Toshkent shahrida 17–25-oktyabr kunlari Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi boʻlib oʻtdi. Turli sohalarga doir muloqotlarda Oʻzbekiston transport tizimi istiqbollari ham muhokama qilindi. Tadbir yakunida transport vaziri Ilhom Mahkamov jurnalistlar bilan suhbatda boʻldi, deya xabar qildi Daryo.uz.
Ilhom Mahkamov savollarga javob berar ekan, “Afrosiyob” poyezdlariga chiptalar narxi yuqoriligi va yetishmasligi bilan bogʻliq vaziyatni izohladi. Vazirning aytishicha, hozirda temiryoʻllarda 6 ta “Afrosiyob” poyezdlari harakatlanmoqda.
«Afrosiyob» poyezdlari oʻzini oʻzi oqlaydigan boʻlsa, bozor iqtisodiyotiga oʻsak, uning chiptalari narxi oshirilishi tabiiy. Respublika byudjeti bizlarga “Afrosiyob”dan tashqari boʻlgan transport vositalari, boshqa turdagi vagonlarni subsidiya qilib berish kafolatini olgan. Biz yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob”ni tijoratlashtirishga oʻtyapmiz. Unga muqobil sifatida bilet narxi arzonroq boʻlgan kupe va elektropoyezdlar bor. Hammamiz “Afrosiyob”ga yopishib olishimiz notoʻgʻri. Masalan, Samarqandgacha faqatgina “Afrosiyob” bilan emas, har bir yoʻnalishda “Sharq”, “Nasaf” poyezdlarimiz mavjud. Narx masalasida sifatga qarashimiz kerak», dedi vazirlik rahbari.
Ilhom Mahkamov “Afrosiyob” poyezdlariga chipta narxlari oshgani talabga qanday taʼsir qildi», degan savolga ham javob qaytardi.
«Tezyurar poyezdlarga talab ortib bormoqda. Aholida jamoat transportidan foydalanish ulushi oshdi. Chiptalarni onlayn tarzda xarid qilish imkoniyatini yaratib beryapmiz. Biroq onlayn sotuvda bilet yoʻq, degan eʼtirozlar bildirilyapti. Hozir telefondan qarab berishim mumkin, chipta topish mumkin. Rivojlangan davlatlarda odamlar oʻzining harakatlanishini yarim yil oldin rejalashtiradi, poyezdga biletlarni ham yarim yil avval xarid qiladi. Hammasi rejali boʻladi. Albatta, bu tabiiy hol. 38 millionlik aholimiz bor. Biz poyezdlarga sutkasiga 1000–1200 kishiga taklif berayotganimizdan keyin, reysga 5–10 kun qolganda, tabiiyki, ulgurgan odam chipta sotib olaveradi», dedi vazirlik rasmiysi.