Turizm iqtisodiyotning yetakchi tarmog‘iga aylanishi kerak

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni asosida bir qator muammolarni yechish va sohani yana-da rivojlantirish imkoniyati tugʻildi.

    Keyingi yilarda Respublikada turizm sohasini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Hukumatimiz tomonidan sohani qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar belgilandi va meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqildi. Turizm bozorining jozibadorligi, raqobatbardoshligi hamda turizm mahsuloti va xizmatlarini diversifikatsiya qilish, mamlakatimizning turizm uchun xavfsiz hudud sifatidagi imijini mustahkamlash uchun bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni buning yaqqol dalilidir.

    Ushbu farmon asosida bir qator muammolarni yechish va sohani yana-da rivojlantirish imkoniyati tugʻildi.

    Maʼlumki, turizmning rivojlanishini infratuzilma, yaʼni boshqa sohalarning rivojlanishidan ayri holda tasavvur qilib boʻlmaydi, jumladan, turizm obyektlari, joylashtirish muassasalari, umumiy ovqatlanish, transport xizmati va boshqa xizmat koʻrsatish sohalariga bogʻliq. Masalan, sohaning rivojlanishiga transport xizmatini oladigan boʻlsak, turizm yoʻnalishlari boʻyicha aviareyslar va temir yoʻl qatnovlarini samarali va tizimli tashkil etish koʻp muammolar yechimiga sabab boʻladi, turistlar vaqtini tejaydi, ortiqcha xarajatdan qutqaradi.

    Farmonda ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish doirasida Fargʻona-Urganch-Fargʻona, Termiz-Urganch-Termiz hamda Qarshi-Urganch-Qarshi aviareyslarini yoʻlga qoʻyish va Andijon-Xiva-Andijon temir yoʻl qatnovi soni oshirilishining koʻzda tutilganligi respublikamizning viloyatlari oʻrtasidagi qatnovlardagi muammolarning gʻoyatda muhim yechimidir.

    Farmonga koʻra 2021-yil 1-aprelga qadar Termiz-Qarshi-Xiva, Xiva-Urganch-Nukus va Termiz-Qarshi-Samarqand yoʻnalishlari boʻyicha doimiy temir yoʻl qatnovi yoʻlga qoʻyiladi. Toshkent shahridan Buxoro, Nukus, Termiz va Urganch shaharlari hamda Fargʻona vodiysiga qatnov yoʻnalishlari boʻyicha aviareyslar subsidiyalanadi.

    Ishlab turgan aholining ishdan boʻsh vaqtlari muddatining qisqa ekanligi ularning yashab turgan joylaridan boshqa viloyat va shaharlarga oilaviy sayohatga chiqishlariga, ichki turizmni tashkil etishga salbiy taʼsir koʻrsatar edi. Farmon bilan dam olish va bayram kunlari taqvimining sayohat uchun maqbullashtirilishi bu borada ham odamlarning mushkulini oson qildi. Jumladan:

    5 ta rasmiy bayram kunlari – Navroʻz umumxalq bayrami, Mustaqillik kuni, Yangi yil bayrami hamda Ramazon va Qurbon hayiti diniy bayramlarini nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlar 3 kundan kam boʻlmagan muddatga belgilandi;

    oilaviy sayohatlarni nazarda tutuvchi yillik asosiy taʼtil hisobidan 5 ish kunidan kam boʻlmagan “oilaviy sayohat taʼtili” tizimi joriy qilindi.

    Turizm obyektlari infratuzilmasini yana-da takomillashtirish, madaniy-koʻngilochar infratuzilmani rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish hamda obodonlashtirishga davlat byudjeti va “Tiklanish va taraqqiyot” jamgʻarmasidan teng ulushlarda 1 trln. soʻm ajratilishi ham quvonarlidir.

    Maʼlumki, jahonda koronavirus pandemiyasining tarqalishidan eng koʻp talofat koʻrgan soha turizm sohasi boʻldi. Mamlakatimizda ham pandemiya ushbu sohani chetlab oʻtmadi. Shuning uchun mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida bir qator choralar koʻrildi. Jumladan:

    turoperatorlar, turagentlar va joylashtirish vositalari uchun qonunchilikda belgilangan ayrim imtiyoz va preferensiyalar muddatlari 2021-yil 31-dekabrga qadar uzaytirildi;

    foyda soligʻi stavkasi 50 foizga kamaytirildi;

    yer va mol-mulkka solinadigan soliqni toʻlashdan ozod qilindi;

    ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada 1 foiz miqdorida belgilandi;

    turoperatorlar, turagentlar va joylashtirish vositalariga nisbatan tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorlik uchun jarimalar qoʻllash toʻxtatildi;

    turoperatorlarning kamida 10 kishidan iborat xorijiy turistik guruhlarga 5 kecha tunab qolishi sharti Oʻzbekistonda tur tashkil etish sharti bilan avia va temir yoʻl chiptalari boʻyicha xarajatlarini chipta narxining 30 foizi miqdorida qisman subsidiyalash belgilandi.

    Shu bilan birga, sohada farmonga asosan 2021-yil uchun ichki turizm oqimini tashkil qilishga oid asosiy koʻrsatkichlarni tasdiqlash hamda viloyatlar, shahar va tumanlar hokimlari tomonidan prognoz koʻrsatkichlarining bajarilishi taʼminlangan taqdirda ularni mukofotlash, bajarilishi taʼminlanmagan taqdirda intizomiy jazo choralari qoʻllash tizimi joriy qilinadi.

