Turli mafkura va yangi gʻoyalar raqobati

    Fikr 20 Sentabr 2024 273

    Oʻz saylovoldi dasturlarini ishlab chiqish va keng jamoatchilik eʼtiboriga havola qilish saylov kampaniyasi davomida siyosiy partiyalar faoliyatining eng muhim jihatlaridan biridir. Puxta ishlangan saylovoldi dasturi va pragmatik siyosiy platformasiga ega boʻlmagan siyosiy partiya yoki nomzodlari saylovlarda aholining qoʻllab-quvvatloviga erisholmaydi.

    Shu nuqtayi nazardan joriy yil 27-oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatligiga boʻlib oʻtadigan saylovlarda ishtirok etishga qaror qilgan siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturi koʻpchilikda qiziqish uygʻotishi tushunarli holdir.

    Mazkur saylovoldi dasturlarining mafkuraviy va gʻoyaviy mazmuni, maqsad va vazifalarining qiyosiy tahlili ularning umumiy ahamiyatga ega mushtarak jihatlarini, shuningdek, har bir partiyaning oʻziga xos mafkuraviy-gʻoyaviy qarashlarini ajratib koʻrsatish imkonini beradi.

    Siyosiy partiyalar tomonidan eʼlon qilingan saylovoldi dasturlarining mafkuraviy asosida liberal demokratik gʻoyalar (Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi – OʻzLiDeP), konservativ gʻoyalar (“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi), sotsial-demokratik gʻoyalar (Xalq demokratik va “Adolat” sotsial-demokratik partiyalari) hamda ekologizm (Ekologiya partiyasi) mafkuralarining ustuvorligini koʻrish mumkin.

    Liberal-demokratik va konservativ gʻoyalar

    Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining saylovoldi dasturida liberal-demokratik xususiyatga molik, mamlakatimizni tenglar ichra teng, qudratli, erkin va farovon davlatga aylantirish gʻoyasi markaziy nuqta hisoblanadi. Partiya bu gʻoya atrofida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida qisqa vaqtda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, ehtiyojmandlarga koʻmaklashish, ochiqlik siyosati yuritish, mamlakat iqtisodiyoti va xalqaro nufuzini oshirish boʻyicha tarixiy islohotlar amalga oshirilganini eʼtirof etgani holda bu boradagi ishlarni izchil va qatʼiy davom ettirish jonajon mamlakatimizni yuksaltirishning yagona toʻgʻri yoʻli, yaʼni inson va manfaatlari ustuvor boʻlgan yangi Oʻzbekistonni barpo etish mafkurasini ilgari suradi. Bu mafkura atrofida jamiyatni birlashtirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini keskin qisqartirish, davlat mulkini xususiylashtirish orqali xususiy sektor ulushini oshirish, monopol sohalarni bozor tamoyillariga oʻtkazish gʻoyalarining ustuvorligi kuzatiladi.

    Oʻz navbatida, iqtisodiyot partiya mafkurasining asosiy ustuvor yoʻnalishi ekani bilan boshqalaridan farq qiladi. Partiya dasturi iqtisodiy oʻsish nuqtalarini kuchaytirish, islohotlar samaradorligini oshirishga olib keladigan, har bir fuqaro manfaati hisobga olingan iqtisodiy siyosatni mafkuraviy taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Bular partiyaning siyosiy maydonda oʻng, oʻng markazligini tasdiqlaydi.

    Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi va “Milliy tiklanish” demokratik partiyalari mafkuralaridagi ayrim oʻxshash jihatlar ularning saylovoldi dasturlarida ham oʻz ifodasini topgan. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining milliy davlatchilikni mustahkamlashga qaratilgan gʻoyalari OʻzLiDeP gʻoyalariga yaqin, lekin qoʻyilgan maqsadga erishish yoʻllari, vositalari, bu yoʻnalishda toʻplangan tajriba, strategik va taktik jihatlarda muayyan farqlar bor.

    Masalan, “Milliy tiklanish” partiyasi oʻz maqsadiga milliy maʼnaviyatni yuksaltirish orqali erishmoqchi boʻlsa, OʻzLiDeP kuchli davlatga tizimli islohotlar orqali erishishni koʻzlaganini taʼkidlaydi.

