Turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlarining tashabbusiga koʻra, respublikadagi 315 ta joylashtirish vositasida xizmatlar uchun - 50 foizgacha, 90 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasida esa xizmatlar uchun 60 foizgacha ixtiyoriy chegirmalar eʼlon qilindi.
Jumladan, yaqinlashib kelayotgan “Yangi yil” bayramini munosib oʻtkazish hamda ichki turizmni yana-da rivojlantirish maqsadida “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan 2021-yil 1-3-yanvar kunlari bayramni nishonlash davrida aviakompaniyaning barcha mahalliy qatnovlariga quyidagi chegirmalar joriy etildi:
- individual yoʻlovchilar uchun – 30 foiz;
- turistik guruhlar (5 va undan ortiq kishi), maktab oʻquvchilari, kollej oʻquvchilari, litseylar, oliy oʻquv yurtlari, IIV, MV, DXX, DSQ, OʻzR DBQ va boshqa idoralarning maxsus oʻquv yurtlari talabalari va tinglovchilari uchun – 40 foiz;
- oila (2 va undan ortiq kishi, yaʼni: er va xotin, er va xotin va ularning 18 yoshgacha boʻlgan bolalari, 18 yoshgacha bolasi boʻlgan ota yoki 18 yoshgacha bolasi boʻlgan onalar) uchun – 50 foiz;
- nafaqaxoʻrlar uchun – 50 foiz;
- nogironligi boʻlgan kishilar uchun – 50 foiz.
Oʻzbekistonda ichki turizmga ruxsat berilgani munosabati bilan mamlakatimiz fuqarolarining dam olishini mazmunli tashkil etishda ularning salomatligi va xavfsizligi taʼminlanib, sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilinadi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.