Turizm va sport vazirligi: eng koʻp piyoda yurgan fuqarolarga pul toʻlash davom etadi

    Sport 19 Sentabr 2021 1181

    Bu borada Turizm va sport vazirligi “Sogʻlom turmush tarzi” platformasi faoliyati toʻxtalganiga oid xabarlar asossiz ekanligi boʻyicha quyidagi mazmunda rasmiy munosabat eʼlon qilgan.

    Turizm va sport vazirligining sport yoʻnalishidagi saytida 1hls.uz mobil ilovasi foydalanuvchilariga pul toʻlash VAQTINCHA toʻxtatilgani haqida xabar berildi, biroq axborot xizmati xodimi maqolada asossiz va tasdiqlanmagan maʼlumot bergani bois aholi orasida bu borada tushunmovchilik paydo boʻlgan.

    Taʼkidlash joizki, “Sogʻlom turmush tarzi” platformasi 1hls.uz veb-sahifasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 6099-sonli farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining “Sogʻlom turmush tarzi” platformasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 253-sonli qaroriga muvofiq yoʻlga qoʻyilgan.

    Mazkur platforma boʻyicha joriy yil 10-iyundan 13-sentyabrga qadar bir sutka davomida oʻn ming va undan ortiq qadam yurgan 18 yosh va undan yuqori yoshdagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining platformadagi elektron hamyoniga jami 9,4 milliard soʻm mablagʻlar toʻlab berildi.

    Shu bilan birga, har oyda har bir tuman (shahar) boʻyicha eng koʻp piyoda yurgan shaxsga — 300 ming soʻmdan, har bir hudud boʻyicha eng koʻp piyoda yurgan shaxsga — 500 ming soʻm, respublika boʻyicha eng koʻp piyoda yurgan shaxsga qoʻshimcha ravishda 1 million soʻm mablagʻ foydalanuvchilarning elektron hamyoniga oʻtkazib berildi. Joriy yilning iyun-avgust oylari davomida esa jami 206,7 million soʻm mablagʻ foydalanuvchilar elektron hamyoniga oʻtkazib berildi.

    Hozirgi pandemiya davrida aholi orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish hamda unga rioya qilish juda muhim. Platformaga oid xabarning OAV va aholi orasida bu qadar keng tarqalishi unga boʻlgan qiziqishning yuqori ekanini va platforma yaratish qarori qanchalik toʻgʻri boʻlganini yana bir bor tasdiqlaydi.

    Shunday ekan, Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati mazkur xabarni yetkazishda xatolikka yoʻl qoʻygani uchun uzr soʻragan holda, “Sogʻlom turmush tarzi” platformasi ishlashda davom etishini maʼlum qiladi. OAV vakillari va aholini chalgʻituvchi xabar bergan xodimga esa tegishli ogohlantirish berilganini maʼlum qiladi.

    Shu oʻrinda, OAV vakillaridan har qanday xabarni yetkazishda, unga sarlavha qoʻyishda toʻgʻri yondashishni, aholini notoʻgʻri maʼlumotlar bilan chalgʻitmaslikni soʻraladi.