    OʻzLiDeP masalaga strategik yondashgani holda barcha jarayon oqimi va qamrovi, ichki va tashqi omillar taʼsiri, shuningdek, yaqin, oʻrta, uzoq muddatli istiqbolni belgilovchi strategik rejalarni aniq va tushunarli bayon etgan. Jumladan, partiya yalpi ichki mahsulot qiymatini 2030-yilga borib 160 milliard dollarga, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromadni esa 4 ming dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Shu tariqa Oʻzbekiston dunyoning daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlari qatoriga kirishi uchun asos yaratilishi qayd etiladi.

    Albatta, bunda keyingi yillarda partiyaning mafkuraviy qarashlarida jiddiy oʻzgarishlar yuz bergani, 2019-yilgacha ustuvor boʻlgan va asosan tadbirkorlar manfaatini himoya qilishga qaratilgan mafkuradan aholining keng qatlami manfaatini himoya etish partiyasi sifatida siyosiy maydonda oʻng markazchilik oʻrniga oʻtganining taʼsiri seziladi.

    “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining konservativ gʻoyalari siyosiy spektrda partiyaning “oʻng partiya” sifatida joy egallashini koʻrsatadi. Partiya milliy madaniyatimizni, xalqimizning tarixiy anʼana va qadriyatlarini avaylab asrash va boyitishga, milliy tarbiyani yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratadi. Har qanday sharoitda milliy manfaatlarni murosasiz himoya qilish, koʻp ming yillik milliy-tarixiy tajribaga tayanib ish koʻrish, jamiyatni oʻzga madaniyatlar hisobiga emas, oʻzbek xalqining urf-odat, anʼana va qadriyatlariga asoslanib rivojlantirish, xalqni Oʻzbekiston Respublikasining borligʻi hamda kelajagining tarixiy-siyosiy kafolati, deb bilish, ajdodlarimizning maʼnaviy merosi va eʼtirof etilgan umuminsoniy qadriyatlar negizida milliy tarbiyani yuksaltirish, inklyuziv siyosatga asoslangan holda milliy birlikni mustahkamlash gʻoyalarini ilgari suradi.

    Siyosiy spektrda “oʻng partiya” sifatida, jumladan, davlat tili maqomini kuchaytirish, milliy axborot makoni va taʼlim tizimi imkoniyatlarini toʻla ishga solish, oʻzbek tilidagi maʼlumotlar bazasini kengaytirish, milliy birlikni mustahkamlash, barcha millat va elatlarning tili, urf-odatlari va anʼanalarini hurmat qilish hamda qonun yoʻli bilan himoya qilish gʻoyalari bilan boshqa partiyalardan keskin ajralib turadi.

    Iqtisodiy islohotlar va turmush farovonligini oshirish gʻoyalari

    Iqtisodiy hayotni yuksak rivojlangan darajaga koʻtarish masalasiga partiyalar markaziy nuqta sifatida qaragan. Barcha partiyada islohotlarni chuqurlashtirish, yangi oʻsish nuqtalarini koʻzlashda oʻxshashliklar mavjud. Oʻz navbatida, partiyalarning iqtisodiy qarashlarida konstruktiv raqobatga, bahslar, turli talqinlarga sabab boʻladigan oʻziga xos takliflar bor.

    Masalan, Liberal-demokratik partiyaning iqtisodiy strategiyasi mamlakatimizdagi iqtisodiy siyosatga mosligi, belgilangan vazifalarni amalga oshirish imkoniyatlari aniq hisoblangani bilan boshqa partiyalar dasturidan farq qiladi. OʻzLiDeP iqtisodiy jarayonlarda davlat ishtirokini kamaytirish hamda sodda va adolatli soliq siyosati uchun harakat qilsa, Xalq demokratik partiyasining iqtisodiy mafkurasi soʻl gʻoyalarga tayanadi. XDP ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyotini rivojlantirish, turli sohalar qatorida davlatning ijtimoiy sohani tartibga soluvchi rolini kuchaytirish, narxlar boʻyicha qatʼiy nazorat oʻrnatish, davlat ishtirokidagi qishloq xoʻjaligi tashkilotlari (kolxoz va sovxozlarga oʻxshash) faoliyatini yoʻlga qoʻyish singari vazifalarni muhim, deb hisoblaydi.

    Albatta, bu gʻoyalar oʻz-oʻzidan paydo boʻlgani yoʻq, balki jamiyatimizning muayyan qismida, ayniqsa, katta yoshli aholi orasida shunday kayfiyat mavjud. Partiyaning bunday gʻoyalari aynan oʻsha ijtimoiy qatlamning manfaatlaridan kelib chiqqan holda ilgari surilgan.

    Iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirishga alohida eʼtibor qaratilayotgan hozirgi sharoitda bunday gʻoyalar xususiy mulkdorlar, ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlar va biznes vakillari manfaatiga zid boʻlishi aniq. Lekin ayrim toifa saylovchilar uchun jozibadorligini yoʻqotmagan bunday qarashlarni XDP oʻz saylovoldi dasturida hisobga olishga harakat qilgan.

    “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ham iqtisodiy masalalarga soʻl qarash nuqtayi nazaridan yondashgan. Partiya yaratilgan daromadni adolatli taqsimlash, turli sohalarda davlat nazoratini kuchaytirish lozim, deb hisoblaydi. Partiyaning istirohat bogʻlari, sayilgohlarni xususiylashtirishni taqiqlash, noqulay va samarasiz yerni ishsiz odamlarga boʻlib berish orqali yashil oʻrmonlar barpo etish singari takliflari koʻpchilikka maʼqul kelishi aniq. Lekin bunday oʻziga xos, jozibador vazifalar orqali partiyaning asosiy mafkuraviy maqsadlariga erishish mumkinmi? Albatta, saylovoldi dasturidan joy olgan har bir maqsad, har bir taklif va gʻoya, avvalo, shu nuqtayi nazardan baholansa, maqsadga muvofiq boʻladi.

    Ijtimoiy davlat mafkurasi

    Keyingi yillarda ijtimoiy davlat mafkurasi mamlakatimizdagi barcha siyosiy partiyaning dasturiy hujjatlari, shuningdek, amaliy harakatlarida muhim oʻrin egallamoqda. Buning asosiy sababi mamlakatimizda ijtimoiy davlat gʻoyalariga ustuvor yoʻnalish sifatida qaralayotgani bilan izohlanadi. Bu aholi tomonidan ham maʼqullanayotgani kuzatilmoqda. Chunki davlatimizda inson manfaatlari va qadr-qimmati uchun yuritilayotgan ijtimoiy siyosat ijtimoiy birlik va yaxlitlikni taʼminlab, turli jabhalarni jadal rivojlantirish uchun muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.

    Bu holat ijtimoiy qarashlar, fikrlar va konsepsiyalarning siyosiy partiyalar dasturlarida tizimlashishiga olib keldi. Bugun siyosiy partiyalarning ijtimoiy davlatchilik yoʻnalishida taklif etayotgan mafkura va gʻoyalari tahlili natijasida qator tendensiyalarni aniqlash mumkin.

    Sotsial-demokratik gʻoyalar

    Bu yoʻnalishdagi mafkura va gʻoyalar “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va Xalq demokratik partiyasi dasturlarida nisbatan yaqqol oʻz ifodasini topgan. Maʼlumki, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi mamlakat siyosat maydonida oʻzining maqsad va vazifalari, mafkuraviy qarashlari bilan “soʻl markaz partiyasi” sifatida joy egallaydi.

    Partiya sotsial-demokratik mafkuraning ustuni sifatida mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish davlatning iqtisodiy faoliyati natijasida yuzaga kelgan daromadni adolatli taqsimlashni taʼminlaydigan huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish, har bir jabhada ijtimoiy adolatni qaror toptirish, “Teng imkoniyatlar va adolatli jamiyat sari!” gʻoyasini izchillik bilan joriy etish taklifini ilgari suradi.

    “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi dasturida soʻz va matbuot erkinligi, axborot olish va tarqatish huquqini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan OAV mustaqilligini taʼminlash, jurnalist va blogerlar erkin faoliyat yuritishi uchun shart-sharoitlarni yanada kengaytirish, sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirib borishni muhim vazifa deb biladi.

    Jurnalist va blogerlarning qonun doirasidagi faoliyatiga biror-bir mansabdor shaxs aralashishi yoki ularga bosim oʻtkazishiga mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmasligi gʻoyalarini ilgari surar ekan, bunday qilmish uchun javobgarlik belgilashni taklif etgan.

    Partiya dasturida soʻz va matbuot erkinligini taʼminlash, axborot olish va tarqatish huquqini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Bu yoʻnalishdagi vazifalar boshqa partiyalar dasturlaridagidan koʻra yaqqolroq ifodasini topgan.

