Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan “Transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun maʼmuriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, davlat rahbarining tashabbusi bilan keyingi 5 yilda mamlakatda qonun ustuvorligini taʼminlash, shuningdek tizimlashtirilgan qonunchilik bazasini shakllantirish, amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asoslari taʼminlanishi borasida qator chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Maʼlumki, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda nazarda tutilgan yoʻl harakati sohasidagi huquqbuzarliklar uchun belgilangan maʼmuriy javobgarliklar miqdori hozirgi zamon talablari va xavflilik darajasiga toʻliq javob bermaydi.

Ushbu Qonun bilan maʼmuriy huquqbuzarliklarning xavflilik darajasidan kelib chiqib, maqbullashtirish maqsadida 5 ta modda sanksiyasi miqdori kaymaytirilmoqda. Xususan, transport vositalari egalari tomonidan sugʻurta polisini olmaganlik yoki muddati oʻtgan sugʻurta polisi yoki sugʻurta polisida nazarda tutilmagan shaxs avtotransport vositasini boshqarganligi, yoʻlovchilarni litsenziyasiz tashish bilan shugʻullanganligi, pasport tizimi qoidalarini buzganligi, fuqarolar tomonidan valyuta qiymatliklarini noqonuniy olish yoki oʻtkazish uchun jarima miqdori kamaytirilmoqda.

Shuningdek, senatorlar tomonidan qayd etilishicha kiritilayotgan oʻzgartirishlar bilan transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarga “bluetooth”, quloqchin va boshqa qoʻlni band qilmaydigan garnituralar foydalanishga ruxsat berilmoqda.

Transport vositasi salonining old qismiga monitor (displey) oʻrnatish uchun javobgarlik bekor qilinmoqda, shuningdek, transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborganda tezlikni oʻlchaydigan maxsus uskunalar qayd etgan tezlikdan soatiga 5 kilometr ayirib tashlab hisoblash joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, Ichki ishlar organlari yoki konsullik muassasasi tomonidan berilgan biometrik pasport (ID-kartasi) mavjud boʻlgan taqdirda haydovchidan transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjat, transport vositasini roʻyxatdan oʻtkazganlik toʻgʻrisidagi, shuningdek transport vositasiga egalik qilish, egasi yoʻqligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlari, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi talab etilmaydi.

Muhokama natijasi yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Axborot xizmati.