilotchilar tomonidan fudkort zona xizmati yoʻlga qoʻyilib, unda poytaxtimizning tez ovqatlanish, qandolatchilik va qahva brendlari faoliyat yuritadi. Maydon oldida changʻi va boshqa uchish aksessuarlari ijarasi punkti xizmati yoʻlga qoʻyiladi.