    Shuningdek, partiya tomonidan tashqi siyosatda parlamentlararo hamkorlik va partiyaviy diplomatiya imkoniyatlaridan unumli foydalanish, ilgʻor xorijiy davlatlarning sotsial-demokratik yoʻnalishdagi siyosiy partiyalari bilan faol hamkorlikni kuchaytirish lozimligi taʼkidlangan.

    Xalq demokratik partiyasining asosiy gʻoyalari

    Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi, avvalo, ijtimoiy himoya, ijtimoiy adolat tamoyillarini yuzaga chiqarish orqali Oʻzbekiston – ijtimoiy davlattamoyilini va davlatning tegishli ijtimoiy majburiyatlarini samarali amalga oshirish kabi umummilliy manfaatlar ustuvorligiga asoslangan mafkurani ilgari suradi.

    Partiya har bir inson uchun ijtimoiy tenglik va adolat tamoyillari asosida munosib yashash sharoiti yaratish, ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish, kambagʻallikni qisqartirish, aholini yangi ish oʻrinlari va kafolatli daromad manbai bilan taʼminlash boʻyicha samarali siyosat yuritish gʻoyalarini targʻib qiladi.

    Shuningdek, davlatning iqtisodiyotdagi faol ishtiroki, ijtimoiy neʼmatlarning teng taqsimoti, ishlab chiqarishda umumiy mulk ustuvorligini taʼminlashdan iborat gʻoyalarni ilgari suradi. Shundan kelib chiqib, XDP “soʻl partiya” sifatida yaqqol namoyon boʻladi.

    Xalq demokratik partiyasining davlat boshqaruvi sohasidagi gʻoyalarida ijtimoiy tenglik va xalq hokimiyatchiligiga asoslangan ochiq, shaffof, xalqchil va demokratik davlat boshqaruvi tizimini joriy etish ustuvor ekani koʻrinadi.

    Shu bilan bir qatorda, ushbu partiya faoliyatida ham kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, aholining farovonligini oshirish, ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, yangi ish oʻrinlari va kafolatli daromad manbalarini yaratish, ehtiyojmand aholi qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish singari yoʻnalishlarga katta eʼtibor qaratilgan.

    Partiya qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash asosida fuqarolar huquqlarini himoya qilish boʻyicha sud mexanizmlarining maqbulligini taʼminlash, huquq, majburiyat va imkoniyatlar tengligiga qatʼiy amal qilish gʻoyalarini ilgari surgan. Bu borada keyingi yillarda partiya tomonidan ilgari surilayotgan takliflar, yaʼni sudlovda xalq maslahatchilari oʻrniga hakamlar hayʼati institutini joriy etish, qimmatbaho mulk uchun soliq (hashamat soligʻi) solish singari takliflar katta qiziqish bilan kutib olinayotgani barobarida aholining turli guruhlarida qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻlishi aniq.

    Ekologizm mafkurasi va gʻoyalari

    Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish, ekologik xavfsizlikni saqlash bilan bogʻliq masalalar barcha partiya dasturlaridan atroflicha oʻrin olgan.

    Shu bilan birga, ekologizm gʻoyalari Oʻzbekiston Ekologik partiyasi dasturlari va partiyaviy faoliyatida asosiy oʻrin egallashi tabiiy. Mamlakat siyosiy maydonidan “soʻl” partiya maqomida oʻrin egallagan mazkur partiyaning saylovoldi dasturida hozir nafaqat mamlakatimiz yoki mintaqamiz uchun, balki dunyo miqyosida dolzarb boʻlgan ekologik masalalar tizimli ifodasini topgan.

    Oʻzbekiston Ekologik partiyasi mamlakatning barqaror rivojlanishi yoʻlida bugungi va kelajak avlod uchun qulay atrof-muhit yaratish, xavfsiz va samarali “yashil” iqtisodiyotga oʻtish, inson va tabiat uygʻunligi ustuvor boʻlgan barqaror jamiyat barpo etish gʻoyasini ilgari suradi.