    Oʻzbekiston Respublikasidagi yirik moddiy madaniy meros obyektlariga mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda jami 7,5 mln. nafar mahalliy turistlar, shundan 3,1 mln nafari ziyoratchilarning tashrifi rejalashtirilmoqda.

    Shuningdek, turizmni rivojlantirishga hissa qoʻshishi maqsadida Samarqand viloyatida qadimiy ipak qogʻozi xomashyo zaxirasini shakllantirish uchun Imom al-Buxoriy majmuasi hududida 64 gektar yer maydonida tut plantatsiyasi va Samarqand ipak qogʻozini ishlab chiqarish boʻyicha “Ipakchilik shaharchasi” turistik majmuasi tashkil etiladi.

    Barcha sohada boʻlgani kabi turizm sohasida ham kadrlar tayyorlash dolzarb jarayonlardan biri hisoblanadi. Soha uchun malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlanishi kelajakda uning rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Shu maqsadda 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Buxoro va Termiz davlat universitetlarida “ziyorat turizmi”, “transport logistikasi” va “ijodiy sanoat” magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlanadi.

    Ziyorat turizmini rivojlantirish, ushbu yoʻnalishda toʻgʻri targʻibotni yoʻlga qoʻyish va belgilangan topshiriqlarning ijrosini taʼminlash maqsadida Turizm qoʻmitasi raisining ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha rais oʻrinbosari lavozimi va 9 shtat birligidan iborat ziyorat turizmini rivojlantirish departamenti tashkil etiladi.

    Turizm sohasida turistik obyektlarni namoyish qilish, reklama qilish muhim ekanligini inobatga olib, Respublikaning turizm obyektlarini keng targʻib qilishga qaratilgan axborot maʼnaviyat va maʼrifat masalalariga doir axborotga tenglashtirildi. Endilikda buyuk alloma va ulamolarning bebaho merosini keng koʻlamda ommalashtirish va targʻib qilish maqsadida indonez, bengal, malay, turk, arab, hind, urdu va pushtu tillarida “Imom Buxoriy” ziyorat turizmi yoʻldosh telekanalini tashkil etish konsepsiyasi ishlab chiqiladi va xorijiy mamlakatlarda telekanal muxbirlarining faoliyat olib borishlari yoʻlga qoʻyiladi. Shu bilan birgalikda, ichki turizmni ommalashtirish maqsadida “Ichki turizm oyligi”, “Ichki turizm haftaligi”, “Ichki turizm kunlari” tashkil etiladi. Joriy yil may oyida “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” doirasida “Milliy ohanglar” festivali, Mir Arab madrasasi bitiruvchilari forumi va “Milliy liboslar koʻrgazmasi” yosh dizaynerlar festivali oʻtkaziladi. Shuningdek, mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida:

    2021-yil 1-martdan boshlab 5 ta mamlakat – Ummon, Bahrayn, Qatar, Quvayt davlatlari va Xitoy Xalq Respublikasi (shu jumladan Gonkong va Makao maxsus hududlari) fuqarolari uchun 10 kunlik vizasiz rejim (oʻz yoki uchinchi mamlakatga uchish aviachiptasini taqdim qilish sharti bilan) joriy etildi;

    Imom Moturidiy yodgorlik majmuasini ziyorat markaziga aylantirish hamda atrofidagi 8 nafar buyuk ulamolarning qabrlarini tiklash va obodonlashtirish ishlari konsepsiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi;

    Samarqand shahrida islom dini namoyandalari merosi va moddiy madaniy meros obyektlarini aks ettiruvchi tematik xiyobon yaratiladi;

    Buxoro shahrida islom dini tarixi va musulmon olamida mashhur boʻlgan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumot beruvchi innovatsion muzey qurish va uni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi;

    ziyoratgohlar, ulamolar va ularning ilmiy merosi haqida ilmiy asoslangan maʼlumotlarni shakllantirish hamda ziyorat turizm salohiyatini toʻliq oʻrganish va maʼlumotlarni tizimlashtirish maqsadida xalqaro tadbirlar tashkil etiladi;

    “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi”, Mir Arab madrasasi tashkil etilganligining 500-yilligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya, Toshkent shahrida “Imom Moturidiy ilmiy merosining zamonaviy tadqiqotlari”, Samarqand shahrida “Imom Buxoriy” nomidagi xalqaro hadisshunoslik anjumanlari, Buxoro shahrida “Ibn Sinoning hayoti va «Tib qonunlari” ilmiy merosining tadqiqotlari» mavzusida ilmiy-amaliy anjuman, Qarshi shahrida “Abu Muin Nasafiy” Markaziy Osiyo ulamolari anjumani va bir qator tadbirlar tashkil etiladi.

    Prezident Farmoni asosida amalga oshirish koʻzda tutilayotgan bu katta hajmdagi tadbirlar mamlakatimizda nafaqat turizmning rivojlanishi va iqtisodiyotning oʻsishiga, balki buyuk ajdodlarimiz bizga meros qilib qoldirgan bebaho moddiy-maʼnaviy boyligimizning dunyo hamjamiyati oldida namoyish etilishiga ham keng imkoniyatlar yaratadi.

    Alisher ESHTAYEV

    Turizmni

    rivojlantirish davlat qoʻmitasi

    boshqarma boshligʻi,

    iqtisodiyot fanlari doktori