    Partiya oʻz nomiga munosib tarzda mafkuraviy jihatdan boshqa partiyalardan jiddiy farqlanadi. Ilgari surilayotgan qulay atrof-muhitga ega boʻlishdan iborat konstitutsiyaviy huquqlarni roʻyobga chiqarish, ekologik madaniyatni katta kuch, umummilliy harakatga aylantirish, “yashil taraqqiyot”ga, sogʻlom turmush tarziga erishish gʻoyalari keyingi yillarda dunyo boʻylab kengayib borayotgan ekologizm mafkurasi bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, mamlakatimizning milliy manfaatlari bilan uygʻunlikda oʻz ifodasini topgan.

    Jumladan, partiya mintaqadagi barcha mamlakat tomonidan tabiat muhofazasiga doir xalqaro kelishuv-shartnomalar tuzish, xalqaro ekologik meʼyorlarni ishlab chiqish va ularga rioya etilishini hamkorlikda nazorat qilish, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yoʻnalishida ilmiy tadqiqotlar va turli xalqaro anjumanlarni muntazam oʻtkazib borish tarafdori.

    Mintaqada transchegaraviy suv resurslaridan foydalanishda davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish orqali suv resurslarining adolatli taqsimlanishini taʼminlash, qoʻshni davlatlar bilan energiya zaxiralarini yaratish, favqulodda holatlarda energiya resurslarini oʻzaro almashish tizimini joriy qilish masalalari ham partiyaning saylovoldi dasturida asosiy oʻrin egallaydi.

    Partiyaning bu gʻoyalari Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining ekologiya yoʻnalishidagi ayrim vazifa va takliflari bilan uygʻunligini koʻrish mumkin. Keyingi yillarda mamlakatimizda ekologiya masalasida konseptual fikr va qarashlar tizimi shakllanib bormoqda. Davlatimiz oldida turgan strategik vazifalarni hal qilish, ekologik xavfsizlikni taʼminlash jabhasida Oʻzbekiston Ekologik partiyasi va OʻzLiDeP oʻrtasida yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilishi mumkin.

    Oʻzbekiston Ekologik partiyasining muhim tashabbuslari sifatida 2030-yilga qadar issiqxona gazi emissiyasini 65 foiz qisqartirish, ekologik monitoring yuritish va atrof-muhitga taʼsirni baholashda sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, energiya balansida qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini kamida ikki barobar oshirish singari vazifalarni koʻrsatish mumkin.

    Siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturidagi mafkura va gʻoyalar tahlili ularning tizimliligi, milliy manfaatlarga mosligi, ilgari surilgan taklif va tashabbuslar jamiyat birligini taʼminlashga qaratilgani nuqtayi nazaridan Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi dasturi alohida ajralib turadi.

    Milliy va tarixiy qadriyatlar, urf-odatlarni avaylab asrash, milliy madaniyatni yuksaltirish, milliy davlatchilikni mustahkamlash, davlat tili maqomini kuchaytirishga oid yoʻnalishlarda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi gʻoyalari alohida ustunlikka ega.

    Xalq demokratik partiyasi va “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining ijtimoiy-siyosiy hayot, iqtisodiyotda davlatning faol ishtirokini saqlab qolish va kuchaytirish, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish singari gʻoyalari aholining muayyan qismi uchun jozibadorligini saqlab kelmoqda.

    Atrof-muhitni avaylab asrash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish sohasidagi ekologik muammolar barcha uchun tushunarli va muhim. Bu Oʻzbekiston Ekologik partiyasining oʻz saylovchilari safini kengaytirish, saylovlarda samarali qatnashish uchun yaxshi imkoniyatlarga ega ekanini koʻrsatadi.

    Barcha partiyaning saylovoldi dasturida oldingi dasturlardan keskin farq qiladigan jihatlar yaqqol koʻrinadi. Chunki keyingi yillarda jamiyatda koʻppartiyaviylik tizimi sezilarli darajada rivojlangani, siyosiy maydonda fikrlar, gʻoyalar xilma-xilligi kuchaygani partiyalar faoliyatida sifat oʻzgarishlari roʻy berishiga olib keldi.

    Bunday oʻzgarishlarning partiyalar tomonidan hisobga olinishi va saylovoldi dasturlarida aks etishi ijobiy holat oʻlaroq saylovlarning partiyalar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitida, turli mafkuraviy qarashlar va gʻoyalar kurashi asosida oʻtishiga xizmat qiladi.


    Sayfiddin JOʻRAYEV,

    siyosatshunoslik fanlari doktori, professor


    Maqola “YangiOʻzbekiston“ gazetasining 192-sonida (2024-yil 20-sentyabr) chopetilgan.